2023 yil 5 may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Inson huquqlari sohasida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi bo‘yicha Parlament komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda Parlament komissiyasi a’zolari, tegishli vazirlik va idoralar mas’ullari, fuqarolik jamiyati institutlari hamda OAV vakillari ishtirok etdilar.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Parlament komissiyasi raisi A.Saidov yig‘ilishni ochar ekan, inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish mexanizmini yanada takomillashtirish, bu yo‘nalishda parlament, hukumat va fuqarolik jamiyati institutlarining amaliy hamkorligini yo‘lga qo‘yish, inson huquqlari hamda manfaatlarini ta’minlash masalalarga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Ma’lumki, inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan BMT Inson huquqlari kengashining Terrorizmga qarshi kurashda inson huquqlarini rag‘batlantirish va himoya qilish masalalari bo‘yicha Maxsus ma’ruzachisining O‘zbekistonga tashrifi yakunlari yuzasidan tavsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashi va Oliy Majlis Senati Kengashining Qo‘shma qarori va Milliy harakatlar rejasi (“Yo‘l xaritasi”) loyihalari ishlab chiqildi.
Tashrif yakunlari bo‘yicha ishlab chiqilgan Milliy harakatlar rejasini amalga oshirishning ahamiyati shundaki, bu orqali terrorizmga va ekstremizmga qarshi kurashish sohasidagi milliy qonunchilikni xalqaro standartlarga muvofiq takomillashtirish, bu boradagi jinoyatlarni tergov qilishning va mazkur jinoyatlar bo‘yicha sud muhokamasini olib borishning samarali vositalarini qo‘llash, BMTning tegishli xalqaro konvensiyalarini ratifikatsiya qilish va ularni milliy qonunga implementatsiya qilish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha zamonaviy vosita va mexanizmlarni milliy darajada joriy qilishga doir choralarni ko‘rish imkoni yaratiladi.
Komissiya a’zolari “yo‘l xaritasi”da belgilangan vazifalarni mas’ul tashkilotlar bilan birga bosqichma-bosqich amalga oshirish, natijadorlikka erishish va belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha qilinishi lozim bo‘lgan ishlarni atroflicha muhokama qilishdi hamda ahamiyat qaratilishi lozim bo‘lgan jihatlarga alohida e’tibor berishdi.
Shuningdek, komissiya a’zolari O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturining fevral, mart oylaridagi ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha taqdim etilgan ma’lumotlarni muhokama qilishdi.
Ta’kidlanishicha, “Yo‘l xaritasi”da belgilangan 30 bandning 4 tasi bo‘yicha ijro muddati yakunlanib, ishlar to‘liq bajarilgan. 26 ta bandni amalga oshirish bo‘yicha ishlar davom etmoqda.
Komissiya yig‘ilishida Oliy Majlis palatalarining Qo‘shma qaroriga asosan “Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risida”gi xalqaro pakt qoidalarini bajarish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining Uchinchi davriy ma’ruzasini ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha BMTning Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar bo‘yicha qo‘mitasi yakuniy tavsiyalarini amalga oshirish yuzasidan 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Milliy harakatlar rejasining ijrosi to‘g‘risidagi xisoboti tinglandi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligining hisobotida keltirilishicha, 2018-2022 yillar davomida kam ta’minlangan oilalarga davlat tomonidan to‘lanadigan ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordamlarga ajratilgan mablag‘lar 7 barobardan ortiqqa, davlat tibbiy ijtimoiy xizmatlar, ijtimoiy yordam dasturlari va nafaqalarga ajratilgan mablag‘lar 7 barobarga oshirilgan, 2023 yilda ijtimoiy himoya yo‘nalishida 36 trln. so‘m rejalashtirilgan.
Yig‘ilish davomida xotin-qizlarni davlat va diplomatik xizmatga qabul qilishda imtiyozlar joriy etish, bunda, ayniqsa, tushkunlik holatidagi va chetlashtirilgan xotin-qizlarga alohida e’tibor qaratish borasida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi. Agentlik tomonidan mahalliy davlat hokimiyati organlarida faoliyat olib borayotgan xotin-qizlarga yaratilgan shart-sharoitlarni ijtimoiy so‘rovnoma o‘tkazish orqali o‘rganilgan.
Shuningdek, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlar rolini kuchaytirish to‘g‘risidagi rezolyutsiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ijrosi ham komissiya a’zolari o‘rtasida muhokama qilindi.
Parlament komissiyasi yig‘ilishida kun tartibiga kiritilgan mavzular yuzasidan belgilangan “yo‘l xaritalari”dagi muddatlarga alohida ahamiyat berilishi qayd etildi. Bu masalada sustkashlikka yo‘l qo‘ymaslik va ushbu hujjatning ijrosini ta’minlashda kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan tegishli davlat organlari rahbarlarining hisobotlarini bevosita Parlament komissiyasi yig‘ilishida ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq deb topildi.
- Qo'shildi: 08.05.2023
- Ko'rishlar: 4343
- Chop etish