O‘zbekiston xalqi o‘z mamlakatining kelajakdagi taraqqiyotiga komil ishonch bilan qaraydi
Szin Chje, Xitoy Ijtimoiy fanlar akademiyasining Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo instituti direktori o‘rinbosari:
- O‘zbekiston fuqarolari muddatidan ilgari Prezident saylovida faol ishtirok etdilar. Bu O‘zbekiston xalqining o‘z mamlakatining kelajakdagi taraqqiyotiga komil ishonch bilan qarashidan dalolat beradi.
O‘zbekistonliklarning aksariyati Prezident Shavkat Mirziyoyevga ovoz berbigani uning islohotlar va ochiqlik siyosati keng qo‘llab-quvvatlanayotganini tasdiqlaydi. O‘zbekiston rahbari 2016 yilda davlat rahbari lavozimiga kelgan paytdan eʼtiboran boshlagan keng ko‘lamli transformatsiya dasturini amalga oshirishda davom etmoqda.
Bularning barchasi O‘zbekiston iqtisodiy rivojlanishning yuqori surʼatlarini saqlab qolishining kafolatidir. O‘zbek xalqining farovonligi tobora yaxshilanib, mamlakatning kelajakdagi taraqqiyoti yana-da yorqin va jadal bo‘ladi, deb ishonch bildirish uchun barcha asoslar mavjud.
Li Yunsyuan, XXR Davlat kengashining Ijtimoiy rivojlanish markazi huzuridagi Yevroosiyo ijtimoiy rivojlanish tadqiqotlari instituti direktori:
– 9 iyul kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi mamlakatda aprel oyida o‘tkazilgan Konstitutsiyaviy referendumning mantiqiy davomi hisoblanadi. Ushbu tadbirlar Yangi O‘zbekiston strategiyasini yana-da izchil hayotga tadbiq qilish uchun muhim institutsional asos va kafolat yaratgani bilan alohida ahamiyat kasb etadi.
Yangi O‘zbekiston strategiyasi bir tomondan mamlakatda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasi bo‘lgan muvaffaqiyatlar asosida, ikkinchi tomondan esa dunyoda kechayotgan geosiyosiy voqealar hisobga olingan holda ishlab chiqilgan. Yangi O‘zbekiston strategiyasini sinchkovlik bilan o‘rganib chiqib, ishonch bilan ayta olamanki, uning amalga oshirilishi xalqning hayoti va farovonligini oshirish uchun yangi shart-sharoitlarni yaratish asnosida davlat va jamiyatni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Chjan Sin, Xitoydagi «Shanghai Art Fair International Exhibition» kompaniyasi prezidenti:
– 9 iyul kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Prezidenti saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etdim. Kuzatuvchi sifatida saylov o‘tkazilishiga milliy saylov qonunchiligi hamda xalqaro demokratiya andozalariga muvofiq ravishda har tomonlama va puxta tayyorgarlik ko‘rilganini alohida qayd etishni istar edim.
Saylov ochiqlik, oshkoralik va tenglik kabi demokratiya meʼyorlari asosida o‘tganini ham alohida taʼkidlash lozim. Prezidentlikka siyosiy partiyalardan ilgari surilgan har bir nomzodga bir xil imkoniyat va sharoitlar yaratib berildi.
Saylov uchastkalarida saylovchilar ovoz berish huquqidan to‘liq foydalanishlari uchun barcha sharoitlar muhayyo edi. Ovoz berish jarayoni saylov qonunchiligi meʼyorlari buzilmagan holda o‘tkazildi.
O‘zbek xalqi bu jarayonda katta faollik ko‘rsatgani holda ertangi kunga, o‘z mamlakatining taqdiriga befarq emasligini namoyon qilgani menda katta taassurot qoldirdi.
U Bixu, Pekin universiteti professori:
- Avvalo, O‘zbekiston xalqini Prezident saylovi muvaffaqiyatli o‘tgani bilan tabriklayman.
2023 yil O‘zbekiston uchun muhim jarayonlar yili sifatida tarixda qoldi, desak sira mubolag‘a bo‘lmaydi. Mamlakat Konstitutsiyasi 30 aprel kuni bo‘lib o‘tgan referendumda yangilandi. Ushbu islohotlarning mantiqiy davomi sifatida 9 iyul kuni muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘lib o‘tdi. Mamlakatda amalga oshirilayotgan hayotiy islohotlar muvaffaqiyatli o‘tayotgani quvonarli holdir.
Shuni taʼkidlash joizki, O‘zbekiston rivojlanish va modernizatsiya yo‘lidan bormoqda. Barcha sohalarda jiddiy islohotlar va yangilanishlar amalga oshirilmoqda. Buning zamirida, shubhasiz, xalq farovonligi va mamlakatning gullab-yashnashi maqsadi yotadi.
O‘zbekiston bundan buyon ham rivojlanib, gullab-yashnashini istaymiz. Biz mamlakatingizdagi islohotlarni qatʼiy qo‘llab-quvvatlaymiz va bu borada har tomonlama yordam berishga tayyormiz.
Bugun biz ko‘p qirrali O‘zbekiston-Xitoy munosabatlari jadal va har tomonlama rivojlanayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. O‘zbekistonning xitoylik investorlar uchun sarmoyaviy jozibadorligi kuchayib bormoqda. Bugungi kunda hamkorlikda amalga oshirilayotgan o‘zaro manfaatli loyihalar hajmi ham ortib bormoqda.
O‘zbekiston o‘z oldiga qo‘ygan barcha yuksak maqsadlarga erishishiga tilakdoshman.
“Dunyo” AA
- Qo'shildi: 13.07.2023
- Ko'rishlar: 4007
- Chop etish