“Odil sudlovni amalga oshirishda inson huquqlarini ta’minlash” mavzusidagi yozgi maktab o‘z ishini boshladi

Bugungi kunda sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda boshqa davlat organlari xodimlarining inson huquqlari bo‘yicha malakasini oshirish ishlari tizimli yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu, o‘z navbatida, jamiyatimizda inson huquqlari va erkinliklariga hurmat hissining mustahkamlanishi hamda xalqaro tashkilotlar tavsiyalarining bajarilishida alohida ahamiyat kasb etadi.

 29 iyul kuni o‘z ishini boshlagan “Odil sudlovni amalga oshirishda inson huquqlarini ta’minlash” mavzusidagi 4 haftalik yozgi maktab ayni yo‘nalishda muhim o‘rin tutadi. U Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Sudyalar oliy maktabi, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi hamda Oliy sud tomonidan o‘zaro hamkorlikda tashkil etildi.

Tadbirning birinchi haftasi mashg‘ulotlarida Toshkent shahar va poytaxt viloyat sudlari hamda prokuraturalarining qariyb 50 nafar xodimi  bevosita ishtirok etmoqda. Shuningdek, mamlakatimizning boshqa hududlaridan ayni sohalar vakillari onlayn tarzda qatnashmoqda.

Yozgi maktab mashg‘ulotlarida davlat organlari xodimlarining inson huquqlarini amalda qo‘llash borasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Chunki O‘zbekistonning xalqaro majburiyatlarini bajarishda ishtirok etayotgan davlat organlari va tashkilotlar mutaxassislarining inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlar bo‘yicha malakasini muntazam oshirib borish islohotlarimiz talabidir.

Mashg‘ulotlarning dastlabki kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bo‘lim boshlig‘i K.Olimova “Odil sudlovni amalga oshirishda inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlar” mavzusida ma’ruza qildi. Ma’ruzachi ishtirokchilarning savollariga batafsil javob qaytardi.

Yozgi maktab mashg‘ulotlari davom etmoqda.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech