Inson huquqlari sohasidagi ta’lim insonlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik jabhalarda, umuman, o‘z hayotiga daxldor bo‘lgan qarorlarni qabul qilishning barcha jarayonlarida to‘laqonli ishtirokini ta’minlash, shuningdek huquqbuzarliklar, zo‘ravonlik va nizolarning oldini olishda muhimdir. Shu ma’noda, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan 2023 yilning birinchi yaramida inson huquqlari sohasidagi ta’lim yo‘nalishida muayyan natijalarga erishilganini ta’kidlash lozim.
BMTning Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyasi hamda 2020–2024 yillarda BMT Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichida belgilangan vazifalarni samarali va o‘z vaqtida amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 7 fevraldagi qarori bilan Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturi tasdiqlandi.
Dastur loyihasi BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi va BMTning Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi vakillari hamda milliy ekspertlar ishtirokida keng muhokama qilindi. Qaror bilan 7 ta ustuvor yo‘nalish va 30 ta banddan iborat O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.
Qaror ijrosi doirasida 2023 yil 20-28 fevral kunlari «Inson huquqlari haftaligi» davlat organlari, ta’lim tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda butun mamlakat miqyosida o‘tkazildi.
20 fevral kuni Milliy markazda Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda “Inson huquqlari – oliy qadriyat” mavzusida videokonferensiya tashkil etildi. Videokonferensiyada 2 ming nafardan ortiq yoshlar ishtirok etdi.
Yoshlar ishlari agentligi tashabbusi bilan mamlakat bo‘ylab yoshlar o‘rtasida #Inson_huquqlari_oliy_qadriyat xeshtegi tashkil etildi va hududlardagi rasmiy kanallarda targ‘ibot sifatida yoritib borildi, unda 4 mingga yaqin yoshlar ishtirok etdi.
Mamlakatimizning tuman, shahar va mahallalarida “Inson huquqlari – oliy qadriyat” mavzusida “Prokuror va yoshlar”, “Sudya va yoshlar”, “Adliya rahbari va yoshlar”, “IIB rahbari va yoshlar”, “DXX rahbari va yoshlar” kabi turli uchrashuvlar tashkil etildi. Mamlakat miqyosida tashkil etilgan uchrashuvlarda 8 mingdan ortiq yoshlar ishtirok etdi.
Aholining huquqiy ongi va madaniyatini oshirishga qaratilgan huquqiy test savollarini o‘z ichiga olgan “Inson huquqlari bilimdoni” viktorinasi tashkil etildi. Shuningdek, “Tong yulduzi”, “Klass” gazetalari tahririyatlari bilan hamkorlikda “Inson huquqlari bolalar nigohida” tanlovi o‘tkazildi.
Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturi ijrosini ta’minlash maqsadida Milliy markaz tomonidan Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun qiynoqqa solishga qarshi kurashish bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslarini o‘tkazish jadvali, o‘quv kurslari dasturi va moduli ishlab chiqildi.
Joriy yilning birinchi yarmida Farg‘ona (22-23 fevral), Buxoro (29-30 mart), Toshkent (18-19 aprel), Surxondaryo (17-18 may), Andijon (20-21 iyun), Namangan (22-23 iyun) viloyatlarida, milliy va xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda, “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusidagi o‘quv kurslari onlayn va oflayn formatda tashkil etildi. O‘quv kurslarida har bir hududdan ichki ishlar (50 nafar) va prokuratura (10 nafar) tizimidagi tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalarining jami 350 nafar xodimi ishtirok etdi.
Shuningdek, 2023 yil 19-21 iyun kunlari Toshkent shahri va Toshkent viloyatida, 23 iyun kuni Buxoro shahrida “Nelson Mandela qoidalarining asosiy tamoyillari va jazoni ijro etish muassasalarida qiynoqlar, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarining oldini olish” mavzusidagi treninglar o‘tkazildi. O‘quv mashg‘ulotlarida Toshkent shahri va Toshkent, Buxoro, Navoiy va Samarqand viloyatlaridagi jazoni ijro etish muassasalari vakillari ishtirok etdi.
2023 yil 11-12 may kunlari Xiva shahrida prokuratura va ichki ishlar organlari xodimlari uchun “Terrorizmga qarshi samarali kurashish sharoitida inson huquqlarini himoya qilish” mavzusidagi amaliy o‘quv seminari o‘tkazildi. Mashg‘ulotlar YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi ofisi vakillari bilan hamkorlikda tashkil qilindi.
2023 yil 6-9 iyun kunlari YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi bilan hamkorlikda “Ayollarning rolini kuchaytirish, tinchlik va xavfsizlik” mavzusida o‘quv seminarlari o‘tkazildi. Ushbu mashg‘ulotlar sudyalar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar, Favqulodda vaziyatlar vazirligi vakillari uchun tashkil etildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 11.08.2023
- Ko'rishlar: 3698
- Chop etish