Barchamizga ma’lumki, ta’lim orqali inson huquqlari sohasida huquqiy ong va madaniyatni yuksaltirmasdan turib inson huquqlarini ta’minlab bo‘lmaydi. Shundan kelib chiqqan holda 2023 yil 7 fevralda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi. Qarorga muvofiq, ikkita muhim hujjat – O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi va ushbu Dasturni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlangan.
2023 yilga O‘zbekistonda “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim” yili deb nom berildi hamda inson huquqlari oliy qadriyat deb e’lon qilindi. So‘nggi yillarda O‘zbekistonda inson huquqlariga katta e’tibor qaratilmoqda hamda bu sohada tizimli islohotlar olib borilmoqda.
2023 yil 30 aprel kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi referendumida umumxalq ovoz berish orqali qabul qilinib, 2023 yil 1 mayda kuchga kirgan O‘zbekistonning yangi tahrirdagi Konstitutsiyasida inson huquqlariga oid normalar soni 3,5 barobarga oshdi. Asosiy qonunimizga “Miranda qoidasi”, “Xabies korpus” instituti kabi yangi himoya vositalari kiritildi. Bularning barchasi inson huquqlari sohasidagi islohotlarning izchilligini, ortga qaytmasligini ko‘rsatadi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 12 maydagi “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 75 yilligini nishonlash to‘g‘risida” PF-70-son Farmonida yosh avlodning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha topshiriqlar berilgan.
Mamlakatimizda inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturida belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlash, xususan, yoshlarning inson huquqlari sohasidagi huquqiy savodxonligini oshirish, jamiyatda inson huquqlari madaniyatini yuksaltirish, o‘quv jarayonini takomillashtirish, ta’lim sifatini oshirish maqsadida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi respublika oliy ta’lim muassasalari bilan samarali hamkorlik qilib kelmoqda.
Jumladan, 2023 yilning 15 may kuni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Yurisprudensiya (Islom huquqi) yo‘nalishi 1-kurs talabalari uchun “Inson huquqlari” fani doirasida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining bosh yuriskonsulti Atovulloev Rustam Ilyos o‘g‘li tomonidan “Huquqshunoslarning inson huquqlari madaniyati va Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining faoliyati” mavzusida ma’ruza-mahorat darsi tashkil etildi. Ma’ruzada inson huquqlari bo‘yicha aholining huquqiy savodxonligini oshirish hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining inson huquqlari sohasida bilim va ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha Milliy markaz tomonidan respublikamizda amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritildi, bo‘lg‘usi huquqshunos talabalarga huquqni qo‘llash amaliyotidan kelib chiqqan holda amaliy bilim va ma’lumotlar berildi. Mahorat darsi davomida professor-o‘qituvchilar va talabalarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 15.05.2023
- Ko'rishlar: 4129
- Chop etish