Yangi O‘zbekiston – xorijliklar nigohida

O‘ZBEKISTON MARKAZIY OSIYODA BARQARORLIK VA TARAQQIYOTNING O‘ZAGI BO‘LIB QOLADI

Xalqaro ekspertlar va ishbilarmon doiralar vakillarining fikricha, eng muhim global va mintaqaviy muammolar bo‘yicha dolzarb tashabbuslari tufayli O‘zbekiston nafaqat Markaziy Osiyo mintaqasida, balki umuman xalqaro maydonda birlashtiruvchi kuchga aylandi.

Yoxanna Lerfel,

Fransiya Sog‘liqni saqlash assotsiatsiyasining delegati (Déléguée Générale chez French Healthcare Association):

- Fransiya Sog‘liqni saqlash assotsiatsiyasi jamoat tashkiloti bo‘lib, uning maqsadi Fransiyaning eng ilg‘or tajribasini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish va dunyoning boshqa mamlakatlari bilan o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdir.

O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash sohasining rivojlanishi haqida gapirar ekanman, so‘nggi yillarda mamlakatda katta islohotlar amalga oshirilayotganini ta’kidlashni istar edim. Respublika tibbiyot muassasalarida, shuningdek, ushbu soha xodimlari uchun qulay sharoitlar yaratildi. Umuman olganda, O‘zbekiston rahbariyati mamlakatda butun sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha faol ish olib bormoqda.

Bugungi kunda assotsiatsiyamiz O‘zbekiston bilan faol hamkorlik qilmoqda. O‘zaro tajriba almashish, shuningdek, O‘zbekiston tibbiyot muassasalari va Fransiyaning «French Healthcare» sog‘liqni saqlash assotsiatsiyasi o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish bo‘yicha muntazam maslahatlashuvlar olib borilmoqda.

Davlatlarimiz rahbarlari o‘rtasida ishonchli va do‘stona munosabatlar o‘rnatilgani o‘zaro munosabatlarimiz ravnaqiga kuchli turki bo‘lmoqda.

O‘zbekiston Prezidentining 2022 yil noyabr oyida Fransiyaga buyurgan tashrifi sog‘liqni saqlash sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga ham o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsatdi.

Tashrif yakunlari bo‘yicha muassasalarimiz o‘rtasida, xususan, Fransiya Birdamlik va sog‘liqni saqlash vazirligining Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi, Sanitariya-epidemiologiya farovonligi va aholi salomatligi xizmati hamda O‘zbekiston Innovatsiyalar vazirligi o‘rtasida qator hamkorlik memorandumlari imzolandi.

Bundan tashqari, sanitariya xavfsizligi sohasida ilmiy-ma’rifiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va ikki mamlakatning yetakchi mutaxassislari o‘rtasida muntazam videokonferensiyalar tashkil etish orqali yaqin aloqalarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Shuni ham ta’kidlashni istardimki, O‘zbekistondagi yosh tibbiyot muxaxassislarining nafaqat amaliy ishlarga, balki unga asoslangan ilmiy izlanishlarga ham ishtiyoqlari baland. Buni 28 aprel kuni xorijiy mamlakatlar vakillari ishtirokida O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan yoshlarning ikkinchi ilmiy-amaliy konferensiyasi buni yaqqol namoyish etdi.

Mamlakat rahbariyati sog‘liqni saqlash tizimini modernizatsiya qilishga, xorijiy hamkorlar bilan aloqalarni mustahkamlash, shifokorlarni xorijga o‘qishga yuborish, zamonaviy ta’lim olish uchun sharoitlar yaratish, davlat-xususiy loyihalarini amalga oshirish, xususan, O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash infratuzilmasini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratayotganidan mamnunmiz.

Shu bois Fransiya tomoni bu yo‘nalishda O‘zbekiston bilan hamkorlikni davom ettirishga va kelajakda O‘zbekiston - Fransiya aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladigan uzoq muddatli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanligini ta’kidlashni istar edim.

Rudolf Luckmann,

Germaniya Federativ Respublikasidagi Anhalt Amaliy fanlar universiteti “Arxitektura va madaniy meros” xalqaro magistratura dasturi direktori, professor:

– Mustaqil O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi hamkorlik bir necha o‘n yillik tarixga ega. Germaniya - O‘zbekiston hamkorligi yilnomasida esa bir necha bor oliy darajadagi tashriflar o‘tkazilgan. Xususan, Germaniya Prezidenti O‘zbekistonga bir necha bor tashrif buyurgan. Germaniya Prezidenti F.-V.Shtaynmayer o‘zining navbatdagi rasmiy tashrifi chog‘ida shunday deganini yaxshi eslayman: “Hozir hamma faqat salbiy, muammolar haqida, dunyo tobora yomonlashib borayotgani haqida gapiryapti... lekin, iltimos, O‘zbekistonga qarang, bu yosh davlat qanday ishonch bilan rivojlanib, qanday to‘g‘ri, muvaffaqiyatli yo‘ldan ketayotganiga e’tibor bering. O‘zbekiston naqadar jadal rivojlanayotganiga nazar tashlasangiz, bu dunyoda hamon yaxshi kelajakka umid borligini tushunasiz...”.

O‘ylaymanki, bu bugungi ikki tomonlama hamkorligimizni aniq-ravshan ifodalaydigan eng yaxshi ta’rifdir. Bu fikrlar GFR Prezidentining niyatlari nekbinligi va samimiyligidan hamda O‘zbekiston bilan ko‘p qirrali hamkorlik aloqalarini har tomonlama chuqurlashtirishga tayyor ekanligidan dalolat beradi.

Yaqinda amaldagi Konstitutsiyaga jiddiy o‘zgartirishlar kiritildi. Ishonchim komilki, yangilangan Konstitutsiyaning qabul qilinishi natijasida mamlakat taraqqiyoti yangi sur’atlarni kasb etadi. Yangilangan Bosh qomus O‘zbekistonga kuchli ijobiy turtki bo‘ladi. Asosiy qonunni bu singari konstruktiv va dolzarb masalalar kiritilgan holda yangilashning ijobiy natijalaridan odamlar yanada ruhlanadi.

Ta’lim sohasidagi hamkorlik haqida quyidagilarni qayd etishni istar edim: Bizning Anxalt Amaliy fanlar universitetimiz Germaniyadagi nufuzli davlat universitetlaridan biri bo‘lib, uning o‘quv dasturi butun intellektual xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olingan. Bugungi kunda talabalarimizning 50 foizdan ortig‘ini xorijliklar tashkil etadi. Hozirgi kunga qadar boshqa xorijiy universitetlar bilan o‘nlab qo‘shma xalqaro ta’lim dasturlarini ishlab chiqqanmiz. O‘zbekiston ta’lim muassasalari orasidan Toshkent arxitektura va qurilish universiteti bilan ilk aloqlarni 1998 yilda yo‘lga qo‘ygan edik. Hamkorlikni professor-o‘qituvchilar almashuvidan boshladik. 2020 yilda “ikki tomonlama diplom berish” (double degree) dasturi joriy etildi, unga ko‘ra, talabalar ikki oliy o‘quv yurtida tahsil olishlari va keyinchalik har ikki muassasaning diplomiga ega bo‘lishlari mumkin. Mazkur loyiha O‘zbekiston bilan hamkorligimiz tarixida bu boradagi eng muvaffaqiyatli tashabbuslardan biriga aylandi. Endilikda ushbu yondoshuvni mashinasozlik, elektrotexnika va qishloq xo‘jaligi singari sohalarga ixtisoslashgan boshqa universitetlar orasida tatbiq etishni rejalashtirmoqdamiz. Buning uchun tajriba va imkoniyatlarimiz yetarli. Bunday loyihalarimiz yuqoridagi yo‘nalishlar bo‘yicha puxta ta’lim olgan mutaxassislar tayyorlashga ulkan hissa qo‘shmoqda. Bu kabi qo‘shma ta’lim dasturlarini joriy etish har ikki davlatning nafaqat gumanitar yo‘nalishda, balki boshqa sohalarini ham yanada yaqinlashtirishiga shubha yo‘q. Shu tariqa doimiy ravishda bilim va tajriba almashish orqali birgalikda eng samarali, ilg‘or o‘qitish usullarini ishlab chiqishimiz mumkin.

Yuqoridagilardan tashqari, O‘zbekiston va Germaniya universitetlari o‘rtasida ta’lim sohasida boshqa ko‘plab istiqbollar ham bor. Bizga faqat ilm-fanda yaratuvchanlik hamda ularni amalga oshirish uchun ishtiyoq lozim va bizda  bularning barchasi mavjud, albatta.

Shaxzad Nasim,

«Meinhardt Group» kompaniyalari guruhi direktorlar kengashining ijrochi raisi, doktor:

- O‘zbekiston haqida gapirganda shuni ta’kidlashni istardimki, Markaziy Osiyoning qoq yuragida joylashgan ushbu mamlakat ulkan salohiyatga egadir. O‘zbekiston shitob bilan rivojlanayotgan iqtisodiyot sohibi bo‘lgani holda so‘nggi besh yil ichida mamlakatda o‘sish sur’ati 5 foizdan ziyodni tashkil etdi. O‘zbekiston biznes yuritish uchun yuqori darajadagi qulayliklarni taklif qilmoqdaki, bu investorlar uchun yaxshi yangilik va imkoniyat hisoblanadi.

Davlat idoralari barcha investorlarga yordam ko‘rsatadi, ularni qo‘llab-quvvatlaydi. O‘zbekiston mamlakatimizning Markaziy Osiyodagi ikkinchi yirik savdo hamkori bo‘lib, qulay jo‘g‘rofiy joylashuvga va Singapurga o‘xshash xususiyatlarga ega. Singapur ASEAN uchun eshikdir, xuddi shuningdek, O‘zbekiston ham Yevropa darvozasi bo‘lishi mumkin.

«Meinhardt Group» O‘zbekistonda yaratilayotgan imkoniyatlardan juda mamnun. Hozirgi paytda Toshkentda o‘z ofisimizni ochish harakatidamiz, vakolatxonamiz idorasi joriy yil avgust oyidan e’tiboran ish boshlaydi. Hozirgi paytda amalga oshirilayotgan yangi Toshkent shahrini rivojlantirishning Bosh rejasini ishlab chiqishda ishtirok etish biz uchun katta sharafdir. Bu O‘zbekiston poytaxtini dunyoning istalgan poytaxti bilan taqqoslashga imkon beradi.

Prezident Shavkat Mirziyoevning Singapurga tashrifi mamlakatimizda juda yaxshi kutib olindi, tashrif juda muvaffaqiyatli bo‘ldi.

Muhandislik ilmidan yaxshi xabardor bo‘lgan Prezident iqtisodiyot va boshqaruv nuqtai nazaridan O‘zbekistonning kelajakdagi o‘zgarishlari yuzasidan ilhomlantiradigan va strategik qarashlarga ega. U Osiyoning eng istiqbolli yetakchilaridan biri bo‘lgani holda mamlakat iqtisodiyotida o‘zgarish yasay oldi, buning natijasi o‘laroq, hozirgi paytda aholining 50 foizi shaharlarda istiqomat qilmoqda. Uning so‘nggi saylovlardagi g‘alabasi esa xalqning yuksak ishonchidan dalolat beradi. Biz uning uzoqni ko‘ra olishiga hamda oldiga qo‘ygan maqsadlariga erishish yo‘lidagi intilishlariga  ishonamiz.

Gao Xansyun,

Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo institutining “Bir makon, bir yo‘l" ilmiy-tadqiqot markazi rahbari :

- Prezident Shavkat Mirziyoevning ochiq, pragmatik siyosati tufayli O‘zbekiston Markaziy Osiyoda barqarorlik va taraqqiyotning o‘zagi bo‘lib qoldi.

So‘nggi yillarda Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik faol rivojlanmoqda, natijada mintaqada mutlaqo yangi muhit paydo bo‘ldi. Shu asnoda biz Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi hamkorlik yangi shaklda faollashayotganiga guvoh bo‘lib turibmiz. Bu esa birgalikdagi taraqqiyot va farovonlikka xizmat qilmoqda.

Shuni alohida ta’kidlashni istardimki, Xitoy va O‘zbekiston ko‘p ming yillik munosabatlar tarixiga ega. Mamlakatlarimiz ko‘p asrlar davomida ko‘hna Ipak yo‘li bo‘ylab shakllangan savdo va madaniy almashuvning faol aloqalarini saqlab kelmoqda.

Bugungi kunda davlatlarimiz o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi va “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasida ilgari surilgan vazifalarning o‘xshashligi va yaqinligi tufayli o‘zaro hamkorlikning tubdan yangi, yuqori darajasiga ko‘tarildi. Bularning barchasi O‘zbekiston-Xitoy munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash uchun mustahkam zamin yaratmoqda.

 

Powered by GSpeech