24 avgust kuni Samarqand shahrida “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajribalar” mavzusida seminar-trening o‘tkazildi. Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy masalalar bo‘yicha departamenti hamda O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov videomurojaat orqali ishtirokchilarni qutlar ekan, mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan tizimli va ko‘lamdor ishlarga to‘xtaldi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 57-moddasida belgilanganidek, “Mehnatga layoqatsiz va yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand boshqa toifalarining huquqlari davlat himoyasidadir”.
Seminarda BMT Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini O‘zbekistonda amalga oshirish bo‘yicha 2023–2025 yillarga mo‘ljallangan Milliy harakatlar rejasida belgilangan “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy uy-joy bilan ta’minlash instituti”ni milliy qonunchilikka kiritish mexanizmlari ko‘rib chiqildi. Bu boradagi xorijiy davlatlar qonunchiligi va tajribasi hamda ayni amaliyotdan milliy qonunchilikni takomillashtirishda foydalanish istiqbollari bo‘yicha fikr almashildi.
Muhokamalarda "universal dizayn" modelini joriy etish bo‘yicha xorijiy tajribani o‘rganish muhimligiga e’tibor qaratildi. Ushbu model Yevropaning bir qator mamlakatlarida muvaffaqiyatli qo‘llanayotgani, uning asosiy prinsipi barcha fuqarolar, jumladan nogironligi bo‘lgan shaxslar ehtiyojlarini hisobga olgan holda turar-joy majmualarini qurish va moslashtirishdan iboratligi alohida ta’kidlandi.
Tadbirda davlat organlari xodimlari, nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari hamda xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 28.08.2023
- Ko'rishlar: 5041
- Chop etish