Akmal Saidov Varshavada YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi direktori bilan uchrashdi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidovning Polshaga tashrifi doirasidagi uchrashuv va muloqotlari davom etmoqda. Xususan, A.Saidov 18 may kuni Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi direktori Matteo Mekachchi bilan uchrashdi.

Uchrashuv boshida O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy islohotlar va Konstitutsiyaviy komissiya faoliyati yakunlari haqida atroflicha ma’lumot berildi. Mamlakatimizda inson huquqlariga taalluqli islohotlarning borishi, xususan, Inson huquqlari sohasidagi ta’lim bo‘yicha milliy harakatlar dasturi qabul qilingani va izchillik bilan amalda tatbiq etilayotgani ta’kidlandi. Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining saylov to‘g‘risidagi bobi xalqaro ekspertlar tavsiyalari asosida takomillashtirilganiga alohida e’tibor qaratildi.

M.Mekachchi muloqot asnosida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining taklifnomasini olganligini tasdiqladi. O‘zbekistonga tashrif buyurishdan va Prezident Shavkat Mirziyoev bilan uchrashib, mamlakat hayotining barcha sohalarida amalga oshirilayotgan qamrovdor o‘zgarishlarni muhokama qilishdan manfaatdorligini e’tirof etdi.

YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi direktori O‘zbekiston Prezidentining Italiyaga kutilayotgan tashrifi munosabati bilan o‘zining mamlakatimizga bo‘lajak tashrifini iyun oyida emas, balki Prezident saylovidan keyin amalga oshirish istagida ekanini bildirdi. Italiya Bosh vazirining Tashqi ishlar masalalari bo‘yicha maslahatchisiga O‘zbekistondagi keng qamrovli islohotlar to‘g‘risida ma’lum qilganini qayd etdi.

Tomonlar YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollarini atroflicha muhokama qildilar.

YeXHT Byurosi O‘zbekistondagi inson huquqlari himoyachilarining faoliyati monitoringini tashkil qilishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, M.Mekachchi Mondella qonunida ozodlikdan mahrum etish joylaridagi sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha muayyan chora-tadbirlar belgilanganligi xususida so‘z yuritdi. YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi tomonidan penitensiar muassasalar xodimlari uchun treninglar dasturi ishlab chiqilgan bo‘lib, ayni vaqtda Shvesiya va Italiyada ushbu loyiha asosida mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda.

Bundan tashqari, YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining kuzatuvchilar guruhi O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan saylov jarayonlarini kuzatishda ishtirok etadi. M.Mekachchining ta’kidlashicha, YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi direktorining O‘zbekistonga tashrifi doirasida Prezident saylovi yakunlariga umumiy baho beriladi. Bunda milliy qonunchilik tahlili, amaldagi qonun hujjatlari muhokamasi, fuqarolik jamiyati faollari bilan muloqot, atrof muhitga munosabat, huquq himoyachilarining fikrlari kabi omillarga tayaniladi.

Ya’ni, saylov yakunlari bo‘yicha hisobot tayyorlanishi va O‘zbekiston tomoniga taqdim etilishi mo‘ljallanmoqda. Fuqarolik jamiyati va inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlari bilan hamkorlikni yaxshilashga oid tavsiyalarni o‘zida qamraydigan hisobot matni ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi.

M.Mekachchi e’tirof etishicha, bunday foydali vosita davlat bilan fuqarolik jamiyati o‘rtasidagi munosabatlarni takomillashtirishga xizmat qiladi. Bunga qadar Italiya, Bosniya, Gruziya va Maltada o‘tkazilgan saylovlar yakunlari bo‘yicha tayyorlangan hisobotlar, bir tomondan, G‘arb va Sharq nuqtai nazarlari bo‘yicha yalpi yondashuvlarni, ikkinchi tomondan, har qaysi mamlakat uchun xos bo‘lgan yagona uslubni o‘zida mujassam etgani diqqatga loyiqdir.

M.Mekachchi O‘zbekistondagi referendum yakunlari bo‘yicha hisobotning yakuniy matni Prezident saylovidan so‘ng tayyor bo‘lishini bildirdi.  YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi kuzatuvchilari missiyasining yakuniy hisoboti nafaqat Varshavada, balki Toshkentda ham – xalqaro kuzatuvchilar, parlament a’zolari va fuqarolik jamiyati faollari ishtiokida e’lon qilinishi haqida kelishib olindi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech