Milliy preventiv mexanizmlarni takomillashtirishga oid qonun loyihasi – jamoatchilik muhokamasida

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 75 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar dasturida, jumladan, qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizmning qonuniy asoslarini rivojlantirish zarurligi ko‘zda tutilgan. Dastur O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 12 maydagi Farmoni bilan tasdiqlangan.

Shu asosda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksiga qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizmni takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Ayni vaqtda ushbu qonun loyihasi regulation.gov.uz   saytiga joylashtirilgan. Loyiha yuzasidan jamoatchilik muhokamasi davom etmoqda.

Qonun loyihasi Jinoyat-ijroiya kodeksiga tegishli qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutadi. Xususan, mazkur Kodeks “Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llashning oldini olish bo‘yicha Milliy preventiv mexanizm” deb nomlangan 41-bob bilan to‘ldirilmoqda.

Yangi bobda milliy preventiv mexanizm ishtirokchilari, ularning vakolatlari, huquq va majburiyatlari, monitoring tashriflari turlari va davriyligi, monitoring tashriflarini o‘tkazish tartibi, monitoring tashriflari yakunlari bo‘yicha tavsiyalar berish, monitoring tashriflari natijalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarning maxfiyligi va ulardan foydalanish tartibi kabi masalalar o‘z aksini topgan.

Qonun loyihasining qabul qilinishi qiynoqlarning oldini olishga oid amaldagi mexanizmlarni takomillashtirish va bu boradi yangi mexanizmlarni joriy etishga yo‘l ochadi. Shu bilan birga, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi va Qiynoqqa qarshi qo‘mitasining qiynoqlar oldini olish bo‘yicha tavsiyalari to‘la bajarilishiga hamda mamlakatning xalqaro imiji yaxshilanishiga xizmat qiladi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech