Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidovning yaqinda Xitoy Xalq Respublikasiga amalga oshirgan tashrifi tafsilotlari O‘zbekiston va Xitoy matbuoti bilan bir qatorda, xorijiy ommaviy axborot vositalarida ham izchil yoritilmoqda. Bu haqda, jumladan:
- ingliz tilida – “Pakistan Today”, “newsflare”, “The Maravi Post”, “Breaking latest news”, “Newsdirectory3”;
- italyan tilida – “China Radio International.CRI”;
- ispan tilida – “CGTN”;
- indonez tilida – “China Radio International.CRI”;
- nemis tilida – “People's Daily Online”;
- portugal tilida – “Brasil 247”;
- turk tilida – “Afyon Star Haber”;
- xausa (Afrikaning Chad tillar oilasiga mansub) tilida – “Leadership” kabi internet-saytlarda axborotlar e’lon qilindi.
Aslida ham, ushbu tashrif e’tiborga sazovor muhim uchrashuv va muloqotlarga boy bo‘ldi. O‘zbekiston vakili Inson huquqlarini boshqarish bo‘yicha Pekin xalqaro forumida ishtirok etdi va ushbu nufuzli anjumanning bosh faxriy mehmoni sifatida tadbirning ochilishida so‘zga chiqdi.
Xitoy poytaxtida “Tenglik, hamkorlik va taraqqiyot: Inson huquqlari bo‘yicha Vena deklaratsiyasi va Harakatlar dasturining 30 yilligi” mavzusida tashkil etilgan mazkur xalqaro forumda xorijiy mamlakatlar delegatsiyalari, Pekindagi diplomatik korpus rahbarlari, Xitoyning yetakchi tahlil markazlari, ilmiy-tadqiqot institutlari va ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi. Ochilish marosimida XXR Raisi Si Szinpinning tabrigi o‘qib eshittirildi.
Forumda inson huquqlari sohasida o‘zaro tajriba almashishning naqadar muhimligi yana bir bor o‘z amaliy tasdig‘ini topdi. Xususan, O‘zbekiston vakili mamlakatda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash sohasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar hamda ushbu o‘zgarishlarning samaralari haqida atroflicha so‘zlab berdi.
Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda O‘zbekiston hayotining barcha sohalarida chuqur dasturiy islohotlar amalga oshirildi. Ushbu ijobiy o‘zgarishlar jarayonlari mamlakatga yangi hayot va kuch-shijoat baxsh etmoqda.
Xitoyga tashrifi doirasida Akmal Saidov Butunxitoy xalq vakillari kengashi Spikerining o‘rinbosari Chjan Sinvey bilan uchrashdi. Uchrashuvda barqaror taraqqiyot, kambag‘allikni qisqartirish, korrupsiyaga qarshi kurashish va inson huquqlari sohasida o‘zaro hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, O‘zbekiston – Xitoy parlamentlari aloqalarini yanada rivojlantirish muhimligi haqida so‘z yuritildi.
A.Saidov, shuningdek, Pekindagi Shanxay hamkorlik tashkiloti Kotibiyatida ShHTning “katta oilasi” diplomatiya vakolatxonalari vakillari uchun O‘zbekiston konstitutsiyaviy islohotlari hamda joriy yil 9 iyul kuni mamlakatimizda o‘tkaziladigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga bag‘ishlangan brifingda asosiy ma’ruza bilan qatnashdi.
ShHTga a’zo va kuzatuvchi davlatlar hamda muloqot bo‘yicha sherik mamlakatlar vakillari qatnashgan ushbu tadbirda so‘nggi yillar davomida O‘zbekistonda jamiyat hayotining barcha sohalarida jadal islohotlar amalga oshirilayotgani alohida ta’kidlandi. Xususan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazi direktori o‘z ma’ruzasi bilan mamlakatimizda o‘tkazilgan konstitutsiyaviy islohotlarning asosiy natijalari va ularning Yangi O‘zbekiston barpo etilishidagi o‘rni bilan tadbir ishtirokchilarini yaqindan tanishtirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish jarayoniga alohida e’tibor qaratildi. Ushbu saylov kampaniyasining mazmun-mohiyatiga, uning mamlakatimizni yanada rivojlantirish, zamonaviy, raqobatbardosh davlatga aylantirishdagi ahamiyatiga urg‘u berildi.
Joriy yilning 30 aprel sanasi - Yangi O‘zbekiston hayotida muhim voqea bo‘ldi. Birinchi marta umumxalq referendumi asosida chinakam xalqchil Konstitutsiya qabul qilindi. Referendumda ishtirok etgan fuqarolarimizning mutlaq ko‘pchiligi yangi tahrirdagi Asosiy qonun uchun o‘z ovozini berdi.
Konstitutsiyaviy referendum xalqimizning keyingi yillarda siyosiy ongi, huquqiy madaniyati va dunyoqarashi yuksalganini tasdiqladi. Ushbu tarixiy tanlov bilan O‘zbekiston xalqi o‘zining yuksak ishonchi va islohotlar jarayonini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor namoyon etdi. Xalq tomonidan qabul qilingan O‘zbekiston Konstitutsiyasi Yangi O‘zbekistonning yanada barqaror rivojlanishi uchun mustahkam poydevor yaratdi.
O‘z navbatida, joriy yilning 9 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Bu muhim ijtimoiy-siyosiy voqea bugungi kunda Vatanimiz o‘z taraqqiyotining yangi tarixiy davriga qadam qo‘yganini tasdiqlaydi.
Ma’lumki, Xitoyda “Si Szinpin inson huquqlarini hurmat qilish va himoya etish haqida” nomli kitob xitoy, ingliz, rus va boshqa tillarda nashrdan chiqdi. Kitob 160 dan ortiq rasmiy hujjatdan iqtiboslarni o‘zida jamlagan. Kitobda, jumladan, Si Szinpinning 2012 – 2021 yillardagi, ya’ni 10 yil davomidagi ma’ruza va nutqlari, suhbat va muloqotlari, intervyu va tabriklaridan muhim ko‘chirmalar keltirilgan. Undagi 335 ta iqtibos mavzular bo‘yicha 9 ta bo‘limga taqsimlangan bo‘lib, Si Szinpinga mansub ushbu iqtiboslarning ayrimlari ilk marotaba e’lon qilinmoqda.
Akademik Akmal Saidovning milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan “Inson huquqlarining xitoycha nazariyasi (“Si Szinpin inson huquqlarini hurmat qilish va himoya etish haqida” nomli kitob mutolaasi asnosidagi mulohazalar)” nomli maqolasida shu xususda so‘z boradi. Maqolada ta’kidlanganidek, Xitoy insoniyatning umumiy qadriyatlari sifatida taqdim etayotgan inson huquqlari nazariyasi, bir tomondan, dunyoning barcha mamlakatlariga o‘ziga xos chaqiriq bo‘lsa, ikkinchi tomondan, o‘z milliy taraqqiyotini ta’minlash yo‘lidagi qat’iy talab hamdir.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 22.06.2023
- Ko'rishlar: 3814
- Chop etish