Milliy markaz ilmiy tadqiqotchilarining hisobotlari muhokama qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2022 yil 20 dekabrda Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga taqdim etgan Murojaatnomasida “Ta’lim sifatini oshirish – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona to‘g‘ri yo‘lidir” degan g‘oya ilgari surildi. Shu tashabbus asosida 28 aprel kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida doktorant, tayanch doktorant va mustaqil izlanuvchilar hamda ularning ilmiy rahbarlari ishtirokida ilmiy seminar o‘tkazildi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori akademik Akmal Saidov Milliy markaz ilmiy tadqiqotchilarining ilmiy faoliyati natijalari bilan tanishar ekan, 30 aprel kuni o‘tkaziladigan referendum va Konstitutsiyaga kiritilayotgan yangi o‘zgarishlarning tadqiqot ishlariga chambarchas bog‘liq jihatlari xususida to‘xtaldi.

Tadbir davomida Milliy markaz doktorant, tayanch doktorant va mustaqil izlanuvchilarining 2023 yil I choragida amalga oshirgan ishlari muhokama qilindi. Shu negizda bir qator muhim vazifalar belgilab olindi. Bu o‘rinda, xususan:

  • ilmiy tadqiqot doirasida maqolalar, tezislar yozish mahoratini oshirish bo‘yicha seminar-treninglarda ishtirok etish;
  • Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 75 yilligi tadbirlarida faol qatnashish;
  • yosh tadqiqotchilarning shu muhim sanaga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy konferensiyasini tashkil qilish;
  • ixtisoslik hamda chet tili bo‘yicha malakaviy imtihonlarni topshirish;
  • dissertatsiya himoyasini belgilangan muddatdan kechiktirmasdan amalga oshirish;
  • Milliy markaz huzurida tashkil etilgan Inson huquqlari bo‘yicha axborot-kutubxona markazi — «Inson huquqlari uyi» fondidagi ma’lumotlardan keng foydalanish masalalari haqida so‘z bordi.

Ma’lumot uchun: Bugungi kunda Milliy markaz huzuridagi oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutida 14 nafar mustaqil tadqiqotchi va 7 nafar doktorant tahsil olmoqda.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech