Prezident qarorida ko‘rsatilgan inson huquqlari va gender tenglik bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etildimi?

Inson huquqlari sohasidagi ta’lim har bir fuqaroning inson huquqlariga nisbatan hurmatini rag‘batlantirish va unga har tomonlama rioya etilishini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etib, zo‘ravonlik va nizolarning oldini olishga xizmat qiladi.

Shu maqsadda 2020-2024 yillarda inson huquqlari sohasida ta’lim berish orqali yoshlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichi amalga oshirilmoqda.  

Davlatmiz rahbarining 2023 yil 7 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori bilan shu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar belgilab berildi.  

Joriy yilda BMTning Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyaning 75 yilligi nishonlanadi. Shu bois ham inson huquqlariga oid ta’lim ko‘lami kengaytirilmoqda.  

Prezident qarori bilan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”da 2023 yil 1 maydan boshlab rahbar kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimida inson huquqlari va gender tenglik bo‘yicha o‘quv kurslarini joriy qilish topshirilgan.  

Qaror ijrosi qanday ta’minlanmoqda? Bu savolga Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi mas’ul xodimi Oybek Sayidumarov javob berdi:  

— Davlat boshqaruvi akademiyasi hamda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan hamkorlikda rahbar kadrlar, barcha darajadagi davlat fuqarolik xizmatchilari uchun “Inson huquqlari va gender tengligi” nomli kursning o‘quv dasturi ishlab chiqildi va tasdiqlandi.  

Mazkur o‘quv dasturidan onlayn va oflayn shaklda tashkil etilayotgan davlat fuqarolik xizmatchilarini qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish o‘quv kurslarida foydalanish nazarda tutilgan.    

Davlat boshqaruvi akademiyasida joriy yilning may oyidan boshlab rahbar kadrlarning malakasini oshirish tizimida inson huquqlari va gender tenglik bo‘yicha o‘quv soatlari joriy qilindi.

Xususan, 8 maydan boshlab vazirlik va idoralarning markaziy apparatlaridagi boshqaruv kadrlari uchun har biri 56 soatlik to‘rtta malaka oshirish kursi tashkil etildi, unda jami 165 nafar rahbar kadr ishtirok etdi. Malaka oshirish kursi dasturiga inson huquqlari va gender tengligi masalalariga doir uch soat hajmdagi ikkita mavzu kiritilgan.  

Joriy yil 5 iyun kunidan boshlab Salohiyatli kadrlar rezerviga kiritilgan nomzodlar uchun 48 soatlik malaka oshirish kursi tashkil etildi. Mazkur o‘quv kursi dasturi doirasida “Davlat fuqarolik xizmati sohasida gender tengligi, xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari” mavzusida alohida o‘quv soati o‘tilmoqda.  

2022/2023 o‘quv yili yakuniga qadar vazirlik va idoralarning markaziy apparatlaridagi yuz nafar boshqaruv kadrlari hamda Salohiyatli kadrlar rezerviga kiritilgan 150 nafar nomzod o‘quv dasturlar asosida malaka oshirishi rejalashtirilgan.

Hozirda Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz  hamda Davlat boshqaruvi akademiyasi bilan hamkorlikda “Inson huquqlari va gender tengligi” o‘quv dasturi asosida o‘quv-metodik materiallar (ma’ruza matni, videodars, taqdimot materiallari, test savollari) ishlab chiqilmoqda. Ushbu materiallar Inson huquqlari sohasida onlayn ta’lim olish bo‘yicha elektron platformaga joylashtiriladi. 

N.Abduraimova, O‘zA

Powered by GSpeech