BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasidan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi nomiga minnatdorlik xati keldi. Unda O‘zbekiston Hukumatiga Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligiga oid tadbirlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng qamrovli dastur uchun minnatdorlik izhor etilgan.
Maktubda O‘zbekiston Prezidenti tomonidan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 75 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar dasturi tasdiqlangani va keng qamrovli ushbu Dasturda O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi majburiyatlari bajarilishiga oid ustuvor sa’y-harakatlarga alohida e’tibor qaratilgani olqishlangan.
BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi 75 yilligini birgalikda nishonlashga oid taklifini qo‘llab-quvvatlagani uchun O‘zbekiston Hukumatiga mazkur Boshqarma nomidan minnatdorchilik bildirilgan.
Shuningdek, «BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi ta’limni rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlarini va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori hamda uni bajarish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” qabul qilinganini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu – O‘zbekistonda inson huquqlari sohasidagi ta’limni rivojlantirish borasida boshlab yuborilgan amaliy ishlarni davom ettirishning hal qiluvchi omilidir», deyiladi maktubda.
Xatda ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Hukumati va BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi hamda uning Markaziy Osiyo uchun mintaqaviy bo‘linmasi o‘rtasidagi hamjihatlik va amaliy muloqotlar O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi majburiyatlarini bajarishi yo‘lida samarali hamkorlikni ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi. Maktubda O‘zbekistonning bu sohadagi ezgu intilishlari kelgusida ham izchil qo‘llab-quvvatlanishi qayd etilgan.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati
- Qo'shildi: 06.09.2023
- Ko'rishlar: 4495
- Chop etish