Matbuot erkinligi: Deklaratsiya va Konstitutsiya ko‘zgusida

Mamlakatimizda joriy yilda 27 iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni xalqaro ko‘lamdagi muhim bir voqelik bilan hamohang nishonlanmoqda. Bu ham bo‘lsa, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligi tantanalaridir.

 Butun dunyoda, jumladan, O‘zbekistonda ham insoniyat tarixida ilk bor insonning asosiy huquqlarini himoya qilish zarurligini e’lon qilgan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 75 yilligini nishonlash kampaniyasi qizg‘in davom etmoqda. Yurtimizdagi ushbu tadbirlar karvoniga 2022 yil dekabr oyida bo‘lib o‘tgan Samarqand Global forumi keng yo‘l ochdi.

BMT Bosh Assambleyasining rezolyusiyasiga muvofiq, 1948 yil 10 dekabrda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganidan so‘ng xalqaro hamjamiyat inson huquqlari va asosiy erkinliklarini tan oldi. O‘tgan davrda jahon hamjamiyati inson huquqlari bo‘yicha xalqaro huquq normalari va mexanizmlari orqali ushbu huquq va erkinliklarga dunyo miqyosida rioya etilishiga ko‘maklashmoqda.

So‘z, axborot va matbuot erkinligi – insonning asosiy huquqlaridandir. Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 19-moddasiga muvofiq, “Har bir inson e’tiqod erkinligi va uni erkin ifoda qilish huquqiga ega; bu huquq hech bir to‘siqsiz o‘z e’tiqodiga amal qilish erkinligini hamda axborot va g‘oyalarni har qanday vosita bilan, davlat chegaralaridan qat’i nazar, izlash, olish va tarqatish erkinligini o‘z ichiga oladi”.

O‘z navbatida, joriy yilning 3 mayida Jahon matbuoti erkinligi kuni o‘ttizinchi marta nishonlangani ham Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining ayni normalarini hayotimizga teran tatbiq etish jarayonlari bilan chambarchas aloqador. Zero, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish shu munosabat bilan yo‘llagan videomurojaatida qayd etganidek, inson huquqlari va matbuot erkinligi bir-birini bevosita taqozo etadi.

Matbuot erkinligi – demokratiya va adolatning tamal toshidir. Ammo, bugungi kunda butun dunyoda matbuot erkinligi turli tajovuzlarga duchor bo‘lmoqda. Yolg‘on axborot (dezinformatsiya) va nafrat tili ta’sirida dalillar va uydirmalar, ilm-fan va fitna (konspirologiya) nazariyalari o‘rtasidagi chegaralar yo‘qolib bormoqda.

Antoniu Guterrish, shuningdek, jurnalistlar po‘pisa, ta’qib va zo‘ravonliklarga uchrayotganini ta’kidladi. Xususan, 2022 yilda ommaviy axborot vositalarining kamida 67 nafar xodimi o‘ldirilgan bo‘lib, bu raqam 2021 yildagiga nisbatan 50 foiz ko‘pdir. Bundan tashqari, jurnalistlarning to‘rtdan uch qismi onlayn-zo‘ravonlikka duch kelgan bo‘lsa, yana to‘rtdan bir qismi jismoniy tahdidlarni boshidan o‘tkazgan.

YuNESKO Bosh direktori Odre Azule ayni vaqtda Yevropa Ittifoqi ko‘magida 12 ta jurnalistik tashkilot, jumladan, Afg‘onistonda faoliyat olib borayotgan jurnalist ayollarga yordam ko‘rsatayotgan kasbiy tashkilotlar qo‘llab-quvvatlanayotganini ma’lum qildi. YuNESKO tomonidan dunyoning o‘nlab mamlakatlarida jurnalistlarni huquqiy himoya qilish bo‘yicha treninglar o‘tkazilmoqda.

Shuningdek, “The New York Times” gazetasi noshiri Artur Sulsberger agar so‘z erkinligi va ishonchli axborot erkinligi mavjud bo‘lmasa, demokratiya qoidalari va jamoatchilik ishonchi yemirilishda davom etishiga e’tiborni qaratdi. Uning fikricha, 1990-yillarda – sovuq urush barham topgan va yangi demokratik davlatlar paydo bo‘lgan, axborot va aloqa sohasidagi texnologiyalar jadal rivojlana boshlagan nekbinlik davrida media-landshaft sezilarli o‘zgarishlarga yuz tutgandi. Biroq ana shu ko‘tarinkilik davri uzoq davom etmadi.

Jurnalistlarga dunyoning turli hududlarida yashayotgan odamlar bilan qulay bog‘lanish imkoniyatini bergan ilg‘or texnologiyalar, bir tomondan, tezkor axborot olishni ta’minlagan bo‘lsa, boshqa tomondan, minglab gazetalarning yopilishiga olib keldi. An’anaviy matbuot o‘rnida paydo bo‘lgan raqamli OAV esa yuzaga kelgan bo‘shliqni hozircha to‘ldira olgani yo‘q. Ayniqsa, voqealar joyidan reportajlar tayyorlash va jurnalist surishtiruvi o‘tkazish kabi ijodiy jarayonlarda sustkashlik kuzatilmoqda.

Internet tufayli bugungi kunda axborot ekotizimi yolg‘on xabarlar, yuzaki targ‘ibot, asossiz tanqid va shov-shuvli “klikbeyt”lar, ya’ni ehtirosga tayangan va asosan daromad olish maqsadini ko‘zlaydigan sarlavhalar ko‘chkisi ostida qoldi. Oqibatda jurnalistikaning o‘ziga nisbatan ishonchni ta’minlaydigan haqqoniy ovozi tobora eshitilmay qolmoqda, aksincha, jamoatchilikning jurnalistlarga ishonchsizligi sadolari borgan sari kuchaymoqda.

Vindxuk deklaratsiyasining 1-bandida qayd etilishicha, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 19-moddasiga muvofiq mustaqil, plyuralistik va erkin matbuotni ta’sis etish, qo‘llab-quvvatlash va kuchaytirish millat demokratiyasini va iqtisodiy taraqqiyotini rivojlantirish hamda rag‘batlantirishda alohida ahamiyat kasb etadi”.

Davlatimiz va jamiyatimizning bu boradagi yondashuvi ham aynan shunday: so‘z, axborot va matbuot erkinligi – O‘zbekiston siyosatining ustuvor yo‘nalishidir. O‘zbekiston Prezidenti ta’kidlaganidek, “Achchiq va tanqidiy materiallar joylardagi ko‘plab amaldorlarga yoqmasligi, ularning tinchini va halovatini buzayotgani ham bor gap. Lekin oshkoralik va so‘z erkinligi bu – davr talabi, bu – O‘zbekistondagi islohotlarning talabi.

Bu haqda so‘z borganda, albatta, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining qoidalari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarida to‘la o‘z aksini topganini ta’kidlash lozim. Hozirgi vaqtda mamlakatimizda so‘z erkinligini ta’minlash, ommaviy axborot vositalarini har tomonlama rivojlantirish, jurnalist va blogerlarning erkin faoliyat yuritishi uchun huquqiy asoslar yanada kuchaytirilmoqda.

Xalqimiz yaqinda referendumda ovoz bergan yangi tahrirdagi Konstitutsiyada so‘z va axborot erkinligi uchta yo‘nalishda:

birinchidan,  axborotni izlash, olish va tarqatish erkinligini kengaytirish;

ikkinchidan, ommaviy axborot vositalari erkinligini yanada mustahkamlash;

uchinchidan, ommaviy axborot vositalariga fuqarolik jamiyatining asosiy institutlaridan biri sifatida konstitutsiyaviy maqom taqdim etilishi timsolida har tomonlama kafolatlandi.

Endilikda yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 33-moddasiga muvofiq:

“Har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega.

Har kim istalgan axborotni izlash, olish va tarqatish huquqiga ega.

Davlat Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanishni ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratadi”.

E’tibor bering: yangi normalar bilan har bir shaxsning Internet jahon axborot tarmog‘iga kirish va undan erkin foydalanish huquqi e’tirof etildi. Mazkur huquqning ta’minlanishi uchun bevosita davlatning o‘zi shart-sharoitlar yaratishi aniq belgilandi.

Internet nafaqat aloqa vositasi, balki virtual muhitga ham aylanib borayotgan, ko‘plab tushuncha va xizmatlar “real” zamindan jadal tarzda “virtual” hayotga ko‘chayotgan bugungi davr ayni shunday ilg‘or yondashuvni taqozo etmoqda. Hozirgi kunda Internetni taqiqlash va cheklash nafaqat noto‘g‘ri, balki mantiqsiz ham ekanini isbotlab o‘tirishga hojat qolmadi.

Nega deganda, bugun odamlar ishini, o‘qishini, hobbilarini, turli tovar va xizmatlar logistikasini, qolaversa, davlat xizmatlarini ham Internetga ko‘chiryapti. Bu, o‘z navbatida, Konstitutsiya va qonunlarni zamonga hamnafas tarzda o‘zgartirishni talab qilmoqda.

Internetdan erkin foydalanish huquqi insonning so‘z erkinligi huquqi doirasiga kiradi. Ushbu huquq, davlat chegaralaridan qat’i nazar, turli axborot va g‘oyalarni qidirish, olish va tarqatish erkinligini o‘zida qamraydi.

Shunday ekan, axborotni, jumladan, Internet orqali izlash, olish va tarqatish erkinligini istifoda etuvchi insonlar zimmasiga huquqlar bilan bir qatorda majburiyat va mas’uliyat ham yuklanib, qonunga muvofiq ravishda ayrim cheklovlar o‘rnatilishi tabiiy holdir. Shu ma’noda, Asosiy Qonunimiz 33-moddasining oxirgi bandiga barchamizni ijtimoiy mas’uliyatni anglashga, oqni qoradan, haqiqatni uydirmadan, dalilni bo‘htondan ajratishga da’vat etadigan mana bu normalar kiritilgani bejiz emas:

Axborotni izlash, olish va tarqatishga bo‘lgan huquqni  cheklashga faqat qonunga muvofiq hamda faqat konstitutsiyaviy tuzumni, aholining sog‘lig‘ini, ijtimoiy axloqni, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamoat xavfsizligini hamda jamoat tartibini ta’minlash, shuningdek  davlat sirlari yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sir oshkor  etilishining oldini olish maqsadida zarur bo‘lgan doirada yo‘l qo‘yiladi”.

O‘zbekiston Konstitutsiyasida qayd etilgan ayni talablarning nechog‘lik dolzarb, haqqoniy va hayotiy ekani shu yil 12 iyun kuni BMT qarorgohida raqamli platformalarda tarqatilayotgan axborotlarning axloqiy mazmuniga oid yangi ma’lumotlarni muhokama etish asnosida yaqqol tasdig‘ini topdi. Gap shundaki, 142 mamlakatda o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, butun dunyodagi Internet va ijtimoiy tarmoqlar muntazam foydalanuvchilarining 59 foizi raqamli makonda dezinformatsiya tarqalayotganidan tashvish bildirgan.

Ushbu ma’lumotlarni taqdim etgan Bosh kotib A.Guterrishning ta’kidlashicha, xalqaro hamjamiyat raqamli makonda nafrat va yolg‘on axborot tarqatilishiga qarshi qat’iy kurash olib borishi zarur. BMT Bosh kotibi raqamli platformalardagi axborotlarning axloqiyligini ta’minlash uchun Odob-axloq kodeksini yaratish taklifini ilgari surdi. Uning fikricha, bunday Kodeks nafrat tili va yolg‘on axborot tarqatilishiga qarshi o‘zaro kelishgan holda global kurash olib borish uchun asos bo‘lib xizmat qilgan bo‘lur edi.

O‘z navbatida, BMT Xavfsizlik kengashi 2023 yil 15 iyun kuni Bag‘rikenglik, xalqaro tinchlik va xavfsizlikni saqlash bo‘yicha rezolyusiyani bir ovozdan qabul qildi. Rezolyusiyani qabul qilgan Xavfsizlik kengashiga a’zo 15 ta davlat nafrat va dezinformatsiya, jumladan, ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatiladigan zo‘ravonliklardan chuqur tashvish bildirdi. Hujjat barcha xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarni irqi, millati, jinsi, dini va tiliga ko‘ra kamsitish oqibatida yuzaga keladigan zo‘ravonlik, nafrat, ekstremizmni ochiq qoralashga chaqiradi.

Haqiqatan ham, biz yashayotgan XXI asrda insonning fikr va so‘z erkinligi, har qanday axborotni izlash, olish va tarqatish singari huquqlari qanday amalga oshirilishi uning axborot resurslari, kommunikatsiya texnologiyalari, xususan, Internetdan qanchalik erkin foydalanishiga bevosita bog‘liq.

Shu nuqtai nazardan, bugungi raqamlashtirish zamonida demokratik huquqiy davlat va adolatli ochiq jamiyat barpo etayotgan aksariyat davlatlar qatori O‘zbekiston ham o‘z Konstitutsiyasida fikrlash, so‘z va matbuot erkinligiga oid yangi normalarni  mustahkamlagani, bir tomondan, fuqarolarimizning bu boradagi huquqlari va erkinliklari amalga oshishiga xizmat qilsa, ikkinchi tomondan, har bir insonning himoyasi va xavfsizligini ta’minlash uchun muhim ahamiyatga ega.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 69-moddasi birinchi qismida fuqarolik jamiyati institutlarining tushunchasi va tizimi quyidagi norma bilan ochib berilgan:

“Fuqarolik  jamiyati  institutlari,  shu  jumladan  jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini  o‘zi  boshqarish  organlari,  ommaviy  axborot  vositalari  fuqarolik jamiyatining asosini tashkil etadi”.

Boshqacha aytganda, ommaviy axborot vositalariga fuqarolik jamiyatining asosiy institutlaridan biri sifatida konstitutsiyaviy maqom berildi. Shu orqali so‘z erkinligi konstitutsiyaviy asosda yana bir bor kafolatlanmoqda.

Bu haqda fikr yuritganda, so‘nggi yillarda mamlakatimizda ommaviy axborot vositalarining jamoatchilik nazoratini amalga oshirish borasidagi o‘rni va ahamiyatini qonunchilik negizida kuchaytirishga izchil e’tibor qaratilayotganini ta’kidlash lozim. Chunki ommaviy axborot vositalari aholining talab va ehtiyojlarini hokimiyat idoralariga yetkazishning muhim va ta’sirchan vositasiga, xalqning eng yaqin ko‘makchisi va hamdardiga, demokratiya ko‘zgusiga aylanishi darkor.

Eng muhimi, endilikda Konstitutsiyamizda ommaviy axborot vositalari fuqarolik jamiyati instituti maqomida e’tirof etildi. Bu ilg‘or konstitutsiyaviy-huquqiy asos:

bir tarafdan, jamoatchilik nazoratining yanada haqqoniy, xolis va adolatli tashkil etilishiga munosib hissa qo‘shsa;

boshqa tarafdan, jamoatchilik nazorati asnosida aniqlanadigan qonunbuzarliklar va kamchiliklarga taalluqli ma’lumotlarning asossiz ravishda panada olib qolinishi yoki xaspo‘shlanishiga yo‘l qo‘ymaydi. Ya’ni, oshkorlik tom ma’noda ta’minlanadi.

Konstitutsiyamizga ilk marotaba fuqarolik jamiyati institutlariga bag‘ishlangan alohida bob kiritilgani va ular faoliyati kafolatlarining belgilangani jamiyatda ochiqlik, oshkoralik va qonuniylik muhitini ta’minlash, davlat va jamiyat o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash hamda kuchli jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish uchun huquqiy zamin hozirlaydi. Bu tom ma’noda juda muhim yangiliklardandir.

Shu tariqa yangi tahrirdagi Konstitutsiyada ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati institutlari yanada faol bo‘lishi uchun keng imkoniyat va kuchli himoya taqdim etildi. Ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligi, ularning axborotni izlash, olish, undan foydalanish va uni tarqatishga bo‘lgan huquqlari qat’iy kafolatlandi.

Konstitutsiyaning “Ommaviy axborot vositalari” deb nomlangan XV bobidagi ikkita moddada ommaviy axborot vositalari faoliyati erkinligi davlat tomonidan kafolatlangan. Xususan, 81-moddaga ko‘ra:

 “Ommaviy axborot vositalari erkindir va qonunga muvofiq  ish olib boradilar.

Davlat ommaviy axborot vositalari faoliyatining  erkinligini, ularning axborotni izlash, olish, undan foydalanish  va uni tarqatishga bo‘lgan huquqlari amalga oshirilishini kafolatlaydi.

Ommaviy axborot vositalari o‘zi taqdim etadigan  axborotning ishonchliligi uchun javobgardir”.

Ushbu normalardan ko‘zlangan maqsad ommaviy axborot vositalari uchun eng qulay shart-sharoitlar yaratishga, davlat va jamiyat o‘rtasida amaliy muloqotni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan konstitutsiyaviy asoslarni shakllantirishdir. Shunga o‘xshash normalar Slovakiya, Ispaniya, Janubiy Koreya kabi bir qator mamlakatlarning Konstitutsiyalarida mavjud.

O‘z navbatida, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 82-moddasida mana bu normalar mustahkamlangan:

“Senzuraga yo‘l qo‘yilmaydi.

Ommaviy  axborot  vositalarining  faoliyatiga  to‘sqinlik qilish yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi”.

Senzuraning taqiqlanishiga oid norma Konstitutsiyamizda oldin ham bor edi. Ayni chog‘da, keyingi norma muhim yangilik bo‘lib,  ommaviy  axborot  vositalarining samarali faoliyat yuritishi uchun ta’sirchan huquqiy asos vazifasini o‘tashi tayin.

Matbuotda bu borada o‘z munosabatlarini bildirgan bir qator hamkasblarimiz ta’biri bilan aytganda, bu normalar ommaviy  axborot  vositalari va jurnalistlarning emin-erkin, turli ma’muriy bosimlardan qo‘rqmasdan faoliyat yuritishini ta’minlaydi. Yanada muhimi, jamiyatda ochiqlik va oshkoralik muhitining rivojlanishiga sharoit yaratadi.

Xulosa qilib aytganda, so‘nggi yillarda so‘z, axborot va matbuot erkinligi, fuqarolarning o‘z xohish-irodasini erkin bildirishi, davlat idoralari faoliyatining ochiqligi va oshkoraligi Yangi O‘zbekistonning sifat ko‘rsatkichlaridan biriga aylanib bormoqda. Bularning barchasi, bir tomondan, mamlakatimizda so‘z erkinligini to‘la ta’minlashga xizmat qilsa, ikkinchi tomondan, ommaviy axborot vositalaridan ijtimoiy mas’uliyatni teran anglashni ham taqozo etadi.

Binobarin, axborot resurslari va axborot tizimlaridan foydalanish sohasidagi munosabatlar jadal taraqqiy etib hamda tobora globallashib borayotgan hozirgi davrda axborot erkinligi imkoniyatlaridan foydalanishning o‘ziga yarasha ijtimoiy yuki ham borligini unutmaslik darkor. Zotan, har qanday erkinlik, agar uni suiiste’mol qilinmasa, pirovardida tom ma’noda tinchlik va farovonlik, barqarorlik va taraqqiyot, hamkorlik va hamjihatlik omiliga aylanadi.

 

G‘ulom MIRZO

Powered by GSpeech