“Yangi O‘zbekiston va inson huquqlari” turkumida yangi risola nashrdan chiqdi

Inson  huquqlari bo‘yicha milliy institutlar inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishning mavjud shakllari hamda vositalarini to‘ldiradi, fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga va inson huquqlari madaniyatini yuksaltirishga ko‘maklashadi. Davlat inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar faoliyatini tashkil etish uchun shart-sharoitlar yaratadi. Bu qoidalar yangilangan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 56-moddasida mustahkamlab qo‘yildi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, shuningdek, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), Bolalar ombudsmani va Biznes-ombudsman mamlakatimizda  faoliyat olib borayotgan inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar hisoblanadi. Ayni konstitutsiyaviy normalar ushbu tuzilmalar faoliyatiga bevosita taalluqlidir.

Yaqinda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan “Yangi O‘zbekiston va inson huquqlari” turkumida navbatdagi risola nashr etildi. Akademik Akmal Saidov qalamiga mansub mo‘jaz kitob “Sayyora Rashidova – O‘zbekiston Ombudsmani asoschisi” deb nomlangan.

Risolada O‘zbekistonda birinchi Ombudsman, akademik Sayyora Rashidova rahbarligidagi Inson huquqlari bo‘yicha vakil institutining tashkil topishi va rivojlanishi tarixi ochib berilgan. Risola keng kitobxonlar ommasi uchun mo‘jallangan.

Yangi nashr o‘zbek, ingliz va rus tillarida chop etilgan. Rangli va ko‘rkam fotolavhalar ilova qilingan.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech