O‘zbekiston – Markaziy Osiyo durdonasi

"O‘zbekiston: Markaziy Osiyo durdonasi" kitobini Jenevadagi Diplomatik doira prezidenti Robert Blum (Robert Blum) yozgan.

R.Blum – shveysariyalik taniqli jamoat arbobi. U madaniy-insonparvarlik munosabatlari va savdo aloqalarini rivojlantirishga qo‘shgan munosib hissasi uchun bir qator davlatlar, jumladan, AQSh, Italiya, Tunis, Birlashgan Arab amirliklari, Fransiya tomonidan davlat mukofotlari va faxriy unvonlar bilan taqdirlangan.

Kitob Jenevaning uzoq yillardan buyon nomi tildan tushmay kelayotgan nashriyot uylaridan biri hisoblanuvchi «Atar Roto Presse SA» tomonidan  nashr etilgan. Ushbu nashriyot 1896 yildayoq «Société Genevoise d’Edition» nomi bilan tashkil etilgan, 1905 yildan e’tiboran esa kompaniya «Atar» deb atala boshlangan. Bu nom «Ateliers Artistiques» atmasining qisqartma shakli bo‘lib, tez orada Jeneva matbaachiligi sohasida tom ma’nodagi brendga aylandi.

«Atar» faoliyatining ustuvor sohalari atrof-muhitga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, ya’ni ekologiyani asrab-avaylash bo‘yicha chinakam va izchil sa’y-harakatlarni o‘zida qamraydi. Matbaa tizimidagi ishlab chiqarish jarayonining barcha bosqichlari atrof-muhitga qanday ta’sir ko‘rsatishi nuqtai nazaridan baholanadi. Bu o‘rinda qog‘oz o‘lchamlarini maqbullashtirish, sertifikatga ega qog‘ozdan foydalanish qog‘oz va boshqa bosmaxona mahsulotlarini isrof qilish hisobiga yuzaga keladigan chiqindilarni kamaytirish, har qanday chiqindilarni qayta ishlash va ulardan foydali mahsulotlar tayyorlash ishlari haqida so‘z bormoqda.

Shunisi e’tiborga loyiqki, ushbu kitob ekologik jihatdan eng toza qog‘ozda chop etilgan. Bunda matbaa jarayonlari ham qat’iy ravishda ekologiyani asrab-avaylash talablari doirasida amalga oshirilgan.

Kitob 275 betdan iborat bo‘lib, Muqaddima, So‘zboshi, 7 ta bo‘lim, 26 ta bob va Xotima qismlarini o‘zida qamragan.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston xalqi hayotining ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy, madaniy va ma’naviy sohalarida erishilgan tub o‘zgarishlar kitobda rangli-bezakli ko‘rakam sahifalarida mahorat bilan tarannum etilgan.

Kitobdan juda ko‘p fotolavhalar joy olgan. Ularni ayni vaqtda dunyodagi mashhur yangiliklar va moliyaviy axborot agentligi hisoblanuvchi “Reyter”da ishlaydigan taniqli fotograf Per Viro yaqinda O‘zbekistonga safari davrida suratga tushirgan.

R.Blum o‘z kitobida keyingi yillarda Yangi O‘zbekistonning tarraqqiy etishi bilan bog‘liq kuzatuvlari va taassurotlarini qalamga olgan. Kitob mana bu muqaddima bilan boshlanadi: "Janob Prezident, Sizning saylanganingiz munosabati bilan mamlakatingiz qaytadan tug‘ildi go‘yo".

R.Blumning ta’kidlashicha, Sh.M.Mirziyoyev 2017 yilda Prezident etib saylangach, mamlakatda eng ahamiyatli va shiddatli o‘zgarishlar yuz bergan. Aholi, ayniqsa, yoshlar o‘z Vatani, millati va xalqi taqdiriga daxldor keng qamrovli islohotlarda ishtirok etish istagini erkin bildirish hamda mamlakatimiz hayotining barcha sohalaridagi bunyodkorlik jarayonlarida ulkan salohiyatini baralla namoyon etish imkoniyatiga ega bo‘lgan.

Muallif e’tirof etganidek, O‘zbekiston bir necha yildan buyon yorug‘ kelajak sari dadil va ishonchli ilgarilamoqda. Mamlakatda demokratik islohotlar amalga oshirilmoqda, yaqinu uzoqdagi xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik va hamkorlik munosabatlari mustahkamlanmoqda.

R.Blumning ishonchiga ko‘ra, Prezident Sh.M.Mirziyoyevning "Yangi O‘zbekiston"ni barpo etish yo‘lidagi tub islohotlari, hech shubhasiz, O‘zbekistonni demokratik, adolatli, mustaqil, dunyoviy va farovon davlatga aylantiradi.

Kitobda O‘zbekiston xalqi hayotining 3 ta yo‘nalishi – ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy va madaniy-ma’naviy sohalar haqida so‘z yuritilgan. Barcha boblar, rangli rasmlar va ko‘rkam bezaklar O‘zbekiston xalqining donishligi va o‘ziga xos fazilatlari, oddiy odamlarning sha’ni va qadr-qimmati, iqtidori va iste’dodi, bunyodkor mehnat ahlining jasorati va fidoyiligidan so‘zlaydi.

Ijtimoiy-iqtisodiy soha. Kitobxonni O‘zbekiston tarixi bilan muxtasar tanishtirar ekan, R.Blum sho‘rolar zamonini esga oladi, XX asrning ikkinchi yarmida mamlakat hududida yuritilgan nobop paxta siyosati va uning Orol dengiz halokatiga ko‘rsatgan fojeali ta’siri haqida fikr yuritadi.

Muallif xalqimizni: "Buyuk tarixning O‘zbekiston mustaqilligini olib kelgan va shiddatli yangilanishlarga yo‘l ochgan hayotbaxsh shamoliga ko‘ksini tutgan mard insonlar", deya tavsiflagan.

Uning ta’kidlashicha, millatni tushunish uchun avvalo uning qaerdan kelib chiqqani, nimalarni boshidan kechirgani va qanday negizlarda shakllanganidan xabardor bo‘lish darkor. "Har qanday xalqning o‘tmishi daryoga o‘xshaydi, ba’zida toshqin, ba’zida sokin, ba’zan tor daralar oralab o‘tishga majbur bo‘lganida, qaytadan sokinlik kasb etishdan oldin o‘zini har tomonga urganicha ko‘pirib-toshadigan asov daryodir xalq. Geografiya O‘zbekistonga butun Osiyoni Sharqdan G‘arbga va G‘arbdan Sharqqa kesib o‘tgan Buyuk ipak yo‘li chorrahasidan muqim joy berdi, bu buyuk yo‘l bo‘ylab o‘tgan sayyohlar soni esa butun yer yuzida izlari qolgan insonlar soniga deyarli tengdir".

R.Blumning fikricha, Prezident Sh.M.Mirziyoyev yangi va kuchli O‘zbekistonni barpo etar ekan, "Inson, uning qadr-qimmati hamma narsadan ustun" degan hammaga tushunarli va aniq g‘oya asosida ish olib bormoqda. O‘zbekiston Prezidenti ushbu maqsadlarga faqat davlatning yordami bilangina erishish mumkin, deb hisoblaydi. Chunki davlat o‘z fuqarolariga chinakam ijtimoiy adolat va teng huquqlilik asosida munosib yashash shart-sharoitlarini taklif etadi, aholi qatlamlari o‘rtasidagi ijtimoiy farqlarni kamaytirish va ehtiyojmand insonlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan samarali siyosatni amalga oshiradi.

"O‘zbekiston kelajagini bunyod etish yo‘lida Prezident ikkita dasturilamal prinsipga tayanadi: bulardan biri – bozor iqtisodiyoti qonunlariga asoslangan mustahkam iqtisodiyot bo‘lsa, ikkinchisi – xalqning boy tarixiy merosiga, shuningdek, milliy va umumbashariy qadriyatlarga tayangan kuchli ma’naviyatdir", deb ta’kidlaydi muallif.

R.Blum kambag‘allikni qisqartirish, ish haqlarini oshirish, ijtimoiy farqlanishlarni kamaytirish, ehtiyojmand insonlarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, uy-joy yoki tovarlar, bandlik hamda munosib ish sharoitiga oid ijtimoiy minimumlar hajmini belgilashga qaratilgan iqtisodiy siyosatni amalga oshirish, shu bilan birga, sifatli sog‘liqni saqlash tizimini yaratish borasida O‘zbekiston rahbari tomonidan izchil iqtisodiy choralar ko‘rilayotganini yuqori baholaydi.

Siyosiy-huquqiy soha. Kitobda "Yangi O‘zbekiston – xalqchil va insonparvar davlat"ning poydevori Sh.M.Mirziyoyevning Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasidagi yettita ustuvor yo‘nalishda o‘z aksini topgan ilg‘or g‘oya va tamoyillar asosida bunyod etilayotgani ta’kidlangan.

R.Blum davlat rahbarining mamlakatda odil sudlov va qonuniylikni kafolatlash borasidagi qat’iy irodasi alohida qayd etadi. Kitobda ta’kidlanishicha, O‘zbekiston Prezidentining "mamlakatdagi barcha kuchlarni birlashtirish, mustahkamlash va respublikaning qurolli kuchlari qudratini oshirish orqali fuqarolarning xavfsizligini kafolatlash istagi uni dunyoga ochiqlikni ta’minlaydigan pragmatik va muvozanatli tashqi siyosatni ishlab chiqishga undadi".

Muallifning fikricha, Prezidentning tashabbusi bilan amalga oshirilgan institutsonal islohotlar va asos solingan yangi davlat tuzilmalari, o‘z navbatida, barqaror rivojlanish, oila, ayollar, yoshlar huquqlari, gender tenglik, odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurash, shuningdek, O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlariga rioya qilish borasidagi vazifalarning to‘liq bajarilishiga imkon beradi.

R.Blum qayd etganidek, Sh.M.Mirziyoyev konstitutsiyaviy islohotining asosiy bandlaridan biri – xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash va uni muhofaza qilish prinsipini tatbiq etish, shuningdek, xususiy mulk himoyasiga qaratilgan konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarni mustahkamlashdan iboratdir.

Kitob muallif sovet davridan meros qolgan davlat boshqaruvini tubdan o‘zgartirishning o‘ziga xos murakkab tomonlariga e’tiborni qaratadi. Ayni chog‘da, joriy demokratik ma’muriy islohotlar mamlakatdagi barcha davlat organlari, saylov tizimi, fuqarolik jamiyati institutlari, qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyat tizimlariga ta’sir ko‘rsatayotgani bunday murakkabliklarni yengib o‘tish imkonini berishiga ishonch bildiradi.

Madaniy-ma’naviy soha. Muallif nasroniylik dini vakili bo‘lib, O‘zbekistonda amal qilayotgan diniy bag‘rikenglikni e’tirof etadi. Mamlakatda turli dinlar va konfessiyalar vakillari tinch, hamjihat va inoq yashayotganligini ta’kidlaydi.

Kitobda Zomin hududini ham o‘zida qamragan Jizzax vohasi bilan bog‘liq bir necha asrlik tarixga ega qiziq voqea haqida so‘z yuritiladi. Bu hikoyatning mohiyati turli dinlar vakillari – nosarolar, yahudolar va musulmonlar bir zaminda yelkama-yelka bo‘lib, o‘zaro ahillikda yashashi mumkinligidan dalolat beradi. "O‘zbeklar, ruslar, yahudiylar necha yuz yillardan buyon Doniyor payg‘ambar dafn etilgan maqbarani ziyorat qiladilar. Bu zotni musulmonlar – Xoja Doniyor deb, nosarolar va yahudolar esa Daniil nomi bilan yo‘qlaydilar”.

Bundan tashqari kitobda O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatiga alohida bob bag‘ishlangan. Unda dunyo bo‘ylab millionlab sayyohlarni o‘ziga jalb qilayotgan buyuk sivilizatsiyaning taixiy markazlari – Samarqand, Buxoro, Xiva, Qo‘qon shaharlarining boy madaniy merosi tasvirlangan.

 

 

Akmal Saidov,

akademik

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi kutubxonasi

Powered by GSpeech