27 aprel kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov bilan Sharjah Meros instituti arxeologiya boshqarmasi vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Sharjah Meros instituti vakillari Isa Yusuf, Said Al-Naqbiy, Adil Alhosaniy, Mustafo Tetanjiy va Sergey Laptev hamda Milliy markaz direktori o‘rinbosari D.Muratova, Markaz direktorining matbuot kotibi G‘.Mirzaev, Direktor yordamchisi O.Ahmadov, xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i I.Abjumajidov ishtirok etdi.
A.Saidov mehmonlarni tashrifi bilan qutlar ekan, Sharjah Meros instituti bugungi kunda dunyo madaniy merosiga o‘z munosib hissasini qo‘shib kelayotganini yuqori baholadi. Muloqot davomida joriy yil oktyabr oyida Samarqand shahrida Sharjah Meros instituti arxeologiya boshqarmasi ko‘rgazmasini o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy masalalar yuzasidan o‘zaro maslahatlashildi.
Mehmonlar samimiy qabul uchun minnatdorchilik bildirdilar. I.Yusuf so‘zlariga ko‘ra, Sharjah Meros instituti arxeologiya boshqarmasi bugungi kunga qadar turli mintaqalarda ko‘rgazmalarini namoyish etgan. Endilikda bu borada Markaziy Osiyo mintaqasi rejaga kiritilgan.
Joriy yil oktyabr oyida o‘tadigan dastlabki ko‘rgazma uchun aynan Samarqand shahri tanlangan. O‘z navbatida, yurtimizning Buxoro, Xiva kabi boshqa tarixiy shaharlarida ham shunday ko‘rgazmalar o‘tkazish mo‘ljallanmoqda.
Bo‘lajak ko‘rgazmada ishtirok etish uchun Sharjah Meros instituti rahbari Shayx doktor Sulton Bin Muhammad al-Qosimiyning O‘zbekistonga tashrif buyurishi kutilmoqda. Shu munosabat bilan mehmonlar ko‘rgazmani o‘tkazish bilan bog‘liq tashkiliy masalalarda amaliy yordam berishni so‘rab murojaat qildilar.
O‘z navbatida, A.Saidov Sharjah Meros instituti arxeologiya boshqarmasining mazkur tashabbusini to‘la qo‘llab-quvvatlashini qayd etdi. Ko‘rgazmani tashkil etish bilan bog‘liq masalalarda ikki tomonning diplomatik kanallari orqali muloqotni yo‘lga qo‘yish yuqori samara berishi ta’kidlandi.
Uchrashuv samimiy va ishchan ruhda o‘tdi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
Matbuot xizmati
- Qo'shildi: 27.04.2023
- Ko'rishlar: 4256
- Chop etish