Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!
Joriy yilda mamlakatimiz mustaqilligining 32 yilligi tantanalari bir qator ulkan ijtimoiy-siyosiy voqealar bilan uyg‘unlik va hamohanglikda nishonlanmoqda. Xususan, 30 aprelda bo‘lib o‘tgan umumxalq referendumida yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilindi, 9 iyulda muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi o‘tkazildi.
Bularning barchasi eng ulug‘, eng aziz bayramimiz shukuhini yanada oshirmoqda. Chunki referendum bilan saylov va Konstitutsiya inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga xizmat qiladigan muhim demokratik hamda huquqiy vositalardir.
Mustaqillik – erkin va baxtli yashash huquqi. Bashariyat tarixi shundan dalolat beradiki, har bir xalq faqat erkin va ozod bo‘lgan taqdirdagina, o‘z hayoti va kelajagini mustaqil barpo etish huquqiga ega bo‘ladi.
Mustaqillik – bu inson huquq va erkinliklari, uning qonuniy manfatlarini har tomonlama va to‘liq ta’minlashning bosh mezoni.
Mustaqillik – milliy va umuminsoniy qadriyatlar uyg‘unligi ruhida yashash, istiqlol g‘oyalarini yurtdoshlarimiz, xususan, yosh avlod qalbi va ongiga yanada teran singdirish, jahon hamjamiyatidan munosib o‘rin egallashning eng asosiy va muhim sharti, milliy taraqqiyotimiz kafolati.
Mustaqillik – biz barpo etayotgan Yangi O‘zbekistonning o‘q ildizi.
Mustaqillik – biz poydevorini tiklayotgan Uchinchi Renessansning mustahkam tayanchi.
Ushbu buyuk ne’mat sizu bizning taqdirimizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri daxldor.
…1989 yil 21 oktyabrda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berildi. So‘ng 1990-1991 yillarda qabul qilingan qator hujjatlar asosida yurtimizda Navro‘z qayta tiklandi, Ramazon va Qurbon hayitlari katta bayram hamda dam olish kunlari deb e’lon qilindi. Qur’oni karim va Hadis kitoblarining o‘zbek tilida emin-erkin nashr etilishi yo‘lga qo‘yildi.
Mustaqillik arafasida O‘zbekiston bo‘yicha 2,5 million oilaga hammasi bo‘lib 700 ming gektar sug‘oriladigan yer tomorqa sifatida xususiy mulk qilib berildi. Bugun to‘la ishonch bilan aytish mumkinki, bu murakkab masalaga ana shunday oqilona yondashuv tufayli O‘zbekiston bo‘yicha ming-minglab odamlar uy-joyli, ishli bo‘ldi, bozorlarda mahsulot ko‘payib, narx-navo arzonlashdi, eng muhimi, qaltis pallalarda ijtimoiy keskinlikning oldini olishga erishildi. Vaholanki, sho‘rolar 74 yil davomida xalqqa bor-yo‘g‘i 300 ming gektar yerni zo‘rg‘a bergan.
Ittifoqdosh respublikalar orasida birinchi bo‘lib O‘zbekistonda 1990 yil 24 martda Prezidentlik instituti joriy etildi.
Albatta, mustaqillikning dastlabki chorak asri davomida yutuqlar bilan birga muayyan kamchiliklar ham bo‘ldi. Bu ham tabiiy. Chunki davr juda murakkab, qaltis edi. Ular haqida yozish uchun ko‘p qog‘oz qoralash lozim. O‘tgan davrda erishilgan muvaffaqiyatlardan ham, xato va kamchiliklardan ham to‘g‘ri xulosa chiqarmoq darkor. Zero, eng katta xato oldingi xatoni takrorlashdir.
Istiqlolning o‘tgan har yili milliy mustaqilligimizni mustahkamlash va rivojlantirishning sharafli bosqichlari sifatida tarix sahifalariga zarhal harflar bilan bitilmoqda. Ayniqsa, keyingi qariyb yetti yilda hayotimizning turli sohalarida o‘tgan davrda yig‘ilib qolgan muammolar – mohirlik bilan hal etilayotgani; mavjud kamchiliklar – oqillik negizida bartaraf qilinayotgani; yo‘l qo‘yilgan ayrim xatolar – odillik asosida tuzatilayotgani har qancha tahsinga sazovor.
Bunda, shubhasiz, xalqimiz Shavkat Mirziyoyev nomzodi uchun 2016 yil dekabri (88, 61 foiz), 2021 yil oktyabri (80, 31 foiz) va 2023 yil iyulida (87, 05 foiz) bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovlarida ishonch bilan eng ko‘p ovoz bergani beqiyos ahamiyatga ega. Chunki yurtdoshlarimiz so‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida xalqimizning mushkulini oson, og‘irini yengil, turmushini farovon qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan shiddatli va qamrovdor islohotlar samaralaridan bahramand bo‘lmoqda.
Bu ulug‘vor ishonch zamirida davlat rahbarining so‘nggi yillarda mamlakatimizda Yangi O‘zbekistonni barpo etish hamda Uchinchi Renessans poydevorini tiklash yo‘lida amalga oshirayotgan keng qamrovli va ezgu amallari bilan xalqimiz qalbidan mustahkam joy egallaganidek ayon voqelik mujassam.
Jadal sur’atlarda rivojlanayotgan dunyoda faqat zamon bilan hamnafas odimlayotgan, jamiyat va davlatni modernizatsiya qilish uchun zarur islohotlarni amalga oshirayotgan davlatlargina raqobatbardosh bo‘la oladi. Bu oddiy va asl haqiqat, o‘z navbatida, Yangi O‘zbekiston uchun yangi siyosat va mamlakat taraqqiyoti uchun uzoq muddatli strategiyalar ishlab chiqishni hayotiy zaruratga aylantirdi.
Yangi O‘zbekistonning birinchi strategik dasturi – O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasidir. Jamiyat va davlatni barqaror rivojlantirishning mazkur besh yillik strategiyasi yurtimizda tub va jadal demokratik islohotlarning mutlaqo yangi bosqichini boshlab berdi.
Xalqimizning ulug‘vor qudratiga tayanib O‘zbekistonda yangi Uyg‘onish – Uchinchi Renessans davri poydevorini yaratishga qaratilgan Harakatlar strategiyasi asosida 2017-2021 yillarda qanchadan-qancha salmoqli chora-tadbirlar amalga oshirildi. Bu ulkan ko‘lamdagi yangilanishlarning tezkor va tizimli, o‘zaro aloqador va bir-biriga chambarchas bog‘liqlikda hayotga tatbiq etilgani, ayniqsa, diqqatga loyiqdir.
Bu o‘rinda siyosiy tizimni modernizatsiya qilish, chuqur ma’muriy islohotlar o‘tkazish, sudlarning haqiqiy mustaqilligi va erkinligini ta’minlash, iqtisodiyotni liberallashtirish, qulay biznes va investitsiya muhitini yaratish, millatlararo totuvlik va dinlararo bag‘rikenglikni, puxta o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va konstruktiv tashqi siyosatni amalga oshirish borasidagi tub o‘zgarishlar haqida so‘z bormoqda.
Harakatlar strategiyasini ijro etish uchun 300 dan ortiq qonun va kodeks, Prezidentimizning 4 mingdan ortiq farmon va qarorlari, ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy, ilmiy-texnik, sud-huquq, gumanitar va boshqa sohalarni rivojlantirish bo‘yicha ko‘plab normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Shu tariqa Yangi O‘zbekiston poydevorining huquqiy asoslari yaratildi. Yanada muhimi, bu hujjatlar samaralaridan xalqimiz mamnun va manfaatdor bo‘ldi.
Yangi O‘zbekistonning ikkinchi strategik dasturi – 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasidir. Ushbu dasturilamal hujjat doirasida bir qator konsepsiya va dasturlar, 13 ta kodeks, 12 ta qonun, ya’ni har bir ustuvor yo‘nalishda zarur qonun hujjatlari qabul qilinishi ko‘zda tutilgan.
Taraqqiyot strategiyasi ijrosi yo‘lida 2022-2023 yillarning o‘zidayoq yettita ustuvor yo‘nalishda bajarilgan ishlar ko‘lami va miqyosi tahsinga sazovor. Yangi O‘zbekiston poydevorini tiklash va binosini qurishga qaratilgan buyuk bunyodkorlik jarayonlari izchil davom etmoqda.
«Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak» degan tamoyil faoliyatimiz dasturiga aylandi. Mamlakatimiz pandemiya va global inqirozning salbiy ta’sirlariga qaramasdan, erkin, obod va farovon hayot qurish yo‘lidan dadil odimlamoqda.
Prezidentimiz qayd etganidek, «Biz intilayotgan Yangi O‘zbekistonni barpo etish, Uchinchi Renessans poydevorini yaratish oson emas. Bunday ulug‘ vazifaning sharti va mezonlari ko‘p. Ammo eng muhim va hal qiluvchi omil – bu demokratik islohotlar yo‘lidir. Shu bois xalqimiz manfaatiga to‘la javob beradigan bu yo‘ldan hech qachon ortga qaytmaymiz. Qanchalik qiyin bo‘lmasin, faqat oldinga qarab boramiz».
Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini amalga oshirishda «Inson qadri» g‘oyasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Inson qadri degani, sodda qilib aytganda, insonni ulug‘lash va insonlar o‘rtasidagi o‘zaro mehr-muhabbatni qadrlashdir. «Inson qadri» tushunchasi – insonning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari har tomonlama ta’minlanishini ham o‘zida qamraydi.
Yangi O‘zbekistonning uchinchi strategik dasturi – 2023 yilgi saylov kampaniyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev e’lon qilgan saylovoldi dasturiga asoslanadi.
Dasturda hayotimizning eng ustuvor yo‘nalishlarini qamragan beshta asosiy maqsad haqida so‘z boradi. Ya’ni: birinchi maqsad – ta’lim yo‘nalishi; ikkinchi maqsad – barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash; uchinchi maqsad – suv resurslarini tejash va atrof muhitni muhofaza qilish; to‘rtinchi maqsad – qonun ustuvorligini ta’minlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish; beshinchi maqsad – Qurolli Kuchlarimizning harbiy salohiyatini yanada oshirishdan iborat.
Har bir maqsad muayyan chora-tadbirlar va qat’iy vazifalarni ko‘zda tutadi. Bu vazifalarning ko‘lami va miqyosi qanchalik qamrovdor bo‘lsa, ijrosini ta’minlash mexanizmlari shunchalik aniq.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning uchala strategik dasturi ham yurtdoshlarimiz va xalqaro hamkorlar taklif-tavsiyalari asosida ishlab chiqilgan. Shuning uchun ular nihoyatda xalqchil va amaliydir.
Bu strategik dasturlar davlatimiz va jamiyatimiz hayotining barcha sohalarini tugal qamrab olgan. Ushbu dasturlardagi chora-tadbirlarning amalga oshirilishidan yurtimizdagi har bir insonga – qulay imkoniyat, muayyan yengilliklar, moddiy va ma’naviy manfaat yetsa, o‘z navbatida, har qaysi oila va xonadon obodlik, to‘kinlik, fayz va baraka topadi.
Eng asosiysi, dunyoda koronavirus pandemiyasi va iqtisodiy inqiroz, keskin raqobat, turli qarama-qarshilik va ziddiyatlar tufayli yuzaga kelgan g‘oyat og‘ir va murakkab vaziyatda Yangi O‘zbekistonni barpo etish va uni jahonga tarannum qilish yo‘lida g‘oyat muhim natijalarga erishilmoqda.
O‘zbekistonning bunday tarixiy yutuqlari xalqaro jamoatchilik tomonidan e’tirof etilmoqda. Zero, vatandoshlarimizning ongu tafakkuri, dunyoqarashi o‘zgarib, xalqimiz islohotlar samarasini kundalik hayotida tobora teran his qilib yashamoqda.
Mustaqillik yillarida, ayniqsa, keyingi davrda fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash hamda inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlarni milliy qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotida amalga oshirish xalq uchun farovon hamda munosib turmush sharoitini yaratishga yo‘naltirilgan demokratik islohotlarning asosiy mezoniga aylandi. Ayniqsa, oxirgi ikki yilda amalga oshirilgan konstitutsiyaviy islohot natijalari bu oliyjanob mezonni yanada yuksak bosqichlarga ko‘tardi.
Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, jumladan, mamlakatimiz suvereniteti va xalqimiz mustaqilligining mazmun-mohiyati va ahamiyatini yanada qat’iy ta’kidlashga qaratilgan yangi normalar bilan boyitilib, mavjud konstitutsiyaviy qoidalari kengaytirildi.
Endilikda Konstitutsiyamizning 1-moddasi mana bunday yangicha mazmunda jaranglaydi:
«O‘zbekiston – boshqaruvning respublika shakliga ega bo‘lgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat.
Davlatning «O‘zbekiston Respublikasi» va «O‘zbekiston» degan nomlari bir ma’noni anglatadi».
Konstitutsiyamizning 18-moddasida o‘z aksini topgan mana bu normalar eski matnda mavjud emasdi:
«O‘zbekiston Respublikasi davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan ikki va ko‘p tomonlama munosabatlarni har taraflama rivojlantirishga qaratilgan tinchliksevar tashqi siyosatni amalga oshiradi.
O‘zbekiston Respublikasi davlatning, xalqning oliy manfaatlaridan, uning farovonligi va xavfsizligidan kelib chiqqan holda ittifoqlar tuzishi, hamdo‘stliklarga va boshqa davlatlararo tuzilmalarga kirishi hamda ulardan chiqishi mumkin».
Bosh Qomusimizning 19-moddasi quyidagi birinchi band bilan to‘ldirildi:
«O‘zbekiston Respublikasida insonning huquq va erkinliklari xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalariga binoan hamda ushbu Konstitutsiyaga muvofiq e’tirof etiladi va kafolatlanadi. Inson huquq va erkinliklari har kimga tug‘ilganidan boshlab tegishli bo‘ladi».
Mazkur konstitutsiyaviy normalarda, bir tomondan, O‘zbekiston davlati va xalqining mustaqilligi, suvereniteti, egamenligiga asosli ravishda urg‘u berilgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, insonning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini yanada mustahkam kafolatlash nazarda tutilgan.
Muxtasar aytganda, istiqlol yillarida jonajon Vatanimiz qanday suronli davrlarni boshidan kechirgan, mehnatkash xalqimiz qanday salmoqdor yutuqlarga erishgan bo‘lsa – bularning barchasida mustaqillik ruhi va g‘oyasi bizga doimo tog‘dek tayanch bo‘lib kelmoqda. Shu ma’noda, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, «Bizning insoniy qadr-qimmatimizni, g‘urur va sha’nimizni, dinu diyonatimizni, milliy davlatchiligimizni tiklab bergan Mustaqillik kuni Vatanimizning shonli tarixida hamisha eng yorqin sahifa bo‘lib qoladi».
G‘ulom MIRZO,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist
“Guliston” jurnali,
2023 yil, 4-son
- Qo'shildi: 28.08.2023
- Ko'rishlar: 3981
- Chop etish