Jizzaxda qiynoqqa solishga qarshi kurashish bo‘yicha trening boshlandi

25 iyul kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan Jizzax viloyatida “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusidagi o‘quv kursi boshlandi.

Mashg‘ulotlar O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Ichki ishlar vazirligi hamkorligida tashkil etildi.

Trening avvalida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov onlayn videomurojaat yo‘lladi. Tinglovchilarga o‘quv kursidan ko‘zlangan ustuvor maqsad va vazifalar haqida atroflicha tushuncha berildi. 

Milliy markazning Inson huquqlari sohasida ta’lim va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i F.Hayitboev o‘quv mashg‘ulotlari davomida ishtirokchilar inson huquqlari va huquqiy asoslar, qiynoqqa solishga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro amaliyot va milliy tajriba bilan tanishishlarini ta’kidladi. O‘quv kursi dasturi doirasida bir qator dolzarb mavzularda ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish nazarda tutilgan.

Bu o‘rinda, xususan:

  • “Inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlar, asosiy tamoyillar”;
  • “Migrantlar va apatridlarga nisbatan qiynoqqa qarshi kurashishning xorij tajribasi”;
  • “Nelson Mandela qoidalarining mazmun-mohiyati”;
  • “Qiynoq hamda muomala va jazolashning qattiq, shafqatsiz, insoniylikka zid yoki qadr-qimmatni kamsituvchi turlariga qarshi konvensiya”;
  • “Qiynoqqa qarshi konvensiyaga oid Fakultativ protokol”;
  • “Qiynoqlarning oldini olishga oid milliy preventiv mexanizmlar: xalqaro tajriba va milliy amaliyot”;
  • “Ushlab turish, qamoqqa olishga oid xalqaro standartlar, mahbuslar huquqlarini ta’minlash kafolatlari” mavzularidagi mashg‘ulotlar haqida so‘z bormoqda.

Treningda Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Davlat va huquq instituti, Ichki ishlar vazirligining Akademiyasi va Malaka oshirish instituti rahbariyati hamda professor-o‘qituvchilari o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etmoqda.

Mashg‘ulotlarda Jizzax viloyati prokuraturasidan 10 nafar va ichki ishlar tizimidan 50 nafar xodim tinglovchi sifatida qatnashmoqda. Mashg‘ulotlar 26 iyul kuni yakuniga yetadi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech