Temuriylar davri durdonalari namoyish etilmoqda

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Temuriylar tarixi davlat muzeyida "Yangi O‘zbekiston: taraqqiyot, innovatsiya va ma’rifat" mavzusidagi Xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligi doirasidagi "O‘zbekiston madaniy merosi – Yangi renessans asosi" madaniy tadbirlari va "Temuriylar davri durdonalari" nomli ko‘rgazmaning ochilishi bo‘lib o‘tdi.

Ushbu ko‘rgazmada muzey xazinasida saqlanayotgan noyob ashyolar bilan birga, mamlakatimizdagi ko‘plab muzeylar, jumladan, Qashqadaryo viloyati "Shahrisabz" davlat muzey-qo‘riqxonasi, Samarqand davlat muzey qo‘riqxonasi, Buxoro davlat muzey-qo‘riqxonasi, Farg‘ona viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi hamda O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi xazinasida saqlanayotgan Temuriylar davri durdonalari ilk marotaba bir yerda to‘planib, xalqimizga namoyish etilmoqda.  

Tadbirda qayd etilganidek, jahongir Amir Temur buyuk saltanatga asos solishi bilan birga, o‘z davrida madaniyat, ma’rifat, ilm-fan, ma’naviyat sohasida yirik Uyg‘onish jarayoniga ham poydevor  yaratdi. Sohibqiron bobomiz sa’y-harakatlari bilan shaharsozlik,  me’morchilik, madaniyat va san’at gullab-yashnadi. Yangi-yangi asarlar, izlanishlarga, kashfiyotlarga keng yo‘l ochildi. Ayni paytda Temur va temuriylar davriga oid manbalar, tarixiy asarlar,  ashyolar jahon miqyosida hamon katta qiziqish bilan o‘rganilmoqda. Yangi izlanishlarga poydevor bo‘lmoqda.  

Ko‘rgazmada Sohibqiron bobomiz va Temuriylar davrida mamlakatda me’morlik va shaharsozlik g‘oyat ravnaq topganidan darak beruvchi me’moriy qoplamalardan namunalar, Movarounnahr  hunarmandchiligining taraqqiy etgan sohalari bo‘lmish kulolchilik,  kandakorlik namunalari, o‘zbek yozuv madaniyati va kitobat san’atining namunalari bo‘lgan hamda Temuriylar davridan to hozirgi kungacha saqlanib qolgan nodir qo‘lyozmalar, tarixiy diplomatik yozishmalar, vaqf hujjatlari namunalari, Amir Temur va Temuriylar davlati iqtisodiy rivojlanishi, pul-moliya siyosati taraqqiyotidan guvohlik beruvchi mis, kumush tangalar, buyuk bobokalonimizning harbiy salohiyatini namoyish etuvchi qurol-aslahalar keng o‘rin olgan.  

 

N.Usmonova,

Nosirjon Haydarov (suratlar),  

O‘zA

Oʼzbekiston Respublikasi  Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi

Powered by GSpeech