Hindistonning yetakchi nashrlaridan biri «The Hindu» gazetasida «O‘zbekistonda inson huquqlari birinchi o‘ringa qo‘yilgan yangi Konstitutsiya bo‘yicha referendum o‘tkazilmoqda» sarlavhali maqola chop etildi.
«Matni qariyb 60 foizga yangilanayotgan Asosiy qonun loyihasi ko‘plab o‘zgarishlar qatorida inson erkinliklari, barqaror ijtimoiy himoya va gender tengligini ta’minlash, o‘lim jazosini bekor qilishni ilgari surgan», deb yozadi gazetaning referendum jarayonini yoritish uchun O‘zbekistonda bo‘lgan maxsus muxbiri Stenli Joni.
Maqolada O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ikkinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumining ochilish marosimidagi nutqidan «Yangi Konstitutsiyamizda O‘zbekiston – suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat ekani alohida belgilanmoqda. Barcha o‘zgartirishlarning tub negiziga «inson huquqlari va erkinliklari ustuvor» degan ezgu g‘oya qo‘yilmoqda», degan so‘zlaridan iqtibos keltirilgan.
Yangi Asosiy qonun o‘tgan yili iqtisodiyoti qariyb 6 foizga o‘sgan mamlakatda sarmoyaviy va ishbilarmonlik muhitini ham yaxshilaydi, deb qayd etgan jurnalist.
Muallif Konstitutsiyaviy komissiya ma’lumotiga tayanib, qonun loyihasini ishlab chiqish jarayonida fuqarolardan 220 mingdan ortiq takliflar kelib tushgan, deb qayd etgan.
«Bu Yangi O‘zbekistonning o‘zgarayotganini ifodalaydi, – dedi mamlakat parlamenti Qonunchilik palatasi qo‘mita raisi Jahongir Shirinov. – Avvallari birinchi o‘rinda davlat turgan bo‘lsa, endi inson manfaatlari ilgari surilmoqda. Bu esa bizning yangi tariximizda chuqur siljishga asos bo‘lmoqda», deb yozadi Stenli Joni.
Hind jurnalisti xalqaro kuzatuvchilar ishtirokida o‘tkaziladigan erkin ovoz berish uchun barcha choralar ko‘rilganini ta’kidlagan. «Qadimiy Buxoro shahridagi davlat universitetida referendum uchastkasi ochilgan. Uchastka komissiyasi a’zolari jurnalistlarga ovoz berish xalqaro kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati vakillari ishtirokida o‘tayotganini bildirdi. Birgina Buxoroning o‘zida 84 ta saylov uchastkasi tuzilgan», deb Buxoro shahridagi referendum jarayonini ta’riflagan muxbir.
Stenli Joni Hindistonning Toshkentdagi elchisi Manish Prabhatdan intervyu olib, diplomatning O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy referendumga oid quyidagi fikrlarini keltirgan: “Yangi Konstitutsiya ko‘p oylar davomida ishlab chiqildi. O‘zbekiston aholisining barcha ehtiyojlari yangi loyihada o‘z ifodasini topishi uchun katta tayyorgarlik ko‘rildi, ko‘plab ommaviy muloqotlar o‘tkazildi. Yangi Konstitutsiya loyihasida inson huquq va erkinliklari kengaytirildi. U O‘zbekistonni yanada ijtimoiy va farovon davlatga aylantirishga, fuqarolarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan».
Muallif maqolani Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti talabasining «Islohotlar o‘zbek xalqining qonuniy huquqlari va ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga xizmat qilmoqda. Mamlakat jadal va izchil o‘zgarmoqda. Men uchun bu juda ham muhim», degan so‘zlari bilan yakunlagan.
O‘zA
- Qo'shildi: 01.05.2023
- Ko'rishlar: 4395
- Chop etish