Fuqarolik jamiyati institutlarining referendumda ishtiroki: xalqaro tajriba va milliy amaliyot

Yangi O‘zbekistonda “Inson, uning huquqlari, erkinliklari, ayniqsa, qadri – eng muhim qadriyat” degan tamoyil asosida mutlaqo yangi milliy huquqiy tizim shakllanmoqda. Binobarin, davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, istiqlol yillarida mamlakatimizda tom ma’nodagi konstitutsiyaviy davlat barpo etildi.

Konstitutsiyaviy davlat deganda:

birinchidan, Konstitutsiyada belgilangan davlat hokimiyati idoralari tuzilgani va faoliyati yo‘lga qo‘yilgani;

ikkinchidan, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari ta’minlanayotgani;

uchinchidan, fuqarolik jamiyati institutlari faoliyati izchil kengayib borayotganini tushunish lozim.

Shiddatli islohotlarning yangi bosqichida – Taraqqiyot strategiyasi doirasida “Inson qadri uchun” tamoyili asosida xalqimiz farovonligini yanada oshirish, tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, inson huquqlari va manfaatlarini so‘zsiz ta’minlash hamda kuchli faol fuqarolik jamiyatini shakllantirishga qaratilgan islohotlar davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilandi.

Shu munosabat bilan milliy qonunchilik va huquqiy amaliyotda “shaxs – jamiyat – davlat” tamoyilini mustahkamlash masalasi kun tartibiga qo‘yildi. Zero, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida yillar davomida amal qilib kelgan “davlat – jamiyat – inson” tamoyili yangi paradigma: “inson – jamiyat – davlat” tamoyiliga o‘zgartirilmoqda.

Konstitutsiyaviy tuzum, siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’naviy sohalarni tubdan rivojlantirish, yangi O‘zbekistonni bunyod etish, erkin va odil fuqarolik jamiyatini shakllantirishga qaratilgan o‘zaro chambarchas bog‘liq demokratik siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va huquqiy chuqur islohotlarni konstitutsiyaviy ta’minlashga alohida e’tibor berilmoqda. Eng muhimi, ushbu barcha masalalar mamlakat aholisining turli qatlamlari vakillari –fuqarolik jamiyati institutlari faollari tomonidan ko‘tarildi.

Referendumga sanoqli kunlar qolgan hozirgi vaqtda ham fuqarolik jamiyati institutlari, ayniqsa siyosiy partiyalar, mahallalar hamda ilmiy-tadqiqot institutlarining faolligi yaqqol sezilmoqda. Fuqarolik jamiyati institutlari bir tomondan Konstitutsiyani boyitish maqsadida asoslantirilgan jamoaviy takliflarni berishda jonbozlik ko‘rsatayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan xalqimiz orasida konstitutsiyaviy islohotlarning targ‘ibotida faol ishtirok etmoqda.

Shu o‘rinda “Fuqarolik jamiyati institutlari referendumda qanday ko‘lam va miqyoslarda ishtirok etishi kerak?” degan tabiiy savol tug‘iladi. Bu boradagi xalqaro tajriba tahlili shuni ko‘rsatadiki, BMT va YeXHT kabi xalqaro tashkilotlar doirasida ayni masalaga aloqador yuzdan ziyod rezolyusiya va xalqaro xujjatlar kabul qilingan.

Masalan, BMT doirasida oxirgi 20 yilda davlatlarda konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirishga oid Z ta yo‘riqnoma qabul qilingan. Ushbu hujjatlarda fuqarolik jamiyati institutlarining referendumlardagi ishtiroki asosan 8 ta yo‘nalishda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

Mazkur yo‘nalishlarning mazmun-mohiyatiga birma-bir va muxtasar to‘xtalamiz. Shuning barobarida, mamlakatimizdagi fuqarolik jamiyati institutlari ayni vaqtda tegishli yo‘nalish bo‘yicha qanday amaliy natijalarga erishgani haqida ham so‘z yuritamiz.

Birinchi yo‘nalish – referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonlarida ochiqlik va oshkoralik tamoyillarini ta’minlash.

Bunda, avvalo, konstitutsiyaviy islohotlar boshidayoq Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflarni shakllantirish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan tashkil etilgan Konstitutsiyaviy komissiya faoliyatini alohida tilga olish lozim. mazkur Konstitutsiyaviy komissiya tarkibiga barcha hududlardan deputatlar, senatorlar, jamiyatning turli qatlamlari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, yetuk huquqshunos va siyosatshunoslar hamda boshqa ekspertlar kiritilgan bo‘lib, aynan ular ushbu jarayonlarda ochiqlik va oshkoralik tamoyillarini ta’minlashga alohida ahamiyat qaratmoqda.

Ikkinchi yo‘nalish – referendumni o‘tkazishga uslubiy-amaliy ko‘maklashish.

 Fuqarolik jamiyati institutlari vakillari tomonidan o‘tgan davrda bu boradagi milliy va xalkaro tajriba tahlili hamda talqiniga bag‘ishlangan turli adabiyot va qo‘llanmalar tayyorlanib, keng tarqatildi. Milliy va xalqaro forumlar tashkil etildi, xalqaro hamkorlar bilan birgalikda referendum tashkilotchilari va ishtirokchilari uchun o‘quv kurslari, seminar-treninglar tashkillashtirildi.

Jumladan, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Davlat va huquq instituti, Barqaror rivojlanish markazi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birga 193 ta mamlakat Konstitutsiyalari, shuningdek, 500 dan ziyod xalqaro-huquqiy hujjat atroflicha tahlil etildi. Shu asosda “Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar Konstitutsiyalari”, “Jahon Konstitutsiyalari”, “Konstitutsiyaviy islohotlar: dunyo mamlakatlari tajribasi” (5 jildlik) kabi  o‘ndan ziyod asar yaratildi.

Bundan tashqari, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi va islohotlarga oid fikr-mulohazalar, takliflar va tavsiyalar ishlab chiqildi. Referendum tashkilotchilari va ishtirokchilari uchun turkum konferensiyalar, seminarlar, treninglar tashkil etildi. O‘zbekiston va xorijda 70 dan ziyod xalqaro forum o‘tkazildi. Ana shu tadbirlarda mamlakatimizdagi nodavlat notijorat tashkilotlari va akademik hamjamiyatning 5 mingdan ziyod vakili ishtirok etdi.

Uchinchi yo‘nalish – referendumni o‘tkazilishi ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish, monitoring olib borish.

Bugungi kunda nogironligi bor shaxslarning referendumda ishtirokini ta’minlash, shuningdek, gender tenglik va fuqarolarning erkin ovoz berishi uchun zarur sharoitlar yaratilishini monitoring qilishda mamlakatimiz fuqarolik jamiyati institutlari faollik ko‘rsatganini alohida ta’kidlash zarur. Masalan, Ko‘zi ojizlar jamiyati va boshqa shunday jamiyatlar tomonidan referendum o‘tkaziladigan uchastkalarda ushbu aholi qatlamlari uchun yaratilgan sharoit ustidan samarali jamoat nazorati o‘rnatilganiga bevosita guvoh bo‘lmoqdamiz. Yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasi Brayl alifbosida nashr etilganini ham aytib o‘tish joiz.

To‘rtinchi yo‘nalish – referendum o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘yicha volontyorlik harakatini yo‘lga qo‘yish.

Bu o‘rinda fuqarolik jamiyati institutlarining minglab ko‘ngilli vakillari referendum jarayonlarida faol qatnashayotganiga e’tibor qaratish maqsadga muvofiqdir.

Beshinchi yo‘nalish – referendum mavzusini targ‘ib qilish.

Bo‘lajak referendumga qo‘yilgan dolzarb masalaning umume’tirof etilgan xalqaro standartlar va demokratiya tamoyillariga mosligini hamda mamlakat taraqqiyoti va jamiyat demokratlashuviga ijobiy ta’sirini aholiga keng tushuntirib berishda  fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni va ahamiyati beqiyosligini amalda ko‘rib tutibmiz. NNT faollari joylarda shu maqsadda ilmiy-amaliy forumlar tashkil etgani, aholi bilan doimiy muloqot o‘rnatgani, kitoblar va boshqa adabiyotlar, axborot materiallari chop etish va keng tarqatishni yo‘lga qo‘ygani, volontyorlar saytini ochgani, OAV va ijtimoiy tarmoqlarda ayni mavzuni yoritishda faollik ko‘rsatayotgni bu fikrimizni yaqqol tasdiqlaydi.

Masalan, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz, Davlat va huquq instituti, Barqaror rivojlanish markazi va boshqa hamkor tashkilotlar tomonidan birgina aprel oyining o‘zida tegishli mavzuda 2 mingdan ziyod maqola, sharh va boshqa tahliliy materiallar OAV va Internet tarmoqlarida e’lon qilindi.

Oltinchi yo‘nalish – referendumga qo‘yilgan hujjatlarning jamoat ekspertizasini tashkillashtirish va aholiga, keng jamoatchilikka taqdim etish.

Konstitutsiyaviy qonun loyihasi Yangi O‘zbekiston tarixida ilk marotaba fuqarolik jamiyati institutlarining bevosita ishtiroki va tashabbusi asosida gender, bola huquqlari, inson huquqlari, xususan, nogironligi bor shaxslarning qadr-qimmagi, huquq va erkinliklarini himoya qilish, ijtimoiy davlat qurish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va xususiy mulkni himoya qilish kabi kator yo‘nalishlar hamda aksilkorrupsiya va til bo‘yicha ekspertizalardan o‘tkazildi. Jamoatchilik ekspertizalarida 300 dan ziyod NNT ishtirok etdi.

Fuqarolik jamiyati institutlarining takliflari, jumladan, “inson sha’ni va qadrini ulug‘lash”, yangi “inson – jamiyat – davlat” paradigmasini hayotga izchil tatbiq etish, xalqchil, adolatli va ijtimoiy davlat barpo etish, fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni va maqomini konstitutsiyaviy mustahkamlash, bolalar, xotin- qizlar va nogironligi bo‘lgan shaxslar erkinliklari, huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ekologik muammolarni hal etish kabi yo‘nalishlarni qamrab oldi.

Yettinchi yo‘nalish –  referendum masalalari bo‘yicha xalq bilan muloqotlar o‘tkazish.

 Yurtimiz fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokida ayni mavzuda milliy maslahatlashuvlar, jamoatchilik maslahatlashuvlari, xalqaro maslahatlashuvlar tashkil etilldi. Jamoatchilik fikrini o‘rganish maqsadida turli so‘rovnomalar o‘tkazildi.

Sakkizinchi yo‘nalish – jamiyatda huquqiy madaniyatni oshirishga qaratilgan maqsadli chora-tadbirlarni amalga oshirish.

Bu borada ham fuqarolik jamiyati institutlari juda faol ekanini e’tirof etamiz.

Bularning barchasi, o‘z navbatida, bo‘lajak referendumda xalqimiz ovoz beradigan yangi tahrirdagi Konstitutsiyada jamiyatning barcha qatlamlari manfaatlari inobatga olingani, Yangi O‘zbekistonni qurish g‘oyasi atrofida butun jamiyat jipslashgani, Bosh Qomusimiz tom ma’noda xalq Konstitutsiyasi bo‘layotganidan dalolat beradi.

 

Akmal Saidov,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori

"Kuch-adolatda" gazetasi, 2023 yil 28 aprel, 21-22-soni

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi kutubxonasi

Powered by GSpeech