Inson huquqlari bo‘yicha milliy strategiya ijrosi 79 foizga bajarildi

O‘tgan olti oyda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasini amalga oshirish yuzasidan “Yo‘l xaritasi”ning 62 ta bandi bajarildi. Bu – Milliy strategiya ijrosi 79 foizga yetdi, deganidir.

2023 yil birinchi yarmida Milliy strategiya doirasida 7 ta qonun, 8 ta Prezident farmon va qarorlari, 3 ta Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilindi, 1 ta xalqaro shartnoma ratifikatsiya qilindi.

Sohaga aloqador uchta muhim hujjat:

  • BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi tavsiyalarini amalga oshirish yuzasidan Milliy harakatlar rejasi;
  • Terrorizmga qarshi kurashda inson huquqlarini rag‘batlantirish va himoya qilish masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachi (F.Ni Aolayn) tavsiyalarini bajarish yuzasidan Milliy harakatlar rejasi;
  • Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha O‘zbekistonning Dastlabki milliy ma’ruzasi ishlab chiqildi.

Oliy Majlis palatalari tomonidan tasdiqlangan quyidagi Milliy harakatlar rejalarining ijrosi monitoring qilindi.

Birinchidan, Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani amalga oshirish bo‘yicha 2023-2025 yillarga mo‘ljallangan Milliy harakatlar rejasining (jami 43 ta band) 8 ta bandi bo‘yicha ishlar yakunlandi.

Ikkinchidan,  Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya qoidalari ijrosi yuzasidan 2022-2025 yillarga mo‘ljallangan Milliy harakatlar rejasining (jami 69 ta band) 14 ta bandi bajarildi.

Uchinchidan, Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt qoidalarini bajarish yuzasidan 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Milliy harakat rejasining (jami 34 ta band) 8 ta  bandidagi vazifalar to‘liq amalga oshirildi.

O‘zbekiston Prezidentining 2023 yil 7 fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturi doirasida hamkor tashkilotlar bilan birgalikda:

  • «Inson huquqlari haftaligi»;
  • “Inson huquqlari – oliy qadriyat” mavzusida videokonferensiya;
  • #Inson_huquqlari_oliy_qadriyat xeshtegi;
  • “Inson huquqlari bilimdoni” viktorinasi;
  • “Inson huquqlari bolalar nigohida” tanlovi;
  • ko‘plab muloqot hamda uchrashuvlar o‘tkazildi.

Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda Farg‘ona, Buxoro, Toshkent, Surxondaryo, Andijon, Namangan, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusidagi o‘quv kurslari tashkil etildi. Unda ichki ishlar va prokuratura tizimlaridan 470 nafar xodim ishtirok etdi.

Shuningdek, Toshkent shahri va Toshkent viloyati hamda Buxoro shahrida “Nelson Mandela qoidalari va qiynoqlarning oldini olish” mavzusida trening o‘tkazildi. Unda Toshkent shahri va poytaxt, Buxoro, Navoiy hamda Samarqand viloyatlaridagi jazoni ijro etish muassasalari vakillari qatnashdi.

Turli vazirlik va idoralardan kelgan 35 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi ekspertizadan o‘tkazildi. Markaz tashabbusi bilan inson huquqlari masalasiga oida 3 ta Prezident farmoni va qarorlari qabul qilindi.

O‘zbekiston Prezidentining 2023 yil 12 maydagi farmoni bilan tasdiqlangan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 75 yilligini keng nishonlash to‘g‘risidagi Tadbirlar dasturining (jami 30 ta band) 6 ta bandi bajarildi.

Milliy markaz vakillari Nyu-York, Jeneva, Pekin, Jidda, Vena, Varshava, Skope, Moskva, Sankt-Peterburg, Olmaota, Ostona shaharlarida inson huquqlari mavzusiga bag‘ishlab o‘tkazilgan turli forumlarda qatnashdi.

Hisobot davrida Milliy markazda 20 ga yaqin xalqaro tashkilot va xorijiy davlatlar delegatsiyalari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.

BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissarining (Folker Tyurk) O‘zbekistonga rasmiy tashrifi yakunlariga oid tavsiyalari asosida “Yo‘l xaritasi” tayyorlandi. Hujjat parlament palatalari Kengashlarining Qo‘shma qarori bilan tasdiqlandi.

Milliy markazga 2023 yil birinchi yarmida pochta orqali – 682 ta, shaxsiy qabul jarayonida – 168 ta, telefon orqali – 1 ming  200 dan ortiq murojaat kelib tushdi. Ular qonun talablari asosida ko‘rib chiqilib, fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklashga ko‘maklashildi.

Markaz tomonidan hamkor tashkilotlarni jalb qilingan holda Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida jazoni ijro etish muassasalari, tergov hibsxonalari va ichki ishlar idoralarida joylashgan vaqtinchalik saqlash hibsxonalarida inson huquqlariga rioya etilishi ahvoli yuzasidan monitoring o‘tkazildi.

Yanvar-iyul oylari davomida Milliy markaz tomonidan inson huquqlariga oid 15 ta kitob tayyorlandi va chop etildi.

Hududlardagi axborot-kutubxona markazlarida “Konstitutsiya va inson huquqlari bo‘yicha adabiyotlar” yo‘nalishi tashkil qilindi. Ushbu kutubxonalarga jami 2 ming 150 dona kitob va 600 dan ortiq ilmiy-huquqiy jurnal beg‘araz taqdim etildi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
 

Rasmiy xabarlar 

Powered by GSpeech