20 iyun kuni Andijon viloyatida “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusidagi o‘quv kursi boshlandi. Mashg‘ulotlar Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi hamda Ichki ishlar vazirligi hamkorligida tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov videomuorjaatida Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning teng huquqli a’zosi hisoblanuvchi O‘zbekiston qiynoqlarni muayyan odamlar tomonidan boshqalarga nisbatan qo‘llanadigan eng g‘ayriinsoniy qilmish sifatida har doim qoralab kelishini ta’kidladi.
Shuningdek, xalqaro ekspert Azamat Shambilov o‘quv kursida o‘z ma’ruzasi bilan qatnashib, Nelson Mandela qoidalari haqida muhim ma’lumotlarni taqdim etdi. Bu, o‘z navbatida, ishtirokchilar qiynoqqa solishga qarshi kurashish bo‘yicha bilimlarni yanada yaxshi o‘zlashtirishiga xizmat qilishi tayin.
O‘quv kursida Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Davlat va huquq instituti, Ichki ishlar vazirligining Akademiyasi va Malaka oshirish instituti rahbariyati, professor-o‘qituvchilari o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etmoqda.
Mashg‘ulotlarda Andijon viloyati prokuraturasidan 10 nafar va ichki ishlar tizimidan 50 nafar xodim tinglovchi sifatida qatnashmoqda.
Mashg‘ulotlar 21 iyun kuni yakuniga yetadi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 20.06.2023
- Ko'rishlar: 3707
- Chop etish