Yangi O‘zbekiston – xorijliklar nigohida

NUFUZLI TADBIRNING SAMARQANDDA O‘TKAZILAYOTGANI YETTBNING O‘ZBEKISTON IQTISODIYOTIGA ISHONCHIDAN DALOLAT

Samarqand shahrida 16 may kuni ish boshlagan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 32-yillik anjumanida “Dunyo” AA muxbirlari ushbu xalqaro tadbirning ayrim ishtirokchilari bilan suhbatda bo‘ldi.

Nil Ramsden,

Shveysariyaning «Business and Finance Consulting» guruhi rahbari:

- Kompaniyamiz allaqachon O‘zbekiston banklari bilan aloqa o‘rnatgan. Ushbu tadbirda qatnashish vositasida biz o‘zbekistonlik sheriklar bilan ham o‘zaro hamkorlik uchun yangi imkoniyatlarni kashf etmoqchimiz.

Biz, asosan, kichik biznesning umumiy manfaatlariga e’tibor qaratamiz, O‘zbekistonda ham bunga ham katta ahamiyat beriladi.

Shuni alohida ta’kidlashni istardimki, YeTTBning yillik yig‘ilishi Samarqandda o‘tkazilayotgani ushbu xalqaro tuzilmaning O‘zbekiston iqtisodiyoti kelajagiga bo‘lgan ishonchidan dalolat beradi.

Eric Livni,

Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha bosh mutaxassisi:

O‘zbekistonda yo‘lga qo‘ygan turli biznes loyihalarimiz tobora muvaffaqiyat qozonmoqda, sotuvlar  hajmi bo‘yicha  har yili 10-15 foiz o‘sishga erishayotirmiz.

Albatta, bu mamlakatda mavjud bo‘lgan yuqori salohiyatli va mehnatkash ishchi kuchi bilan ham bog‘liqdir. Mintaqa bilan  bog‘liqlikni hisobga olgan holda shuni aytishim mumkinki, O‘zbekiston Markaziy Osiyoning yuragi, tinchlik markazi hisoblanadi.

O‘tgan vaqt davomida juda katta o‘zgarishlarga guvoh bo‘ldik, muammolarimiz o‘z yechimini topmoqda. Ayniqsa, 2017 yildan buyon ijobiy o‘zgarishlar  asosida mamlakat  va  unda  mavjud bo‘lgan  biznes tarmoqlari izchil rivojlanmoqda. O‘zbekistonning dunyoga ochilgani buning asosiy sabablaridan biridir.

Shu tariqa O‘zbekistonda biznes tabiiy rivojlanish yo‘lidan bormoqda.

Gert Albert,

Belgiyadagi “Belfius” bank va sug‘urta kompaniyasining bosh boshqaruvchisi:

— Tadbirda Belgiya ishbilarmon doiralari vakillari uchun O‘zbekistonda biznes yuritish imkoniyatlari, bu borada yurtingizda yaratilgan sharoitlardan samarali foydalanish maqsadida o‘zaro fikr almashyapmiz. Belgiyalik investorlar po‘lat savdosi, texnika ishlab chiqarish kabi qator yo‘nalishlarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yuzasidan jiddiy qiziqish bildirmoqda.

Bu yerdagi taassurotlarim kelgusida O‘zbekiston banklari bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga yo‘l ochadi, deb umid qilaman. Jarayonlarni kuzatar ekanman, mamlakatingizda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun yetarli salohiyat mavjudligiga ishonch hosil qildim.

Eng asosiysi, O‘zbekiston barqaror iqtisodiy rivojlanish yo‘lida katta yutuqlarni qo‘lga kiritmoqda.


“Dunyo” AA

Powered by GSpeech