7 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov O‘zbekiston Prezidenti saylovi jarayonini kuzatish maqsadida mamlakatimizga tashrif buyurgan xalqaro kuzatuvchilar – Turkiya Respublikasi Bosh Ombudsmani Sheref Malkoch hamda «Turkiya-O‘zbekiston» parlamentlararo do‘stlik guruhi rahbari, Turkiyaning «Adolat va rivojlanish» partiyasi deputati Osman Mesten bilan uchrashdi. Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova ham ishtirok etdi.
Mehmonlarga mamlakatimizda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash yo‘nalishida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berildi. Xususan, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Ombudsman, Bolalar Ombudsmani, Biznes-Ombudsman faoliyati to‘g‘risida atroflicha axborot taqdim etildi.
O‘z navbatida, Turkiya Bosh Ombudsmani Sh.Malkoch mamlakatimizdagi keng qamrovli islohotlar samaralarini yuqori baholadi. Ayniqsa, yangi tahrirda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi inson huquq va manfaatlarini ta’minlashga oid yangi normalar bilan boyitilgani alohida qayd etildi.
Tomonlar Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan Turkiya Respublikasi Bosh Ombudsmani ofisi o‘rtasida hamkorlik memorandumi tuzish masalasi bo‘yicha o‘zaro fikrlashib oldilar.
Shuningdek, O‘zbekistonda amalga oshirilgan konstitutsiyaviy islohot yakunlariga bag‘ishlab Turkiyada huquqiy targ‘ibot tadbiri o‘tkazish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 10.07.2023
- Ko'rishlar: 3868
- Chop etish