“Choʻqqini zabt etganlar” deya nomlangan tadbirda universitet jamoasi va talabalardan tashqari bir qator nufuzli mehmonlar, jumladan, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi rahbariyati vakillari — vazir oʻrinbosari Shahlo Turdiqulova, Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari Akmal Saidov, Rossiya Federatsiyasining Oʻzbekistondagi elchixonasi vakili V.V.Loshchinina, Rossotrudnichestvo rahbari M.V.Vojdayev, Oliy Majlis deputatlari, qoʻmitalar rahbarlari, diplomatik korpus vakillari, filial hamkorlari, yetakchi oliy oʻquv yurtlari rektorlari qatnashdi.
Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyoti universiteti Toshkent filialining bitiruvchilariga ish beruvchilar tomonidan talab katta. Shu jihatdan mazkur oʻquv yurti top oliy oʻquv yurtlari qatoridan joy olgan. Filial 28 yillik faoliyati davomida xalqaro savdo, moliya va kredit, korxona va tashkilotlar iqtisodiyoti, ijtimoiy va mehnat munosabatlari iqtisodiyoti kabi yoʻnalishlarda mutaxassislar tayyorlab kelmoqda. Shu kunga qadar 4239 nafar bitiruvchi, jumladan, 3330 nafar bakalavr va 909 nafar magistr katta hayotga yoʻllanma olgan. Filial bitiruvchilari nafaqat Oʻzbekiston iqtisodiyotining barcha jabhalarida, balki MDH va xorijda ham turli sohalarida yetakchi lavozimlarda faoliyat yuritmoqda.
— Ishonchim komilki, bitiruvchilarimiz Yangi Oʻzbekiston ravnaqi va gullab-yashnashiga oʻzlarining munosib hissalarini qoʻshadi, chunki oliy taʼlimda Rossiya va Oʻzbekiston tajribasi uygʻunligi bugungi kunda oʻz samarasini bermoqda, — dedi Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyoti universiteti Toshkent filiali direktori, akademik Qalandar Abdurahmonov.
— Talabalik hayotining unutilmas yoʻlini bosib oʻtib, Plexanov nomidagi universitetning ajoyib tarixiy bir qismiga aylandingiz, — dedi G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universiteti rektori Ivan Lobanov. — Tanlagan kasbingizga xush kelibsiz. Hayotingizning yangi qiziqarli davri boshlanadi. Shu bilan toʻxtab qolmang va yangi choʻqqilarni zabt etishda davom eting.
Soʻzga chiqqanlar bitiruvchilarning keyingi faoliyatlariga muvaffaqiyatlar tiladi.
“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati