Ichan qal’a... Nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasi madaniyati javohirlaridan biri bo‘lmish bu muazzam majmuada sayr etishni orzu qilmagan vatandoshimiz bo‘lmasa kerak. Hamkasblarim – Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining bir guruh xodimlari bilan birga 11 iyun kuni ushbu afsonaviy maskanga sayohat uyushtirdik.
Sahar turib otlandik ko‘rmoq istab Xivani,
Minora tomon bordik tinglab go‘zal shevani.
Bu qanday diyor bo‘ldi sehrladi hammani,
Kaltaminor oldidan kezdik Ichan qal’ani.
Ichan qal’a – Xiva shahrining ichki shahristoni, ya’ni ichki shahar qismi hisoblanadi. U o‘zining betakror va jozibali tarovatiga ega obidalari bilan ajralib turadi.
Shaharning bosh qopqasi – “Ota darvoza”dan kirib kelganda, o‘ziga xos me’moriy uslubda salobat to‘kib turgan Muhammad Aminxon madrasasi va minorasi Ichan qal’aning o‘ng tomonida joylashgan. Minora 1853-1855 yillarda qurilgan bo‘lib, xalq tomonidan “Kalta minor” deb nomlanadi. Madrasa va minora yaqinidagi milliy hunarmandlik mahsulotlari sotiladigan savdo rastalari gavjum.
Ulug‘ donishmand va shoir Pahlavon Mahmud maqbarasini ham ziyorat qildik. Maqbara 1701-yillarda Shohniyozxon davridan qurila boshlangan bo‘lib, keyingi Xiva xonlari tomonidan mukammallashtirilgan. Ziyoratchilar bu yerdagi buloq suvidan ichib, buyuk shoir ruhiga Xudodan savoblar tilaydilar.
Maqbara peshtoqiga ushbu baytlar bitilgan:
Kim qilur bu vayron dilim imorat?
Kim gunohim uchun berur kaforat?
Men ziyorat qildim ko‘p qabristonni,
Bilmadim kim qilur qabrim ziyorat?!
Sayohat davomida ming ustunli masjiddan chiqib, Toshhovliga qarab yo‘l oldik. Toshhovliga qadimda karvonlar qatnagan tarixiy yo‘ldan yurib boriladi. Atrofdagi betakror tarixiy-madaniy muhit, xossatan, aravalarning toshlarga muhrlangan asriy izlari kishi xayolotini beixtiyor xonlik davriga olib ketadi.
Qad ko‘targan qal’alar olib ketdi xayolni,
zarrin naqshlar bezar madrasa-yu saroyni.
Toshhovliga yetmasdan ko‘rdik qancha sahnani,
yo‘llar to‘la savdogar, ham tingladik xalpani.
Nihoyat muhtasham Toshhovli saroyiga yetib keldik. Saroy ustalarning yuksak me’moriy mahorati va naqqoshlarning betakror san’atining yetuk mahsuli ekan. Hayratlanarlisi, saroydagi har bir xonada bundan bir necha asr ilgari o‘ziga xos “kanalizatsiya” vazifasini bajargan me’moriy moslamalar ham mavjud.
Sayohat davomida Ichan qal’a – ochiq osmon ostidagi muzey ekaniga yana bir bor amin bo‘ldik. Ushbu ko‘hna majmuada hozir ham yurtdoshlarimiz istiqomat qilib, o‘tmish bilan hamohang hayot kechirayotganlariga guvoh bo‘ldik.
So‘zga chorlab, og‘alar, mehmonim deb choy berdi;
noz-ne’mat ila siylab, uy to‘ridan joy berdi.
Xiva shahrining tarixiy ramzlaridan biriga aylangan Islomxo‘ja minorasidek g‘ururi baland xivaliklarga havas qildik. Islomxo‘ja madrasasida bo‘lib, ilmni qadrlagan ota-bobolarimiz bilan yanada faxrlandik.
Alqissa, sayohatimizdan bir olam taassurot oldik. Albatta, bu azim shaharga yana bir bor kelish istagi bilan ziyoratimizni muxtasar etdik.
Hamidullo MO‘MINOV,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi bosh mutaxassisi
- Qo'shildi: 14.06.2023
- Ko'rishlar: 3934
- Chop etish