17 may kuni O‘zbekiston Respublikasining Polshadagi elchixonasida har ikki mamlakatning o‘zbek-polyak munosabatlarini rivojlantirish masalalariga mas’ul bo‘lgan parlament, Tashqi ishlar vazirligi, boshqa vazirlik va idoralar namoyandalari, shuningdek, ekspertlar, ishbilarmonlar, akademik doira vakillari hamda jurnalistlar – jami 50 kishi ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi. Unda Polshaga tashrif buyurgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov ishtirok etdi.
Ishtirokchilarga Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining ahamiyati, Konstitutsiyamizga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha 30 aprel kuni o‘tkazilgan umumxalq referendumi yakunlari va 9 iyulga rejalashtirilgan muddatdan oldin O‘zbekiston Prezidenti saylovining mazmun-mohiyati haqida keng va atroflicha axborot taqdim etildi.
Tadbirda, shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti rahbarligida mamlakatimiz hayotining barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Milliy iqtisodiyotimizni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari, O‘zbekiston va Polsha o‘rtasidagi parlamentlararo hamkorlikni kengaytirishning istiqbolli yo‘nalishlari haqida ham so‘z yuritildi.
Polsha ishbilarmon va rasmiy doiralari vakillari so‘nggi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar samaralarini e’tirof etdilar. Mamlakatimiz iqtisodiyot, ijtimoiy soha va tashqi siyosatda erishgan tub ijobiy o‘zgarishlarni yuqori baholadilar.
Polsha Xotin-qizlar ligasi raisi A.Mixalyak O‘zbekistonda inson huquqlari va erkinliklarini, gender tengligini ta’minlash, ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish, mamlakatlar o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga qiziqish bildirdi. “Ayniqsa, konstitutsiyaviy referendum bo‘yicha xalqaro kuzatuvchi sifatida O‘zbekistonga tashrif buyurganimda yoshlar, jumladan qizlar mamlakat taraqqiyoti yo‘lidagi hayotiy jarayonlarda faol ishtirok etayotganiga guvoh bo‘ldim”, deb ta’kidladi A.Mixalyak.
Polsha Seymi deputati P.Beyda konstitutsiyaviy islohotlar O‘zbekistonning yanada barqaror rivojlanishiga xizmat qilishini e’tirof etdi. “Konstitutsiyaga kiritilgan kuchli ijtimoiy himoya va muhtojlarga g‘amxo‘rlik, fuqarolar huquq va erkinliklari kafolatlari, o‘qituvchilar maqomi yuksaltirilishi, yoshlar siyosatiga oid yangi normalar misolida yurtingizda izchil amalga oshirilayotgan islohotlar markazida “Inson qadri uchun” tamoyili asosidagi yondashuv ustuvor ekani yaqqol namoyon bo‘lmoqda”, dedi Seym deputati.
Polsha Tabiiy va gumanitar fanlar universiteti professori, Osiyo tadqiqotlari instituti a’zosi Ye.Shukalski 30 aprel kuni bo‘lib o‘tgan konstitutsiyaviy referendumda xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etganini mamnuniyat bilan qayd etib, bu tadbir O‘zbekiston tarixida o‘chmas iz qoldirishiga ishonch bildirdi. U ta’lim va turizm sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini yuqori baholadi. “Bugun O‘zbekiston butun dunyoga ulkan salohiyatini namoyish etmoqda. O‘zbek yoshlarining Yevropa ta’lim tizimiga qiziqishini ko‘rib turibmiz. Shu bilan birga, polshalik turistlarning O‘zbekistondagi qadimiy shaharlarga qiziqishi tobora ortib bormoqda”, dedi Ye.Shukalski.
Varshava menejment universiteti rektori P.Charneskiy jahon tendensiyalarini hisobga olgan holda ta’limni yanada ochiq qilish maqsadida Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan O‘zbekistonda ta’lim modeli ijobiy tomonga o‘zgarganini qayd etdi. “Ko‘plab yoshlar istiqomat qilayotgan O‘zbekistonda ta’lim sohasidagi konstitutsiyaviy o‘zgarishlar meni qiziqtiradi va bu muhim omil mamlakatingizni MDH makonidagi boshqa davlatlardan ajratib turadi. Islohotlar O‘zbekiston xalqining boy tarixi, an’analari va turmush tarzini hisobga olgan holda, o‘ziga xos tarbiya va ta’lim tizimini yaratishga qaratilgani diqqatga sazovor.
Andijon shahrida Universitetimizning filiali muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatmoqda, ammo ta’lim faqat kunduzgi asosda olib boriladi. Yoshlar bir vaqtning o‘zida ishlashi va o‘qishi zarur, shu sababli filialda sirtqi bo‘lim ochishga yordam berishingizni so‘raymiz. Oliy o‘quv yurtlarida ta’limning barcha shakllaridan foydalanish mamlakatning yangi tahrirdagi Konstitutsiyasida ham belgilangan”, dedi Varshava menejment universiteti rektori.
Polsha Savdo palatasi diplomatik maslahatchisi, Yevropa diplomatiya akademiyasi Elchilar kengashi a’zosi K.Plominski Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Polsha hukumatlararo komissiyasining 2021 yil 14 aprelda o‘tkazilgan yig‘ilishida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish zarurligini qayd etdi. Xususan, ikki mamlakat Savdo-sanoat palatalari O‘zbekiston-Polsha ishbilarmonlar kengashini tashkil etish xususida kelishib olgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday mexanizmlar Polsha uchun strategik ahamiyatga ega bir qator davlatlar bilan allaqachon ishlamoqda va ular katta samara bermoqda.
K.Plominski 2023 yil kuzida o‘tkazish rejalashtirilgan Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning 8-yig‘ilishida imzolash uchun investitsiya bitimlari va eksport shartnomalarining mustahkam paketini tayyorlashdan Polsha tomoni manfaatdor ekanligini bildirdi.
Polsha Tashqi ishlar vazirligining BMT va inson huquqlari bo‘yicha departamenti direktori o‘rinbosari M.Butrimovich so‘nggi yillarda ikki tomonlama va ko‘p tomonlama hamkorlik jadal rivojlanayotganini ta’kidladi. Polsha O‘zbekistondagi izchil taraqqiyot, mamlakat rahbariyati tomonidan xavfsizlikni mustahkamlash, barqaror rivojlanish, qo‘shni davlatlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida ko‘rilayotgan samarador chora-tadbirlarni katta qiziqish bilan kuzatmoqda.
Polsha Tashqi ishlar vazirligi vakilining qayd etishicha, “O‘zbekiston va Polsha Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropaning asosiy davlatlari hisoblanadi. Ular Yevropa, Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida o‘ziga xos ko‘prik vazifasini o‘tashi mumkin. Har ikki mamlakat BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasida bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda”.
O‘zbekistonning Varshavadagi elchixonasida tashkil etilgan uchrashuv qiziqarli, samimiy va o‘zaro manfaatli muloqot ruhida o‘tdi.
Akmal Saidovning Polshaga tashrifi davom etmoqda.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 18.05.2023
- Ko'rishlar: 4018
- Chop etish