A.Saidov Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Elchisi Yuy Szyun bilan uchrashdi

Joriy yilning 17 avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari A.Saidov Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Elchisi Yuy Szyunni qabul qildi.

Uchrashuv avvalida Elchi taklifni qabul qilgani uchun o‘zbek tomoniga o‘zining samimiy minnatdorligini bildirdi.

Konstitutsiyaviy islohotlar munosabati bilan joriy yil aprel oyida o‘tkazilgan umumxalq referendumi hamda muddatidan ilgari Prezident saylovining muvaffaqiyatli o‘tgani o‘zbek xalqining birdamligi hamda mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga ishonchi ifodasi ekanligini alohida e’tirof etdi.

Inson huquqlari sohasidagi normalarni Asosiy Qonunda aks ettirish, bu mamlakatda barqarorlik va farovonlikni ta’minlashda asosiy poydevor bo‘lib xizmat qilishi qayd etildi.

Jumladan, Yu.Szyun O‘zbekiston Prezidenti Sh.Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan muvozanatli, ochiq va konstruktiv tashqi siyosat xalqaro hamjamiyat tomonidan yuqori baholanayotganligini ta’kidladi.

Elchi, keyingi yillarda ikki tomonlama sheriklik munosabatlarini rivojlantirishda katta yutuqlarga erishilayotganini alohida qayd etdi.

Xususan, Yu.Szyun joriy yilning 19 may kuni Xitoy Xalq Respublikasining Sian shahrida bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo - Xitoy” birinchi sammiti doirasida bo‘lib o‘tgan muzokaralar va erishilgan kelishuvlarning ahamiyatini alohida e’tirof etdi.

Shu bilan birga, uchrashuvda parlamentlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish, jumladan, parlamentlararo do‘stlik guruhlari faoliyatini yanada jonlantirish, o‘zaro tashriflar almashinuvini davom ettirish, ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash masalalariga ustuvor ahamiyat qaratish joizligi qayd etildi.

Parlamentlararo aloqalarning nafaqat ikki tomonlama, balki nufuzli xalqaro tashkilotlar doirasida ham hamkorlikda faollashtirish masalalari muhokama qilindi.

Oʼzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi

Powered by GSpeech