Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston fuqaroligini olish uchun davlat tilini bilish bo‘yicha imtihon topshirish tartibiga yangiliklar kiritilgani haqida xabarlar tarqaldi.
O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilishda davlat tilini bilish darajasini aniqlash Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 28 sentyabrdagi qarori bilan tasdiqlangan nizom asosida tartibga solingan. Fuqarolikka qabul qilishdagi asosiy talablardan biri — talabgorning davlat tili bo‘yicha ko‘nikmalarini baholashdan iborat.
Ijtimoiy tarmoqlardagi kechagi xabarga keladigan bo‘lsak, aslida joriy yilning 14 avgustida fuqarolik olish tartibiga bir qator yangiliklar kiritildi.
Ular nimalardan iborat?
Birinchidan, endilikda fuqarolikka qabul qilishda talabgorlarning davlat tilini bilish darajasini aniqlash uchun hujjatlar bevosita davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali yuboriladi.
Talabgorlarning davlat tilini bilish darajasini aniqlash Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan amalga oshiriladi.
Avvalgi tartibga ko‘ra, talabgor bevosita Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi va uning hududiy bo‘linmalariga borib hujjat topshirgan.
Ikkinchidan, fuqarolik olishga talabgor ortiqcha hech qanday hujjat topshirishi shart emas, faqat davlat xizmatlari markazi yoki YaIDXP orqali so‘rovnomaga o‘zi haqidagi ma’lumotlarni to‘g‘ri va to‘liq kiritsa, yetarli.
Talabgorning shaxsini tasdiqlovchi ma’lumotlar hamda fotosurati davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi tomonidan vakolatli organlar orqali elektron so‘rov asosida olinadi.
Ilgari talabgor shaxsini tasdiqlovchi hujjat asli (nusxa olib qaytarib berilgan) hamda 3,5x4,5 o‘lchamli rangli 2 dona fotosuratni topshirishi kerak bo‘lgan.
Uchinchidan, davlat tilini bilish darajasini aniqlash uchun BHMning 20 foizi (66 ming so‘m) miqdoridagi to‘lov Yagona billing tizimi orqali to‘lanadi.
Shuningdek, talabgor xizmatdan YaIDXP orqali foydalansa, to‘lov 90 foiz miqdorda undiriladi, ya’ni 66 ming so‘m emas, 59 ming 400 so‘m bo‘ladi.
Oldin bunday chegirma yo‘q edi.
To‘rtinchidan, davlat tilini yetarli darajada bilish yoki bilmaslik haqidagi xulosadan norozi bo‘lganlar uchun apellyatsiya berish huquqi kiritildi.
Unga ko‘ra, talabgor natija chiqqanidan keyin 5 ish kunida davlat xizmatlari markazi yoki YaIDXP orqali Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazining o‘ziga norozilik haqida ariza berishi mumkin bo‘lmoqda.
Apellyatsiya ko‘rib chiqilib, quyidagi qarorlardan biri qabul qilinadi:
— natijani o‘zgarishsiz qoldirish va apellyatsiyani rad etish;
— natijani o‘zgartirish va apellyatsiyani qondirish;
— imtihonni bekor qilish va takroriy imtihon tayinlash.
Imtihon takroriy o‘tkazilganda bosh qa to‘lov undirilmaydi.
Talabgor apellyatsiya natijalaridan norozi bo‘lsa sudga murojaat qilishi mumkin.
Bungacha apellyatsiya berish tartibi mavjud bo‘lmagan.
Umuman olganda, keyingi yillarda mamlakatimizda fuqarolik berish tartibi jiddiy soddalashtirildi. Buni raqamlar tahlili ham ko‘rsatadi. Masalan, 1991 yildan 2007 yilga qadar mamlakatimizda jami 482 nafar fuqaroligi bo‘lmagan shaxs O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilingan bo‘lsa, 2007 yildan 2016 yilning dekabr oyiga qadar hech kimga fuqarolik berilmagan.
Faqatgina 2016 yildan boshlab fuqarolik berish boshlandi. Shundan buyon 23 mingdan ziyod hamyurtimiz O‘zbekiston fuqarosi, degan yuksak sharafga ega bo‘ldi.
Furqat TOJIYEV,
Adliya vazirligi boshqarma boshlig‘i
- Qo'shildi: 18.08.2023
- Ko'rishlar: 3934
- Chop etish