Migrantlar huquqlari: xalqaro standartlar va milliy qonunchilik

16 avgust kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Kambag‘allikni qichqartirish va bandlik vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi, hamda Huquqni muhofaza qilish akademiyasi bilan hamkorlikda “Migrantlar huquqlari: xalqaro standartlar va milliy qonunchilik” mavzusidagi o‘quv kursi o‘tkazildi.

Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xodimlari uchun mo‘ljallangan ushbu mashg‘ulotlar onlayn va offlayn shaklda tashkil etildi.

Tadbirda asosiy maqsad Migratsiya agentligi xodimlarining migratsiya huquqi va munosabatlarini tartibga soluvchi xalqaro va milliy migratsiyaviy-huquqiy normalar, migratsiya jarayonlarini ma’muriy-huquqiy tartibga solishning nazariy asoslari, zamonaviy bosqichdagi migratsiya sohasidagi davlat siyosatining mazmuni va asosiy yo‘nalishlari yuzasidan bilim va ko‘nikmalarini oshirishga qaratildi.

O‘quv kurs avvalida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov videomurojaat yo‘lladi. Tinglovchilarga co‘ngi yillarda davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan islohotlar jadallashib, migratsiya sohasida ham ochiqlik siyosati olib borilayotganiga e’tibor qaratildi.

Mashg‘ulotlarda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Ichki ishlar vazirligi, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining tajribali mutaxassislari o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining markaziy apparati va mintaqaviy filiallarining 100 nafarga yaqin xodimi tinglovchi sifatida qatnashdi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

 

Powered by GSpeech