Ushbu kitobda ulug‘ avliyo, shayx, tasavvufning yirik namayandalaridan biri Hazrat Zangi ota (Oyxo‘ja ibn Toshxo‘ja) haqida so‘z boradi. Movarounnahrning buyuk valiylaridan biri bo‘lgan bu mo‘tabar zot Xoja Ahmad Yassaviyning ustozi Arslonboboning evarasidir. Kitobda Zangi otaning tarjimai holi, xususan, ism va nasablari, ahli ayollari, sulolasi, tavallud va vafot vaqtlari, Vatani, sayohat va izlanishlari, ustoz va shogirdlari, Yassaviya tariqatidagi darajalari, maqbara va ziyoratgohlari to‘g‘risida ma’lumotlar bayon etilgan.
Zangi ota majmuasi – nafaqat O‘zbekiston, ayni chog‘da, Markaziy Osiyo mintaqasidagi noyob tarixiy-me’moriy va madaniy-ma’rifiy majmua va tabarruk ziyoratgohlardan hisoblanadi. Shu ma’noda, majmuaning Sohibqiron Amir Temur tomonidan bunyod etilishi, Temuriyzoda – olim va shoh Mirzo Ulug‘bek tomonidan ta’mirlanishi, keyingi davrlarda, ayniqsa, mustaqillik yillarida bu mo‘tabar maskanda amalga oshirilgan obodlik va bunyodkorlik ishlari haqida ham kitobda muhim ma’lumotlar berilgan.
Asarda Hazrat Zangi otaning ma’naviyati va faoliyati misolida tasavvufga doir qiziqarli ma’lumotlar keltirilgan. Zangi otaning karomat va fazilatlari, ul zot haqidagi she’r va rivoyatlar, shuningdek, ulug‘ avliyo merosining Sharqda va G‘arbda o‘rganilishi masalari talqin etilgan.
Ushbu kitob 2015 yilda nashr etilgan bo‘lsa-da, shu o‘tgan davr mobaynida muallif mavzu doirasida ko‘plab ilmiy izlanishlar olib bordi, o‘z fikr-mulohazalarini risolada, jurnal va gezetalarda e’lon qildi. Ushbu to‘ldirilgan va qayta ishlangan ikkinchi nashrda Hazrat Zangi ota hayoti va faoliyatiga doir yangidan-yangi ma’lumotlar, kitobning birinchi nashri xususida yurtimiz ziyolilari, olimu adiblari tomonidan bildirilgan fikrlar bilan ham yaqindan tanishasiz.
Kitob ilmiy-ommabop usulda yozilgan bo‘lib, tasavvuf tarixi bilan qiziquvchi mutaxassislar hamda keng kitobxon ommasiga mo‘ljallangan.
Muallif : Akmal Saidov
Mas’ul muharrir: Nuriddin Xaliqnazarov
Muharrirlar: G‘ulom Mirzo, Azizbek Ramazonov
Adadi: 500 dona
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Axborot xizmati
- Qo'shildi: 26.06.2023
- Ko'rishlar: 3763
- Chop etish