O‘zbekiston va Polsha: hamkorlik aloqalari yanada rivojlanmoqda

O‘zbekistonning Polshadagi elchixonasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz direktori A.Saidovning Polsha ishbilarmon va rasmiy doira vakillari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Muloqot avvalida ishtirokchilarga Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimiz hayotining barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, joriy yil 30 aprel kuni O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan umumxalq referendumi yakunlari hamda 9 iyul kuni muddatidan oldin O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

Shuningdek, O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari, O‘zbekiston va Polsha o‘rtasidagi parlamentlararo hamkorlikni kengaytirishning istiqbolli yo‘nalishlari xususida so‘z yuritildi.

Polsha ishbilarmon va rasmiy doira vakillari O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan tub islohotlar, iqtisodiyot, ijtimoiy soha va tashqi siyosatdagi ijobiy o‘zgarishlarni yuqori baholashdi.

Polsha Xotin-qizlar ligasi raisi A.Mixalyak O‘zbekistonda inson huquq va erkinliklarini, gender tengligini ta’minlash, ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish, mamlakatlar o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga qiziqish bildirdi. Yangilangan Konstitutsiya bo‘yicha bo‘lib o‘tgan referendumda kuzatuvchi bo‘lib ishtirok etganida yoshlar, jumladan, qizlar, mamlakat taraqqiyoti yo‘lidagi hayotiy jarayonlarda faol ishtirok etayotganiga guvoh bo‘lganligini ma’lum qildi.

Polsha Seymi deputati P.Beyda esa Konstitutsiyaviy islohotlar O‘zbekistonning yanada barqaror rivojlanishiga xizmat qilishini ta’kidladi. Konstitutsiyaga kiritilgan kuchli ijtimoiy himoya va muhtojlarga g‘amxo‘rlik, fuqarolar huquq va erkinliklari kafolatlari, o‘qituvchilar maqomi yuksaltirilishi, yoshlar siyosati kabi masalalar amalga oshirilayotgan islohotlar markazida “Inson qadri uchun” tamoyili asosidagi yondashuv yaqqol namoyon bo‘layotganini qayd etdi.

Polsha Tabiiy va gumanitar fanlar universiteti professori, Osiyo tadqiqotlari instituti a’zosi Ye.Shukalski 30 aprel kuni Konstitutsiyaviy referendumda xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etganini mamnuniyat bilan qayd etar ekan, ushbu siyosiy tadbir O‘zbekiston tarixida o‘chmas iz qoldirishiga ishonch bildirdi. O‘z navbatida, ta’lim va turizm sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini yuqori baholadi.

Varshava menedjment universiteti rektori P.Charnetskiy jahon tendensiyalarini hisobga olgan holda ta’limni yanada ochiq qilish maqsadida Prezident Shavkat Mirziyoyev kelishi bilan O‘zbekistonda ta’lim modeli o‘zgargani qayd etdi. “Ko‘p yosh avlod istiqomat qilayotgan O‘zbekistonda ta’lim sohasidagi konstitutsiyaviy o‘zgarishlar meni qiziqtiradi va bu respublikani boshqa MDH davlatlaridan ajratib turadi. Islohotlar O‘zbekiston xalqining boy tarixi, an’analari va turmush tarzini hisobga olgan holda o‘ziga xos turdagi tarbiya va ta’lim tizimini yaratishga qaratilgan”, — dedi u.

Polsha Savdo palatasi diplomatik maslahatchisi, Yevropa diplomatiya akademiyasi Elchilar kengashi a’zosi K.Plominski Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Polsha hukumatlararo komissiyaning oxirgi yig‘ilishida (2021y. 14 aprel) erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish zarurligini ta’kidladi. Xususan, ikki mamlakat Savdo-sanoat palatalari O‘zbekiston-Polsha ishbilarmonlar kengashini tashkil etishni kelishib olishgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday mexanizmlar Polsha uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan qator davlatlar bilan allaqachon ishlamoqda va ular katta samara bermoqda.

Polsha TIV BMT va Inson huquqlari departamenti direktori o‘rinbosari M.Butrimovich so‘nggi yillarda ikki va ko‘p tomonlama hamkorlik jadal rivojlanayotganini ta’kidladi. Uning aytishicha, O‘zbekiston va Polsha Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropaning asosiy davlatlari hisoblanadi. Ular Yevropa, Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida “ko‘prik” rolini o‘ynashi mumkin.

Uchrashuv do‘stona va konstruktiv ruxda bo‘lib o‘tdi.

Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi

“Dunyo” AA

Powered by GSpeech