KONSTITUTSIYAVIY ISLOHOTLARDA inson huquq va erkinliklari paradigmasi

Islohotlar har qanday mamlakatda jamiyatdagi muammolarni yechishga xizmat qiladi, xalq hayoti yaxshilanishiga omil bo‘ladi, shu bois, rivojlanishning ijobiy jarayoni sifatida baholanadi.

Huquqiy, demokratik davlat qurishga azmu shijoat qilgan el borki, avvalo, farovonlik yo‘lidagi islohotlarni o‘z Konstitutsiyasida aks ettirishga harakat qiladi. Agar biz bundan 30 yil oldin, mustaqilligimiz boshida Konstitutsiyamizga milliy davlatchilik prinsiplarini, ijtimoiy munosabatlarni “davlat — jamiyat — inson” g‘oyasi orqali singdirgan bo‘lsak, endi erkin taraqqiyotimizning 30 yillik tajribasidan kelib chiqib, “inson — jamiyat — davlat” tamoyilidan, ya’ni inson huquq va erkinliklarini ta’minlashning yangi paradigmasidan foydalanyapmiz. Bunda inson qadr-qimmati, uning huquq va erkinliklari barcha qadriyatlardan ustun ekani va fuqarolarga e’tibor islohotlar markazida turganini ko‘ramiz.

Kuni kecha bo‘lib o‘tgan referendumda xalqimiz alohida faollik, katta ishonch bilan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizni qo‘llab-quvvatlab ovoz berdi. Bu shunchaki oddiy jarayon yoki tabiiy hodisa emas. Buning zamirida katta hayotiy haqiqatlar, xalqimiz orzu qilgan yangi hayotni qurish maqsadi mujassam.

Konstitutsiyamizning yangi tahririda inson huquqlari sohasida imperativ normalar emas, balki ko‘plab aniqlashtirilgan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi normalarni ko‘ramiz. Bunday yondashuv rivojlanish strategiyamizning, yangilanayotgan O‘zbekistonning islohotlar ko‘lami va talabidan kelib chiqqani ham bor gap. Ma’lumki, O‘zbekiston ijtimoiy rivojlanishning shunday yo‘lini tanladiki, uning pirovard maqsadi  dunyoning rivojlangan 50 talik davlati qatoridan joy olishdir.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 65 ta moddasiga o‘zgarish va qo‘shimchalar kiritildi, ulardan 16 tasi insonning ajralmas huquq va erkinliklarini kafolatlashga qaratilgan.

Xususan, 54-moddada ilk bor “Insonning huquq va erkinliklarini ta’minlash davlatning oliy maqsadi” ekani belgilandi. 56-moddaga ko‘ra esa “Davlat inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar faoliyatini tashkil etish uchun sharoitlar yaratadi”. Shuning barobarida, inson huquq va erkinliklarini ta’minlashda huquqiy normalarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishi mumkinligi bizning huquqiy amaliyotimizda mutlaq yangi voqelikdir.

Konstitutsiyaning ikkinchi bo‘limi inson va fuqaroning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlariga bag‘ishlangan bo‘lib, unda biz 25 yangi g‘oya bilan yo‘g‘rilgan novellalarni hisobladik. Ularda inson huquq va erkinliklari mohiyatan chuqurroq berilib, inson huquqlarini kafolatlash mexanizmi, mutlaqo yangi masala va yo‘nalishlar aks etgan.

Masalan, 25-moddada “O‘zbekiston Respublikasida o‘lim jazosi taqiqlanadi”, deyilgan. O‘zbekistonda o‘lim jazosi 2008 yilda bekor bo‘lgan edi, deyish mumkin. To‘g‘ri, lekin endilikda o‘limning jazo turi sirasidan chiqarib tashlanishi jinoyat qonunchiligida insonparvarlik va liberallashuv tendensiyalari ortga qaytmasligini, shuningdek, O‘zbekiston davlatining inson huquqlariga huquqiy jihatdan ham hurmat bilan qarashini konstitutsiyaviy darajada yana bir bor tasdiqlaydi.

Ayni paytda Konstitutsiyaning 19-moddasiga yangi xatboshi kiritilib, unga ko‘ra, “O‘zbekiston Respublikasida insonning huquq va erkinliklari xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalariga binoan hamda ushbu Konstitutsiyaga muvofiq  e’tirof etiladi va kafolatlanadi”, deb muhrlandi. Bu O‘zbekistonning inson huquqlari bo‘yicha xalqaro universal hujjatlar me’yorlariga amal qilish yo‘lida sobitqadamligini, davlat organlari va mansabdor shaxslar qarorlar qabul qilishda xalqaro hujjatlarga rioya qilishini, sud-tergov organlari amaliyotida xalqaro andozalarga muvofiq faoliyat olib borishini anglatadi.

Xuddi shu kabi 20-moddaga mutlaqo yangi 3 novella kiritildi. Birinchisi, “Insonning huquq va erkinliklari bevosita amal qiladi. Insonning huquq va erkinliklari qonunlarning, davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ularning mansabdor shaxslari faoliyatining mohiyati va mazmunini belgilaydi”. Ya’ni inson davlat va jamiyat faoliyati markazida turishi, ularning faoliyati to‘la-to‘kis inson huquq va erkinliklarini ta’minlashga qaratilgan bo‘lishi lozimligi mustahkamlanmoqda. Ikkinchisi, “Davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli bo‘lishi kerak”. Bu norma nazariy jihatdan ham adolat mezonlarini barqarorlashtirishga xizmat qiladi. Uchinchisi, “Inson bilan davlat organlarining o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etiladi”. Protsessual huquqning prinsipial pozitsiyasi bo‘lmish bu norma sud qarorlari va hukmlari chiqarilayotganda to‘g‘ridan-to‘g‘ri Konstitutsiyaga asoslanib qo‘llaniladi.

Konstitutsiyaning mutlaqo yangi jihatlari 23-moddada aks etdi. Unga ko‘ra, endilikda “Davlat xorijda yashayotgan vatandoshlar bilan aloqalarni saqlab qolish hamda rivojlantirish to‘g‘risida xalqaro huquq normalariga muvofiq g‘amxo‘rlik qiladi”. Bunday yo‘nalishdagi siyosat o‘tgan yillar davomida yaxshi samara berdi. Jumladan, Suriya va qurolli to‘qnashuvlar bo‘lib turgan chet eldagi boshqa hududlardan yuzlab hamyurtimiz, asosan, ayollar va bolalar “Mehr” insonparvarlik operatsiyalari doirasida yurtimizga qaytarib olib kelindi.

Asosiy qonunimizdagi yangi jihatlardan biri 33-moddada aks etgan. Ya’ni “Davlat Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanishni ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratadi”.

Darhaqiqat, bugun internet insonlarning kundalik ehtiyojiga aylandi va u har birimizni butun dunyodagi jarayonlardan boxabar qilishda yetakchi o‘rin tutmoqda. Bunday zamonaviy pragmatik yondashuv inson tafakkuri kengayishiga, pirovardida, insoniy resurs salohiyati ko‘tarilishiga xizmat qiladi. Bugun dunyoda axborot bilan to‘yingan jamiyat yetakchilik qilmoqda. Shu bois, 33-moddaning ahamiyatini anglash qiyin emas.

Konstitutsiyadagi mutlaqo yangi normalardan yana biri — 37-modda. Unda ilk bor “O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari davlat xizmatiga kirishda teng huquqqa egadirlar”, deb siyosiy huquqlarimizning eng muhimi aks ettirilgan. Bu davlat xizmatchisi bo‘lishda barchaga teng imkoniyatlardan foydalanish huquqini beradi. Shubhasiz, yagona istisno professional talablar bo‘lishi mumkin va bu diskriminatsiya deb qaralmasligi lozim.

Xalqimiz kuni kecha referendum orqali qabul qilgan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz jamiyatimizning bugungi holatini aks ettiradi va u kelajakka yo‘naltirilgani bilan ham tarixiy ahamiyat kasb etadi.

Lola SAIDOVA,

yuridik fanlar doktori, professor

Powered by GSpeech