PEKIN, 16 iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktori Akmal Saidov Inson huquqlari boshqaruvi bo‘yicha Pekin xalqaro forumida ishtirok etdi va uning ochilish marosimida asosiy mehmon sifatida nutq so‘zladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda xorijiy mamlakatlar delegatsiyalari, Pekindagi diplomatik korpus rahbarlari, Xitoydagi yetakchi tahliliy markazlar hamda tadqiqot institutlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Forum «Tenglik, hamkorlik va taraqqiyot: Inson huquqlari bo‘yicha Vena deklaratsiyasi va Harakatlar dasturining 30 yilligi» mavzusi ostida bo‘lib o‘tdi.
Anjumanning tantanali ochilish marosimida Xitoy raisi Si Szinpinning forum ishtirokchilariga tabrik maktubi o‘qib eshittirildi.
Tadbirda inson huquqlari bo‘yicha o‘zaro tajriba almashish muhimligi taʼkidlandi.
O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari Akmal Saidov o‘z maʼruzasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarning mazmun-mohiyati, inson huquqlari va manfaatlarini taʼminlash hamda bu borada erishilayotgan natijalar haqida batafsil so‘zlab berdi.
- Qo'shildi: 16.06.2023
- Ko'rishlar: 3951
- Chop etish