BRYUSSEL, 20-iyun. /“Dunyo” AA/. Bugun Bryusselda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi Adliya, ichki ishlar, inson huquqlari va aloqadar masalalar bo‘yicha quyi qo‘mitaning 19-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Yig‘ilishga Yevropa tashqi harakatlar xizmati Markaziy Osiyo bo‘limi rahbari Ditmar Krissler va O‘zbekiston adliya vazirining o‘rinbosari Muzraf Ikromov hamraislik qildilar.
Tadbirda huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini mustahkamlash sohasida o‘zaro hamkorlik, sud-huquq sohasini takomillashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar, shuningdek, terrorizm, narkotrafik va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish, chegaralarni boshqarishni rag‘batlantirish, bojxona ishini rivojlantirish sohasida amalga oshirilayotgan loyihalar hamda ushbu sohalarda ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar.
O‘zbekiston tomoni Yangi O‘zbekistonda siyosiy, huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar haqida batafsil maʼlumot berdilar.
Mamlakatimizda yaqinda amalga oshirilgan Konstitutsiyaviy islohot davlatchilikni va respublika iqtisodiyotini yana-da barqaror rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratgani alohida taʼkidlandi.
Yevropa tomoni O‘zbekistonda, ayniqsa, fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish bo‘yicha ijobiy o‘zgarishlarni olqishladi. 2023 yil mart oyida Toshkent shahrida «Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi» fuqarolik jamiyati forumi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani taʼkidlandi.
YEI vakillari respublikamiz tomonidan izchil islohotlarni amalga oshirishda mamlakatda qonun ustuvorligini yana-da taʼminlash, xususan tegishli xalqaro konvensiya va bitimlarni amalga oshirish bo‘yicha o‘z majburiyatlari doirasida yordam berishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Uchrashuv konstruktiv va ochiq muhitda o‘tdi, ishtirokchilar ikki tomon manfaatlariga javob beradigan amaliy hamkorlikni yana-da rivojlantirish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.
Taʼkidlash joizki, mazkur quyi qo‘mita 2002 yil yanvar oyida «O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi» hamkorlik kengashi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha tashkil etilgan. 2007 yildan beri quyi qo‘mita inson huquqlari bo‘yicha ham muloqot olib boradi.
- Qo'shildi: 21.06.2023
- Ko'rishlar: 3948
- Chop etish