Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

Islom sivilizatsiyasi: Movarounnahrning buyuk ma’naviy va ilmiy merosi hamda ma’rifat ufqlari

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Jenevadagi qarorgohida 2026-yil 22-oktyabrda xuddi shu mavzuda xalqaro ilmiy konferensiya bo‘ldi. Movarounnahrning buyuk ma’naviy va ilmiy merosi hamda uning zamonaviy dunyo uchun boqiy ahamiyatiga bag‘ishlangan ushbu nufuzli xalqaro anjumanda ishtirok etish hamda so‘zga chiqish sharafi kaminaga nasib etdi.

Fursatdan foydalanib, avvalambor, islom sivilizatsiyasining jahon ilm-fani, ta’limi, madaniyati va axloqiy tafakkuri rivojiga qo‘shgan hissasi borasidagi xalqaro muloqotni mustahkamlashga qaratilgan muhim tashabbus uchun konferensiya tashkilotchilariga samimiy minnatdorlik bildiraman. Binobarin, shu asnoda biz Jenevada — xalqaro hamkorlik va ko‘p tomonlama diplomatiyaning eng muhim markazlaridan birida to‘planish hamda o‘zaro qizg‘in fikrlashish imkoniga ega bo‘ldik.

Aynan shu yerda xalqlarning ma’naviy va intellektual merosi insoniyatni bir-biridan ajratmasligi lozimligini ta’kidlash ayniqsa o‘rinlidir. Aksincha, bu olamshumul meros madaniyatlar, sivilizatsiyalar va avlodlar o‘rtasida mustahkam ko‘prik bo‘la oladi.

Movarounnahr shunchaki tarixiy-geografik makon emas. U insoniyatning ilmiy izlanish, dunyoni falsafiy anglash va ma’naviy-ma’rifiy yuksalish an’analari shakllangan buyuk tafakkur beshiklaridan biridir.

Asrlar davomida mintaqamiz mutafakkirlari jahon ilm-fanini boyitib, falsafa, matematika, tibbiyot, astronomiya, ilohiyot va axloqiy tafakkurni rivojlantirib keldilar. Ularning merosi sivilizatsiyaning chinakam ulug‘vorligi faqat moddiy yutuqlar bilan emas, balki, eng avvalo, insonning haqiqatni anglash, aqlni charxlash va jamiyat manfaati yo‘lida xizmat qilish qobiliyati bilan belgilanishidan dalolat beradi.

Ushbu merosda asarlari insoniyat ma’naviy va intellektual tarixining ajralmas qismiga aylangan buyuk allomalar — Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy alohida o‘rin tutadi.

Imom Buxoriy ilmni yetkazishda ishonchlilik, ilmiy xolislik va mas’uliyatning yuksak mezonlarini o‘zida mujassam etgan. U zotning merosi bizga manbalarni tekshirish, ilmiy halollik va haqiqatga ehtirom ko‘rsatish naqadar muhimligini eslatib turadi.

Imom Moturidiy esa iqtidor va e’tiqod uyg‘unligini, mo‘tadillik tamoyillarini hamda ratsional tafakkur o‘rnini anglashda alohida ahamiyatga ega bo‘lgan teran intellektual meros qoldirgan. Allomaning g‘oyalari vazmin yondashuv, o‘zaro hurmat va muloqotning ahamiyatini yangicha baholash imkonini beradi.

Imom Termiziy hadisshunoslik rivoji va islom olami ma’naviy an’analarining shakllanishiga ulkan hissa qo‘shgan. Uning ilmiy faoliyati bilimlarni tizimlashtirish, tadqiqot madaniyati va intellektual an’analar vorisiyligi nechog‘lik muhim ekanini ko‘rsatib beradi.

Ushbu ulug‘ allomalarning merosiga murojaat qilar ekanmiz, biz nafaqat tarixga yuzlanamiz, balki bugungi kunda ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan mana bu savollarga javob topamiz: bilimning ishonchliligini qanday saqlab qolish, jamiyatning axloqiy asoslarini qanday mustahkamlash, insonlarni bir-biriga yaqinlashtirish yo‘lida ilm-fan va madaniyat yutuqlaridan qanday foydalanish mumkin?

Shu nuqtayi nazardan, Movarounnahr va Markaziy Osiyoning boshqa buyuk mutafakkirlari ilgari surgan g‘oyalar alohida e’tiborga molikdir. Jumladan,  Ab-u Nasr Forobiy fozil jamiyat haqidagi ta’limotida o‘zaro yordam va umumiy farovonlikka intilishni jamiyat kamolotining eng muhim shartlari sifatida ko‘rgan.

Forobiyning bu boradagi fikriga ko‘ra, “Agar xalqlar saodatga erishish yo‘lida bir-biriga ko‘maklashsa, butun dunyo fozil bo‘lajak”.

Ko‘p asrlar muqaddam ilgari surilgan ushbu g‘oya zamonaviy xalqaro hamkorlik tamoyillariga hayratlanarli darajada hamohangdir. U bizga barqaror tinchlik va insoniyat farovonligiga faqat o‘zaro hurmat, hamjihatlik va umumiy mas’uliyat asosidagina erishish mumkinligini eslatadi.

Ilmiy qiziqishlarining kengligi hamda boshqa xalqlar va madaniyatlarni xolisona o‘rganishga intilishi bilan shuhrat qozongan buyuk qomusiy olim, tarixchi va tadqiqotchi Ab-u Rayhon Beruniy merosi ham bundan kam ahamiyatga ega emas. Beruniy o‘zining “Hindiston” asarida shunday yozgan: «Yolg‘ondan saqlanib, doimo haqiqatni mahkam tutgan insongina maqtovga sazovordir».

Ushbu so‘zlar ilmiy faoliyatning tub tamoyillarini — dalillarga hurmat, xolislik va intellektual halollikni o‘zida aks ettiradi. Insoniyat yolg‘on ma’lumotlar tarqalishi hamda jamoatchilik fikridagi ziddiyatlarning kuchayishi bilan yuzma-yuz kelayotgan bugungi davrda mazkur tamoyil alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Yevropa an’anasida Avitsenna nomi bilan tanilgan buyuk mutafakkir va tabib Ibn Sino ham inson kamolotini haqiqatni anglash va ezgulikka intilish bilan bog‘lagan. Ilmiy tarjimada uning bu falsafiy fikri quyidagicha ifodalangan:

«Oqil mavjudot sifatida insonning kamoloti haqiqatni haqiqatning o‘zi uchun, ezgulikni esa uni ro‘yobga chiqarish va unga erishish uchun anglashdan iboratdir».

Ushbu fikrda teran insonparvarlik ma’nosi mujassam. Ya’ni, bilim nafaqat o‘z-o‘zidan, balki insonning kamol topishiga, mas’uliyatli qarorlar qabul qilishiga va jamiyatga naf keltirishiga ko‘maklashishi tufayli ham boqiy qimmatga ega.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, ziddiyatlar, ishonchsizlik, toqatsizlik hamda madaniyatlar va dinlarni bir-biriga qarama-qarshi qo‘yishga urinishlar bilan to‘qnash kelayotgan zamonaviy dunyoda ma’rifat, mo‘tadillik va o‘zaro hurmat g‘oyalari alohida dolzarblik kasb etmoqda.  Zero, bilim insonlarni birlashtirishi, ta’lim o‘zaro hamjihatlik ufqlarini kengaytirishi, madaniy meros esa sivilizatsiyalar o‘rtasida ko‘prik vazifasini o‘tashi lozim.

Shuning uchun ham Movarounnahr merosini o‘rganish bitta mintaqa yoki alohida bir ilmiy an’ana doirasi bilan cheklanib qolmaydi. Bu jarayon insoniyatning mushtarak intellektual ildizlarini yanada chuqur anglash hamda turli madaniyatlar o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash uchun keng imkoniyatlar yaratadi.

Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025-yilda BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasidagi nutqida ilgari surilgan Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziyning boy ilmiy-ma’naviy merosini xalqaro maydonlarda keng namoyish etish tashabbusi alohida ahamiyat kasb etadi.

Mazkur tashabbus O‘zbekistonning xalqaro ilmiy va madaniy hamkorlikni kengaytirish, o‘z tarixiy merosini yanada keng o‘rganishni ta’minlash hamda uning butun insoniyat uchun boqiy ahamiyatini ochib berishga bo‘lgan intilishini aks ettiradi.

Ushbu ulug‘vor vazifani amalga oshirishda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tobora muhim o‘rin tutmoqda. Binobarin, uning vazifasi faqat tarixiy yodgorliklar va qo‘lyozmalarni saqlash bilangina cheklanib qolmaydi. Markaz ilmiy tadqiqotlar, ta’lim, madaniy almashinuv va xalqaro hamkorlikning zamonaviy maskaniga aylanishi ko‘zda tutilgan.

Tabiiyki, bu muhim jarayonda merosni asrab-avaylash faqat moddiy yodgorliklarni muhofaza qilish bilan cheklanmasligi kerak. Qo‘lyozmalarni ilmiy tadqiq etish, akademik almashinuvlarni rivojlantirish, tarixiy manbalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish hamda yosh tadqiqotchilarni o‘tmishning intellektual an’analarini o‘rganishga jalb etishni ham izchil ta’minlash zarur.

Ishonchimiz komilki, bu sohadagi xalqaro hamkorlik ilm-fan va ta’limni rivojlantirish, madaniyatlararo muloqotni mustahkamlash hamda umuminsoniy qadriyatlarni ilgari surishga salmoqli hissa qo‘shishga qodir. Biz esa shu o‘rinda 3 ta ustuvor yo‘nalishga alohida e’tibor qaratishni lozim topdik.

Birinchidan, akademik xolislik, fanlararo yondashuv va o‘zaro ochiq bilim almashish asosida Movarounnahr merosiga oid xalqaro ilmiy tadqiqotlar ko‘lamini kengaytirish taqozo etiladi.

Ikkinchidan, tarixiy-madaniy merosni asrab-avaylash, o‘rganish va ommalashtirish maqsadida universitetlar, ilmiy markazlar, muzeylar, kutubxonalar hamda xalqaro tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash ayni muddaodir.

Uchinchidan, yoshlarni tanqidiy fikrlash, bag‘rikenglik va mas’uliyat hissini rivojlantirishga xizmat qiladigan ilm-fan tarixi, falsafa, ma’naviy madaniyat hamda intellektual an’analarni o‘rganishga faol jalb etish lozim bo‘ladi.

Aminmizki, aynan ta’lim, ilmiy muloqot va madaniy xilma-xillikka bo‘lgan hurmat orqali biz jamiyatlar o‘rtasida o‘zaro ishonchni mustahkamlashimiz hamda tinchlik va barqaror taraqqiyot uchun yanada mustahkam poydevor yaratishimiz mumkin.

Muxtasar aytganda, Movarounnahrning buyuk merosi O‘zbekiston tarixiga mansub bo‘lishi bilan birga, umumbashariy boylikning ajralmas qismi hamdir. Uni o‘rganish va asrab-avaylash — umumiy mas’uliyatimiz, uning insonparvarlik salohiyatini to‘laqonli namoyon etish esa hozirgi va kelajak avlodlar oldidagi eng muhim vazifadir.

Shu jihatdan Jenevada o‘tkazilgan ma’rifiy anjuman xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirish, madaniyatlar o‘rtasidagi o‘zaro anglashuvni mustahkamlash hamda fan, ta’lim va madaniy merosni asrab-avaylash sohasida yangi qo‘shma loyihalarni rivojlantirish yo‘lida yana bir muhim qadam bo‘lgani tahsinga loyiq. Tilagimiz shuki, o‘tmishning buyuk mutafakkirlari donishmandligi bundan buyon ham bizni bunyodkorlikka, hamkorlikka va umumiy ezgulik yo‘lida xizmat qilishga hamisha ilhomlantirib tursin.

 

Akmal Saidov,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori,

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi a’zosi, akademik

«Hurriyat»-gazetasining-2026-yil 4-noyabr kungi 44 (1522)-soni

Nashr sanasi 04.11.2026 Ko'rishlar 55
Ulashish