12 avgust — Xalqaro yoshlar kuni

«Insoniyat kelajagi butun dunyo yoshlarining bemisl shiddat-shijoati, orzu va g‘oyalari hamda shu ezgu maqsadga munosib hissa qo‘shishga qaratilgan astoydil sa’y-harakatlariga bog‘liq». BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish 12 avgust – Xalqaro yoshlar kuniga bag‘ishlangan murojaatnomasida shunday deb ta’kidladi.

Xalqaro yoshlar kuni 1999 yil 17 dekabrda BMT Bosh Assambleyasi o‘zining 54/120-sonli rezolyusiyasi bilan ta’sis etilgan. Ushbu kunda jahon hamjamiyatining diqqat-e’tibori yoshlarga oid masalalarga yana bir bor qaratiladi.

Milliy qonunchiligimizga ko‘ra, 30 iyun – O‘zbekiston Respublikasida Yoshlar kuni etib belgilangan. Shuningdek, 2020 yil 30 iyunda Prezident Farmoniga asosan yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshiruvchi vakolatli davlat boshqaruvi organi – O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi tashkil etildi.

Qonunchilikda O‘zbekiston yoshlariga, xususan, quyidagi imtiyozlar ko‘zda tutilgan:

▪ Mehnat kodeksida yoshlar uchun alohida kafolatlar belgilangan, jumladan 16 dan 18 yoshgacha bo‘lganlar uchun ish vaqti haftasiga 36 soatdan oshmasligi lozim;

▪ muddatli harbiy xizmatni o‘tagan va kontrakt bo‘yicha o‘qiyotgan ijtimoiy faol talabalarga kontrakt summasining 35 foizi to‘lab beriladi;

▪ kontrakt asosida o‘qiyotgan talabalarga ta’lim krediti beriladi;

▪ yoshlar muammolari bilan ishlashning yangicha tizimi – «Yoshlar daftari» (https://yoshlardaftari.uz/) ishga tushirilgan;

▪ «Yoshlar daftari»ga kiritilganlarning nogiron oila a’zolariga dori-darmon, nogironlik aravachalari, eshitish apparatlari va ortopedik mahsulotlar xarid qilish uchun BHMning 5 baravari miqdorida yordam ko‘rsatiladi;

▪ nogironligi bo‘lgan yoshlarga o‘qish, yashash va transport xarajatlarini qoplash uchun 15 mln so‘mgacha subsidiya ajratiladi;

▪ davlat oliy ta’lim muassasalariga kirishda eng yuqori ball to‘plagan 200 nafar yoshlar uchun Prezident granti joriy qilingan;

▪ ijtimoiy faol yoshlarga oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda imtiyozlar beriladi;

▪ mahalladagi yoshlar yetakchilari tavsiyasi asosida yoshlarga 20 turdagi yordam beriladi;

▪ ayrim yoshlar oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishda test sinovlarida ishtirok etish uchun undiriladigan to‘lovlardan ozod etiladi;

▪ «Moziyga sayohat» dasturi doirasida «Yoshlar daftari»ga kiritilganlar davlat muzeylariga bepul kiritiladi;

▪ xorijdagi yosh vatandoshlarning vazirliklar, idoralar va tashkilotlarda ishlashi uchun shart-sharoit yaratiladi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech