Yangi O‘zbekiston – xorijliklar nigohida

QIYIN DAVRLAR KUCHLI YETAKCHILARNI YUZAGA CHIQARADI

XORIJLIK EKSPERTLAR 9 IYUL KUNIGA BELGILANGAN MUDDATIDAN ILGARI O‘ZBEKISTON PREZIDENTI SAYLOVI HAQIDA

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 8 may kuni mamlakatimizda bo‘lib o‘tgan konstitutsiyaviy referendum yakunlari bo‘yicha Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar, sud va ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari hamda jamoatchilik faollari bilan o‘tkazgan uchrashuvdagi nutqi xalqaro ijtimoiy-siyosiy va ekspert-tahlil doira vakillari o‘rtasida juda katta rezonansga sabab bo‘ldi.
Taniqli xorijlik ekspertlarning aytishicha, muddatidan ilgari Prezident saylovini o‘tkazish yangilangan Konstitutsiya qoidalariga to‘la mos keladi va O‘zbekistondagi keng ko‘lamli islohotlarning mantiqiy davomi hisoblanadi.

Pavel Beyda,

Polsha Seymidagi «Polsha-O‘zbekiston» parlamentlararo guruhi hamraisi:

– O‘zbekistonni yangilangan Konstitutsiyaning qabul qilingani va mamlakat  fuqarolarining mutlaq ko‘pchiligi unga ovoz bergani bilan tabriklayman. Yangi O‘zbekiston yangi Konstitutsiya asosida yashaydi – bu, bir tomondan, ramziy ma’noga ega bo‘lsa, ikkinchi tomondan, mas’uliyatdan ham ko‘proq, chunki Asosiy qonunda juda yuqori me’yorlar belgilangan.

Ushbu yo‘nalishlar ma’lum ma’noda, iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi, logistika, sog‘liqni saqlash, yoshlar ta’lim va tarbiyasi, fan va turizmni rivojlantirish dasturlari oldindan taqdim etilgan va tasdiqlangan. Holbuki, Konstitutsiya ana shu eng muhim yo‘nalishlarni yakuniy hal etish va shu mustahkam asosda mamlakatni rivojlantirishning istiqboldagi maqsad va vazifalarini belgilashga qaratilgan.

Albatta, bugungi kunda O‘zbekistonda, ayniqsa, davlatni ijtimoiylashtirish, yoshlarga oid siyosat, inklyuziv ta’lim, inson huquqlarini hurmat qilish, uning diniy, etnik va ijtimoiy mansubligini ta’minlash borasidagi chuqur o‘zgarishlar yaqqol ko‘zga tashlanadi. Shuningdek, yangilangan Konstitutsiya mamlakatning dunyoviy davlat maqomini kafolatladi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning qonun ustuvorligini ta’minlash uchun mustahkam zamin yaratishdagi rolini ortiqcha baholash shart emas. Yangilangan Konstitutsiyada ham  ushbu qism  o‘zgartirildi, u fuqaro va sud, tergov organlari va prokuratura o‘rtasidagi munosabatlarni o‘z ichiga oldi. «Inson sha’ni va qadr-qimmati yo‘lida» tamoyili Konstitutsiya, qonunlar, davlat idoralari faoliyatida asosiy mezonga aylandi.

Biz Seymimizda yangilangan Konstitutsiyadagi O‘zbekiston parlamenti faoliyatiga har ikki palataga qo‘shimcha vakolatlar berish bilan bog‘liq qator muhim o‘zgarishlarni nazarda tutuvchi yangiliklarni o‘rgandik.

O‘zbekiston Prezidentining 8 may kuni parlament deputatlari, siyosiy partiyalar, sud va ijro hokimiyati organlari vakillari bilan uchrashuvida yangilangan Konstitutsiyani hayotga tatbiq etish, uning ijrosini ta’minlash yuzasidan vazifalar belgilab olindi. Davlat rahbari konstitutsiyaviy normalarga muvofiq muddatdan ilgari Prezident saylovlarini o‘tkazishni e’lon qildi.

Bunda ma’lum bir mantiq ko‘rinadi va bu qadam, birinchi navbatda, zamonaviy dunyoning rivojlangan demokratik davlatlari yashayotgan klassik qonunlarni o‘zida mujassam etgan. Bu davlatingiz rahbarining o‘z mamlakati kelajagi, uning izchil rivojlanishi haqidagi g‘amxo‘rligidan dalolat beradi. Buni O‘zbekiston ichki va tashqi siyosatining eng dolzarb masalalari bo‘yicha yangi munosabatlar, yangi vazifalar, jamiyatda yangi muvozanat, yangi islohotlar, yangi qarorlar yaratish zaruriyatiga asoslangan yuqoridagi dalillar tasdiqlaydi.

Germaniya OAV vakillari «Dunyo» AA uchun  intervyularida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 8 may kuni Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar, sud va ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari hamda jamoatchilik faollari bilan o‘tkazgan muloqoti  haqidagi fikrlari bilan  o‘rtoqlashdilar:

Evald Kyonig,

«Berliner Korrespondentenbüro – International Media Projects» media agentligi ijrochi direktori:

- O‘zbekistonga bir necha bor tashrif buyurgan mutaxassis sifatida ishonch bilan ayta olamanki, mamlakat Prezidentining nutqi juda muhim bo‘lib, ko‘plab qiziqarli fikrlarni o‘z ichiga oldi. Davlatingiz  rahbarining jamiyat, jumladan, yosh avlod ehtiyojlarini qondirish maqsadida mamlakat konstitutsiyaviy tizimiga jiddiy o‘zgartishlar kiritish borasidagi qat’iyati va siyosiy irodasi menda katta taassurot qoldirdi.

Iqtisodiy va ijtimoiy siyosatni takomillashtirish, huquqni muhofaza qilish tizimidagi islohotlarga alohida e’tibor qaratildi. Prezident tadbirkorlikni rivojlantirish, fuqarolarning hayot sifatini yaxshilash uchun shart-sharoit yaratish zarurligiga ishonch bildirdi. Bu mamlakat iqtisodiy barqarorligi va farovonligini mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega.

Bundan tashqari, Prezidentning boshqa davlatlar va mintaqaviy tashkilotlar bilan hamkorlikni mustahkamlash yo‘llarini faol izlashi, xalqaro va mintaqaviy tadbirlarda ishtirok etishi meni hayratda qoldirdi. Bu O‘zbekistonning xalqaro maydonda ishlashga, boshqa davlatlar bilan aloqalarini mustahkamlashga tayyorligini ko‘rsatadi.

Umuman olganda, O‘zbekiston Prezidentining nutqi juda istiqbolli bo‘ldi va muhim g‘oyalarni o‘z ichiga oldi, deb hisoblayman. Umid qilamanki, bu g‘oyalarni hayotga tatbiq etish izchil davom ettirilib, mamlakatingiz fuqarolari manfaatlari yo‘lida xizmat qiladi.

 Muhammad Ismoil Xon,

Hindistonda nashr etiladigan «Political Events» jurnali bosh muharriri:

– 30 aprel kuni bo‘lib o‘tgan konstitutsiyaviy islohot bo‘yicha referendumda qabul qilingan O‘zbekistonning yangilangan Asosiy qonuni davlat tabiatiga jiddiy o‘zgarishlar kiritdi. Ular, xususan, ijtimoiy yo‘nalishdagi dasturlarning moliyalashtirilishini ko‘paytirish, mamlakatni yanada ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlarni faollashtirish, davlat rahbari vakolatlarining bir qismini Oliy Majlisga o‘tkazish, jamoatchilik organlari - mahalla qo‘mitalari vakolatlarini kengaytirishni talab qiladi.

Yangi Konstitutsiyaga ko‘ra, mahallalar aholi ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda samarali ishlarni olib borishi uchun soliq tushumlari va davlatning boshqa daromadlaridan ulush oladi.

Xalq yangi Bosh qomusga muvofiq o‘zini yangi taraqqiyot yo‘liga kirishga safarbar qilayotgani mantiqan to‘g‘ri. Chunki yangi hujjat jamiyatning barcha qatlamlari manfaatlarini inobatga olgan holda «Ijtimoiy davlat» maqomiga erishishni ko‘zda tutadi, qonun ustuvorligini qat’iy tatbiq etadi, iqtisodiyotni yanada jadal rivojlantirish bilan birga inson huquqlari va qadr-qimmatini ta’minlaydi.

Bularning barchasidan kelib chiqib, mamlakatni yangilash jarayonining navbatdagi bosqichini yangi istiqbolli mandat bilan boshlash, Prezidentning O‘zbekistonni taraqqiyot va farovonlikning yangi cho‘qqilariga olib chiqish yo‘lidagi imkoniyatlarini mustahkamlash uchun, yangi Konstitutsiyaga muvofiq, muddatidan ilgari Prezident saylovini o‘tkazishni maqsadga muvofiq, deb hisoblayman.

«Dunyo» AA

 

Powered by GSpeech