Terrorizmga qarshi samarali kurashish sharoitida inson huquqlarini himoya qilish

2023 yilning 11-12 may kunlari Xiva shahrida “Terrorizmga qarshi samarali kurashish sharoitida inson huquqlarini himoya qilish” mavzusidagi amaliy-o‘quv seminari (trening) Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi ekspertlari bilan hamkorlikda tashkil etildi. Mazkur treningda Xorazm viloyatining Prokuratura va Ichki ishlar organlari xodimlari ishtirok etdi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi xodimi milliy trener sifatida qatnashdi.

Treningning birinchi kunida ishtirokchilar Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standardlar, terrorizmga qarshi kurashish siyosatiga inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standardlarni tatbiq etish, inson huquqlarini buzuvchi terrorizmga qarshi kurashish amaliyotlaridan kelib chiqadigan xavf-xatarlar, inson huquqlarining buzilishi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatiga ta’siri, tergov jarayonida ishonch va hurmatni mustahkamlovchi texnikalardan foydalanish bo‘yicha nazariy va amaliy ko‘nikmalar bilan tanishtirildi.

Ta’kidlash kerakki, yuqoridagi masalalar turli sessiyalar doirasida muhokama qilinib, har bir sessiya so‘ngida ishtirokchilar tomonidan tegishli amaliy topshiriqlar (kazuslar) yechildi.

Treningning ikkinchi kuni doirasida qiynoqlar va boshqa g‘ayriinsoniy munosabatlarning ta’siri, stereotiplar va ularning tushunchasi, terrorizmga qarshi kurashish uchun jamoviy yondashuvni oshirish masalalari, bosimlar va ularga munosabatni shakllantirish yuzasidan qizg‘in suhbat olib borildi va xorijiy trenerlar bilan birgalikda nazariy va amaliy bilim-ko‘nikmalar ulashildi.

Shuni ta’kidlab o‘tish joizki, trening davomida ishtirokchilar egallagan bilim va ko‘nikmalar inson huquqlari sohasidagi me’yorlarga rioya qilib, terrorizmga qarshi kurash faoliyatida o‘z vazifalarini samarali bajarishga yordam beradi. Ishtirokchilar inson huquqlari sohasidagi tegishli milliy qonunlar va xalqaro standartlarni o‘zlarining amaliy faoliyati jarayonida yuzaga keladigan vaziyatlarga tatbiq etish va ularga rioya etish muhimligiga alohida e’tibor qaratdilar.

Ishtirokchilarning amaliy misollarni (kazuslarni) ko‘rib chiqish va ular birgalikdagi strategiyalarni yaratish, so‘roq qilish va tergov usullarini ishlab chiqish uchun zarur bo‘lgan vaziyatlarni tahlil qilish jarayonida bahs-munozaralar va tajriba almashish holati bo‘lib o‘tgan treningning eng asosiy yutuqlaridan bo‘ldi.

Ishtirokchilar tomonidan ta’kidlanganidek, mazkur seminar O‘zbekiston Respublikasi huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan o‘zlarining terrorizmga qarshi kurashishdagi qisqa va uzoq muddatli faoliyatlarini muvaffaqiyatli amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech