Inson huquqlarini taʼminlashda davlat organlari va fuqarolik jamiyati vakillari hamkorligi muhokama qilindi

Joriy yilning 16-iyun kuni poytaxtimizda Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) bilan hamkorlikda “Inson huquqlari taʼminlanishida davlat boshqaruvi organlarining fuqarolik jamiyati bilan o‘zaro hamkorligi” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Tadbirda BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili, Oliy sud, Bosh prokuratura, Ichki ishlar, Adliya, Sog‘liqni saqlash vazirliklari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi vakillari, yurtimizda faoliyat yuritayotgan nodavlat notijorat tashkilotlar hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.

Davra suhbatini tashkil etishdan maqsad – davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan umumiy muloqot platformasini yana-da takomillashtirishdan iborat.  

Tadbir davomida inson huquqlarini himoya qilish sohasida davlat organlari hamda fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar muhokamasi bilan bir qatorda yuzaga kelayotgan muammolar va ularni hal etish bo‘yicha taklif va fikr-mulohazalar bildirildi.  

Ishtirokchilar jahondagi demokratik davlatlarda fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash orqali ularning davlat boshqaruvidagi ishtirokini oshirish va jamoatchilik nazoratini olib borishdagi o‘rnini oshirishga alohida eʼtibor berilishini qayd etdilar.

Shuningdek, Oliy Majlis Senati va Ombudsmanning davlat boshqaruvi organlari va fuqarolik jamiyati vakillari o‘rtasida ochiq muloqot yo‘lga qo‘yish tashabbusi aholini qiynayotgan masalalarni vakolatli organlar vakillari tomonidan fuqarolik jamiyati institutlari bilan birgalikda bevosita muhokama qilish imkoniyatini yaratayotganligi alohida aytib o‘tildi.

Bu kabi muloqotlar inson huquq va erkinliklarini taʼminlash yuzasidan mavjud kamchiliklarni davlat organlarining vakolatli vakillariga yetkazish va bu orqali tegishli sohalarning isloh qilinishiga xizmat qiladi.

Konstruktiv muloqot davomida inson huquqlarini taʼminlash va qiynoqlarning oldini olish borasida Ombudsman bilan fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasida samarali hamkorlik o‘rnatilgani va bu o‘zining ijobiy natijasini berayotgani taʼkidlandi. Jumladan, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillarining fikricha, harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarda amalga oshirilayotgan monitoring tashriflari sohadagi islohotlarning ochiqligi va shaffofligini taʼminlashga imkon yaratadi.

Davra suhbati yakunida ishtirokchilar tomonidan insonning huquqlarini har tomonlama himoya qilishda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini yana-da taʼminlash orqali ularning fuqarolik jamiyati institutlari bilan o‘zaro hamkorligi samaradorligini oshirish, jamoatchilik nazoratini yana-da kuchaytirish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.

Powered by GSpeech