Xitoyda “Si Szinpin inson huquqlarini hurmat qilish va himoya etish haqida” nomli kitob xitoy, ingliz, rus va boshqa tillarda nashrdan chiqdi. Kitob 160 dan ortiq rasmiy hujjatdan iqtiboslarni o‘zida jamlagan.
Akademik Akmal Saidovning “Inson huquqlarining xitoycha nazariyasi (“Si Szinpin inson huquqlarini hurmat qilish va himoya etish haqida” nomli kitob mutolaasi asnosidagi mulohazalar)” nomli maqolasida shu xususda so‘z boradi. Maqola “Pravda Vostoka” gazetasining 2023 yil 13 iyun sonida chop etildi.
Kitobda, jumladan, Si Szinpinning 2012 – 2021 yillardagi, ya’ni 10 yil davomidagi ma’ruza va nutqlari, suhbat va muloqotlari, intervyu va tabriklaridan muhim ko‘chirmalar keltirilgan. Undagi 335 ta iqtibos mavzular bo‘yicha 9 ta bo‘limga taqsimlangan. Si Szinpinga mansub ushbu iqtiboslarning ayrimlari ilk marotaba e’lon qilinmoqda.
A.Saidovning qayd etishicha, Si Szinpin asarlarida bayon etilgan inson huquqlarining hozirgi zamon xitoycha konsepsiyasi xalq maqomi “sub’ekt” sifatida hurmat qilinishini nazarda tutadi. Bu, o‘z navbatida, Xitoyda insonning mavjud bo‘lish va taraqqiy etish huquqlari asosiy huquqlar deb hisoblanishi, inson huquqlari qonuniy asosda himoya qilinishi, Xitoyning inson huquqlarini global boshqarish jarayonlarida faol ishtirok etishga bo‘lgan intilishi, xitoycha voqelikni va xitoyliklarning insoniyat sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasini hisobga olish zarurati kabi voqeliklardan kelib chiqadi.
Kitobda qayta-qayta takrorlanganidek, Xitoy insoniyatning umumiy qadriyatlari sifatida taqdim etayotgan inson huquqlari nazariyasi, bir tomondan, dunyoning barcha mamlakatlariga o‘ziga xos chaqiriq bo‘lsa, ikkinchi tomondan, o‘z milliy taraqqiyotini ta’minlash yo‘lidagi qat’iy talab hamdir. Shu ma’noda, mazkur konsepsiyaning mazmun-mohiyati ilmiy tadqiqotchilar tomonidan teran va alohida e’tibor bilan o‘rganilishi har tomonlama ahamiyatlidir.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 13.06.2023
- Ko'rishlar: 4651
- Chop etish