27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni arafasida “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali tahririyati tomonidan tashkil etilgan “Eng dolzarb ilmiy maqolalar” tanlovi g‘oliblari taqdirlandi. Taqdirlash marosimi Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida bo‘lib o‘tdi.
Ushbu tanlov mamlakatimizda inson huquqlarini ta’minlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini ilmiy asosda yorituvchi tahliliy maqolalarni keng jamoatchilikka yetkazish, inson huquqlari sohasida mavjud muammolarni ilmiy asosda o‘rganish va ularga nazariy hamda amaliy yechimlar taklif etilishini qo‘llab-quvvatlash, aholining huquqiy madaniyatini oshirish, inson huquqlari sohasida ilmiy izlanish olib borayotgan tadqiqotchilarni rag‘batlantirish maqsadida tashkil etildi.
Tanlov g‘oliblari “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnalining oxirgi to‘rt sonida nashr etilgan maqolalar asosida aniqlandi. Tahririyat ijodiy jamoasining xulosasiga ko‘ra:
- O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi tayanch doktoranti Sevara Begmatova – “Xalqaro va milliy huquq tizimida mediatsiya institutining rivojlanish tendensiyalari” maqolasi uchun;
- falsafa fanlari bo‘yicha falsafa doktori Sayyora Saidova – “Political-legal analysis of the category of freedom of conscience” maqolasi uchun;
- Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti tadqiqotchisi Dilbar Xayrullaeva – “Razvitie pravovыx osnov obespecheniya prav menshinstv v sovremennom mejdunarodnom prave” maqolasi uchun g‘olib deb topildi.
G‘oliblarini taqdirlash anjumanida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi hamda “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali tahririyati xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirni jurnal bosh muharriri Erkin Ernazarov ochib berdi. U mamlakatimizda inson huquqlarini ta’minlashga qaratilayotgan yuksak e’tibor, jamiyatda huquqiy madaniyatni shakllantirishda ommaviy axborot vositalarining, shu jumladan “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnalining tutgan o‘rni, bu borada tahririyat tomonidan tashkil etilgan “Eng dolzarb ilmiy maqolalar” tanlovining ahamiyati haqida to‘xtaldi. Tadbir ishtirokchilarini 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bilan tabrikladi.
Shundan so‘ng tanlov g‘oliblariga diplom, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz tomonidan nashr etilgan huquqiy adabiyotlar to‘plami va boshqa esdalik sovg‘alari topshirildi.
“Bunday katta e’tibor va rag‘batdan nihoyatda minnatdorman, – dedi tanlov g‘olibi Sevara Begmatova. – Bu mukofot nafaqat rag‘bat, balki zimmamga katta mas’uliyat yuklaganini ham his etdim. Yanada ko‘proq o‘qib, izlanib, inson huquqlari sohasida olib borayotgan tadqiqotlarimni davom ettirib, ilm-fanda nazariy va amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan natijalarga erishishni o‘zim uchun maqsad qilib belgiladim”.
Tadbir yakunida Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz mas’ul xodimi, “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali tahriryati faxriysi Abdukamol Po‘latov ham g‘oliblarni tabrikladi. Tahririyat faoliyatiga omad va muvaffaqiyatlar tiladi.
Azizbek RAMAZONOV,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali bosh muharririning o‘rinbosari
- Qo'shildi: 23.06.2023
- Ko'rishlar: 3819
- Chop etish