O‘zbekiston delegatsiyasi Bryusselda adliya, ichki ishlar va inson huquqlari masalalarini muhokama qildi

20 iyun kuni Adliya vaziri o‘rinbosari M.Ikramov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Bryussel shahrida bo‘lib o‘tayotgan “O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi” adliya, ichki ishlar, inson huquqlari va tegishli masalalar bo‘yicha kichik qo‘mitasining 19-majlisida ishtirok etdi. Delegatsiya tarkibida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari M.Tillaboev ham bor.

Tadbirda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi vakillari qonun ustuvorligini ta’minlash, sud-huquq sohasini takomillashtirish, inson huquqlarini himoya qilish, fuqarolik jamiyatini mustahkamlash sohalarida o‘zaro hamkorlik masalalarini ko‘rib chiqdilar.

Muloqot doirasida narkotrafik va terrorizmga qarshi kurashish, chegaralarni boshqarish, bojxona tizimini rivojlantirish yo‘nalishlaridagi ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari ham muhokama qilindi.

Ma’lumot uchun: “O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi” adliya, ichki ishlar, inson huquqlari va tegishli masalalar bo‘yicha kichik qo‘mitasi 2002 yil yanvarida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi Hamkorlik kengashi majlisining qarori asosida ta’sis etilgan. Ushbu Kichik qo‘mita doirasida 2007 yildan boshlab inson huquqlari bo‘yicha ham muloqot olib borilmoqda.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech