Andijondagi trening qiynoqqa solishga qarshi kurashish mavzusiga bag‘ishlandi

20-21 iyun kunlari Andijon viloyatida “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusidagi o‘quv kursi o‘tkazildi. Mashg‘ulotlar Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi hamda Ichki ishlar vazirligi hamkorligida tashkil etildi.

O‘quv kursida Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Davlat va huquq instituti, Ichki ishlar vazirligining Akademiyasi va Malaka oshirish instituti rahbariyati, professor-o‘qituvchilari o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdi. Mashg‘ulotlarda Andijon viloyati prokuraturasidan 10 nafar va ichki ishlar tizimidan 50 nafar xodim tinglovchi sifatida qatnashdi.

O‘zbekiston Prezidentining 2023 yil 7 fevraldagi qarori qiynoqqa qarshi kurash yo‘nalishidagi o‘quv mashg‘ulotlariga yangi ruh bag‘ishladi. Qarorga muvofiq, endilikda tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun qiynoqqa solishga qarshi kurashish bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslari doimiy ravishda tashkil etilmoqda.

Shuni ham ta’kidlash joizki, mazkur o‘quv kursi BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalari tavsiyalarini hisobga olgan holda o‘tkazilmoqda. Mashg‘ulotlar qiynoqqa solishning oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizmlarni takomillashtirish sohasida tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlarining xalqaro amaliyot va milliy tajriba asosidagi amaliy ko‘nikmalarini oshirishga mo‘ljallangan.

O‘quv kursining birinchi kuni Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti direktori, yuridik fanlar doktori Murodjon Turg‘unov, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi boshlig‘i, yuridik fanlar doktori, dotsent Luqmonjon Isoqov,  Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi “Jazoni ijro etish faoliyati” kafedrasi dotsenti, podpolkovnik Quvonch Qodirov ma’ruzalari tinglandi.

Mashg‘ulotlarda, shuningdek, Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti o‘qituvchisi, podpolkovnik Jahongir Yaqubov va Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz bo‘lim boshlig‘i, yuridik fanlar nomzodi, dotsent F.Hayitboev va Milliy markaz bosh mutaxassisi D.Rashidova o‘z ma’ruzalari bilan qatnashdi.

O‘quv kursi yakunida tinglovchilarga sertifikatlar topshirildi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech