Bola huquqlari bo‘yicha xalqaro shartnomalarni amalga oshirish istiqbollari

18 may kuni Toshkent viloyati Parkent tumanida “O‘zbekiston Respublikasining BMTning bola huquqlari bo‘yicha xalqaro shartnomalarini amalga oshirish bo‘yicha xalqaro majburiyatlari hamda milliy harakat rejalarini tayyorlash va amaldagi milliy mexanizmlarni ko‘rib chiqish” mavzusidagi seminar-trening o‘z ishini boshladi.

Uch kun davom etadigan mashg‘ulotlar Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan YuNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi va BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Seminarni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, YuNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamadzade, hamda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi rahbari vazifasini bajaruvchi Fabio Piana kirish so‘zi bilan ochib berdi.

O‘zbekiston uchun bola huquqlarini ta’minlash masalasi doim ustuvor maqsadlardan biri ekani ta’kidlandi. Aholisining 40 foiziga yaqinini bolalar va yoshlar tashkil qilgan yurtimizda bola huquqlarini har jihatdan ta’minlash prinsipial ahamiyatga ega.

Seminar maqsadi – BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi yakuniy tavsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha ishlab chiqilgan Milliy harakatlar rejasi loyihasini muhokama qilish hamda davlat organlarining bolalar huquqlarini himoya qilish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish va tavsiyalarni kuzatishga doir Milliy ma’lumotlar bazasi bo‘yicha davlat tashkilotlari hamda nodavlat notijorat tashkilotlari xodimlariga bilim va ko‘nikmalar berishdan iborat.

Konvensiya qoidalariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasiga Konvensiyaning bajarilishi to‘g‘risida doimiy ravishda hisobotlar ham taqdim etib bormoqda. Bugungi kunga qadar O‘zbekiston tomonidan BMT Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi bajarilishi yuzasidan 5 ta davriy hisobot taqdim etildi.

Ma’lumki, 2022 yilning 29 avgust – 23 sentyabr kunlari Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasining 91-sessiyasida bo‘lib o‘tdi. Mazkur sessiya davomida, ya’ni 31 avgust – 1 sentyabr kunlari O‘zbekiston Respublikasining Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qoidalari bajarilishi yuzasidan Beshinchi davriy hisoboti ko‘rib chiqildi.

Seminar-trening doirasida BMT Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi O‘zbekistonning Beshinchi davriy hisobotini ko‘rib chiqish yakunlari yuzasidan taqdim etgan mulohaza va tavsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha Milliy harakatlar rejasi loyihasi atroflicha muhokama qilinmoqda. Loyiha Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan ishlab chiqilgan.

Seminar-treningda vazirlik, idora va tashkilot xodimlari hamda fuqarolik jamiyati faollaridan iborat 40 nafar vakil ishtirok etmoqda.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech