28 aprel kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida shu mavzuda o‘quv mashg‘uloti tashkil etildi. Mazkur sayyor o‘quv mashg‘ulotida Huquqni muhofaza qilish akademiyasining 30 nafar tinglovchisi ishtirok etdi.
Akademiyada prokuratura organlarida rahbarlik lavozimlarini egallash uchun zaxirada turgan kadrlarni kasbiy qayta tayyorlash o‘quv kursi mashg‘ulotlari davom etmoqda. Kurs doirasida tinglovchilarning nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash maqsadida sayyor dars mashg‘ulotlari o‘tkazish belgilangan.
Ushbu mashg‘ulot huquqshunoslarni Milliy markazning yurtimizda inson huquq va erkinliklari, qadr-qimmatini yanada oshirish va himoya qilish borasida olib borayotgan faoliyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida tashkil etildi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yangi tahririni qabul qilish bo‘yicha o‘tkaziladigan referendum to‘g‘risida batafsil axborot berish ham nazarda tutildi.
Mashg‘ulot davomida yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasida inson huquq va erkinliklarini ta’minlash – davlatning oliy majburiyati etib belgilanayotgani qayd etildi. Shu munosabat bilan insonning shaxsiy huquqlari va erkinliklari kafolati eng ilg‘or xalqaro standartlarga muvofiq kuchaytirilmoqda.
Sayyor o‘quv mashg‘uloti jarayonida Milliy markaz faoliyatining tashkil etilishi bilan bog‘liq muhim ma’lumotlar taqdim etildi. Markazning asosiy faoliyat yo‘nalishlari, milliy ma’ruzalarni tayyorlash mexanizmlari, xorijiy ekspertlarning inson huquqlarini ta’minlashga doir tavsiyalari, inson huquqlarini himoya qilish borasida Milliy markaz bilan prokuratura organlarining hamkorligi xususida atroflicha so‘z yuritildi.
Mashg‘ulot doirasida Akademiya tinglovchilari O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlari va ularning qay tartibda bajarilishi borasida Milliy markazning xalqaro tashkilotlar, davlat organlari hamda boshqa idoralar bilan o‘zaro hamkorligi, milliy ma’ruzalar tayyorlash bo‘yicha asosiy vazifalari, inson huquqlarini takomillashtirish borasida olib borilayotgan ilmiy tadqiqot ishlari haqidagi ma’lumotlar bilan tanishdilar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 7 fevraldagi qarori asosida tasdiqlangan Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturi mazmun-mohiyati va ahamiyati yuzasidan ham batafsil axborot ulashildi.
Tinglovchilar tomonidan berilgan barcha savollarga to‘liq javob qaytarildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 28.04.2023
- Ko'rishlar: 4382
- Chop etish