23-24 avgust kunlari Jizzax va Navoiy viloyatlarida "Biznes va inson huquqlari" mavzusida o‘quv kurslari bo‘lib o‘tdi. Bunga qadar, 21-22 avgust kunlari shunday mashg‘ulotlar Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida bo‘lib o‘tgandi.
Tadbirkorlar va fermerlar uchun mo‘ljallangan mazkur o‘quv seminarlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risidagi 46-sonli qarori ijrosi dorasida o‘tkazilmoqda.
Mashg‘ulotlar O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi tashabbusi bilan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari bo‘yicha vakil hamkorligida tashkil etilmoqda.
Seminarlarda Savdo-sanoat palatasining hududiy boshqarmasi boshliqlari, Biznes-Ombudsmanning tegishli viloyatlardagi vakillari, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining ayni viloyatlardagi ma’sullari hamda tadbirkor va fermerlar ishtirok etdi. Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz yetakchi mutaxassisi A. Nabiyev o‘z ma’ruzasi bilan onlayn tarzda qatnashdi.
O‘quv davomida bir qator, xususan:
- biznesda korrupsiyaga qarshi kurashish va tadbirkorlarning huquqiy ongini rivojlantirish;
- tadbirkorlarning yer bilan bog‘liq huquqlari va ularni amalga oshirish mexanizmlari;
- tadbirkorlikning qonunchilik asoslari, sohadagi qo‘llab-quvvatlash tizimi;
- fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini, shu jumladan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, tayyorlov, ta’minot va xizmat ko‘rsatish tashkilotlari bilan munosabatlarda, nazorat qiluvchi organlar tomonidan tekshirishlar o‘tkazish jarayonida hamda sudlarda ishlarni ko‘rib chiqishda himoya qilish;
- biznes sohasida inson huquqlariga rioya qilish: xalqaro amaliyot;
- BMTning inson huquqlari nuqtai nazaridan tadbirkorlik faoliyatining dasturamal tamoyillari;
- tadbirkorlarning huquqlarini himoya qiluvchi organlar faoliyati;
- tadbirkorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash mexanizmlari;
- tadbirkorlik huquqlarini himoya qilishga oid qonunchilik tahlili kabi mavzular muhokama qilindi.
Mashg‘ulotlar yakunida tadbirkorlar va fermerlarning murojaatlari tinglandi. Mazkur murojaatlar bo‘yicha tegishli tashkilot mas’ullari tomonidan batafsil tushunchalar berildi.
Xuddi shunday seminarlar Farg‘ona, Xorazm, Namangan, Andijon, Sirdaryo, Surxondaryo, Samarqand, Toshkent viloyatlari, Toshkent shahrida hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida avgust oyining oxirigacha o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
Savdo-sanoat palatasi Jizzax viloyat hududiy boshqarmasi axborot xizmati
- Qo'shildi: 25.08.2023
- Ko'rishlar: 3636
- Chop etish