PRESS-RELIZ

2023 yil 12 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 75 yilligiga bag‘ishlangan Tadbirlar dasturi to‘g‘risida PF-70-son Farmoni imzolandi.

Mazkur farmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 28 fevraldagi PF-27-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 287-bandi, shuningdek 2022 yil 5-6 dekabr kunlari Samarqand shahrida o‘tkazilgan “Inson huquqlari sohasida ta’lim” mavzusida Global forum doirasida ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirish maqsadida qabul qilingan.

Farmon inson huquqlarini himoya qilishning so‘nggi yillarida shakllantirilgan milliy tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgani bilan katta ahamiyatga ega.

Farmon bilan 5 ta ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha 30 ta bandddan iborat Tadbirlar dasturi tasdiqlangan bo‘lib, undan xalqaro shartnomalar ratifikatsiya qilish va ularni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish, normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish, inson huquqlari sohasidagi ta’limni takomillashtirish hamda inson huquqlari bo‘yicha xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar o‘rin olgan.

Dasturda nazarda tutilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida mustahkamlangan huquq va erkinliklarning ta’minlanishi bo‘yicha davlat siyosatini izchil amalga oshirish, shuningdek mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilish va uni targ‘ib qilish, ushbu sohadagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga yordam beradi.

Powered by GSpeech